Yurtimizda oliy o‘quv muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha test sinovlari boshlandi, deb xabar bermoqda O’zbekiston milliy axborot agentligi.
Oliy ta’lim tizimidagi o‘qitishni sifat jihatdan yanada takomillashtirish masalasi doimiy e’tiborda bo‘lib kelmoqda. Abituriyentlar uchun ko‘plab yangiliklar joriy etildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan test sinovlarini belgilangan talab va me’yorlar asosida o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi.
Test sinovlari o‘tkaziladigan binolarga borish yo‘nalishlarida yo‘l ko‘rsatgichlari o‘rnatilib, har bir hududda test sinovlari jarayoni uchun zarur axborot, texnik, tibbiy va maishiy sharoitlar yaratilishiga jiddiy ahamiyat berildi. Xususan, abituriyentlarning hudud tashqarisidagi va ichkarisidagi to‘planish joylarida soya-salqin joylar – maxsus soyabonlar, “mikroklimat” tizimi tashkil etildi.
Yo‘lovchi tashuvchi transportlarning o‘z vaqtida va uzluksiz qatnovi ta’minlanmoqda. Bino rahbarlari va guruh nazoratchilarining test sinovlariga belgilangan vaqtda yetib kelishini ta’minlash uchun barcha tashkiliy ishlar – transport, yig‘ilish joylarini va vaqtini belgilab olish kabi tadbirlar amalga oshirilmoqda. Test sinovlari o‘tkaziladigan hududlarda tibbiy navbatchilik yo‘lga qo‘yilgan. Test o‘tkaziladigan binolar kuzatuv kameralari va shaxsni identifikatsiyalash vositalari bilan jihozlandi.
Test sinovlarining umumiy jarayoni DTM tomonidan ruxsat berilgan Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi a’zosining kuzatuvi ostida abituriyentlarga xalaqit bermagan holda birinchi smenada10:00 dan 10:20 gacha, ikkinchi smenada 17:00 dan 17:20 gacha bo‘lgan vaqtlarda ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan suratga olinishiga ruxsat etiladi.
Davlat test markazi ma’lumotiga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 60 oliy ta’lim muassasasi va ularning 30 filialiga kirish uchun 1 million 66 ming 925 abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning 718 ming 97 nafari kunduzgi ta’lim shakliga, 13 ming 821 nafari kechki ta’lim shakliga, 335 mingdan ziyodi sirtqi ta’lim shakliga hujjat topshirgan.
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.