BUYUK BRITANIYANING ETAKCHI OKSFORD UNIVERSITETIDA NAVRO‘Z BAYRAM TADBIRI O‘TKAZILDI

14.03.2023

«El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiati tomonidan Oksford universitetida Navro‘z bayram tadbiri o‘tkazildi.

Xalqimiz asrlar davomida katta tantanalar bilan nishonlab kelayotgan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram sifatida belgilangan Navro‘zi olam eng ardoqli milliy bayramlarimizdan biri hisoblanadi.

Ma’lumki, Navro‘z umumxalq bayrami tadbirlari bu yil mamlakatimizda “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oya asosida o‘tkazilmoqda.

Bunda, asosiy e’tibor mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish va inson qadrini ulug‘lash maqsadida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqimizning hayoti, dunyoqarashida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni Navro‘zning azaliy qadriyat va an’analari bilan muvofiq tarzda aks ettirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Dunyoning eng nufuzli universitetlaridan biri bo‘lmish The Times Higher Education (THE ) ‘World University Rankings’da 1-o‘rinda turuvchi Buyuk Britaniyaning Oksford universitetida tahsil olayotgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati Mushtariy Madrahimova tomonidan O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonning xorijdagi imijini yanada oshirish, mamlakatimiz tarixi, madaniy merosi, an’analari va qadriyatlarini keng targ‘ib qilishga qaratilgan Navro‘z bayrami tadbiri o‘tkazildi.

Ta’kidlash lozimki, tashkil etilgan ushbu tadbirda 100ga yaqin universitetda tahsil olayotgan turli davlatlardan kelgan talabalar va ushbu universitetda tadqiqot olib borayotgan professorlar ishtirok etdi.

Mushtariy tomonidan tadbirda Navro‘zning tarixi va mohiyati, uni nishonlash bo‘yicha shakllangan urf-odat va an’analar, bilan birgalikda O‘zbekistonning boy madaniy tarixi, turistik salohiyati Universitet jamoasiga atroflicha yetkazildi.

Oksford universitetida tashkil etilgan ushbu bayram tadbirida, milliy taomlarimiz, ko‘klam taomlari va shirinliklarimiz dasturxonga tortildi, Navro‘z bayramining eng muhim taomi bo‘lgan sumalak ayniqsa universitet jamoasiga manzur bo‘ldi.

Tadbirda shuningdek, qadimiy urf-odatlarimiz ko‘rsatib berildi, madaniy merosimizning yorqin namunalari bo‘lgan kuy va qo‘shiqlar, raqslar, jumladan Xorazm lazgisi ijro etildi.

Hozirda turli sabablarga ko‘ra chet elda bo‘lib turgan hamyurtlarimiz tomonidan bu kabi tadbirlarning tashkil etilishi, xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati va ezgu qadriyatlarini xorijiy davlatlar fuqarolariga yetkazishda muhim ahamiyatga ega.

Tadbir yakunida tadbir ishtirokchilari tomonidan yurtimizga tashrif buyurish istaglari borligini ta’kidlab, mamlakatimiz tarixi, madaniy merosi, an’analari va qadriyatlarini o‘rganishga qiziqish bildirdilar. Bunday tadbirlar doimiy ravishda Jamg‘armaning boshqa stipendiatlari tomonidan ham o‘tkazilib boriladi.

Batafsil ma’lumot.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

nineteen − 14 =