«COSPAR» VA «NASA» TASHKILOTLARI HAMKORLIGIDAGI SEMINAR O‘Z ISHINI BOSHLADI

26.08.2024

Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi institutida YUNESKO ning Koinot tadqiqotlari qo‘mitasi (COSPAR – Committee on Space Research, Fransiya), NASA (AQSH Milliy aeronavtika va koinot boshqarmasi), ISWI (Kosmik ob-havo xalqaro tashkiloti, Fransiya), SCOSTEP (Quyosh-Yer fizikasi bo‘yicha ilmiy qo‘mita, AQSH), URSI (Xalqaro radiotexnika ittifoqi, Belgiya) bilan hamkorlikda “COSPAR Capacity Building Workshop” xalqaro ilmiy seminar o’tkazilmoqda.

Nufuzli anjumanning asosiy maqsadi rivojlanayotgan mamlakatlar olimlari tomonidan kosmik ma’lumotlardan ilmiy maqsadda foydalanishni rag‘batlantirishdan iborat.

Xalqaro seminarda AQSH, Fransiya, Hindiston, Shveysariya, Ispaniya kabi davlatlardan 10 dan ortiq olimlar ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.  

Xalqaro ilmiy seminar dasturi doirasida ma’ruza va amaliy mashg’ulotlar dunyoning yetakchi ilmiy markazlari professorlari, Nat Gopalswamy (NASA, Goodard Space Flight Center (GSFC)), Seiji Yashiro (NASA, GSFC), Pertti Makela (NASA, GSFC), Nandita Srivastava (Physical Research Laboratory, India), Kathiravan Chidambaram (Indian Institute of Astrophysics, India), Christian Monstein (IRSOL, Switzerland), Javier Bussons Gordo (University of Alcala, Spain), Wageesh Mishra (Indian Institute of Astrophysics, India) tomonidan amalga oshirilmoqda.

Ikki hafta davom etishi belgilangan seminarda magistr, doktorant va tadqiqotchilardan jami 40 nomzod tinglovchi sifatida saralab olingan. Shundan, 20 tasi O’zbekistonlik bo’lib, qolgan 20 nafari AQSH, Hindiston, Turkiya, Misr, Ozarbayjon, Malayziya, Pokiston, Shri-Lanka, Jazoir, Qozog‘iston, Tojikiston kabi 11 davlat vakillaridan iborat.

Seminar davomida SamDU Yadro fizikasi va astronomiya o’quv-ilmiy markazida muhandis olimlar tomonidan quyosh radiospektrometr qurilmasi va radioantennaning o’rnatilishi va xalqaro tarmoqga ulanishi rejalashtirilgan.

Carlos Gabriel, YUNESKO ning Xalqaro ilmiy kengashi qoshidagi Kosmik tadqiqotlari qoʻmitasi (COSPAR) raisi, professor:

 – Mazkur xalqaro seminar rivojlanayotgan mamlakatlar olimlari va tadqiqotchilari uchun muhim. Chunki, COSPAR ilm-fan bilan shug’ullanish imkoniyatlarini yanada oshirishga harakat qiladi. Samarqand davlat universiteti yuqori ilmiy salohiyatga, boy moddiy texnik bazaga ega. Shuning uchun ham anjumanni Samarqandda o’tkazishga qaror qildik. Mazkur anjuman Markaziy Osiyoda ilk bor o’tkazilmoqda. Anjuman sabab O’zbekiston COSPAR ning 70 ta davlati roʻyxatiga kiritildi. Seminar yuqori saviyada o’tmoqda.

 Nat Gopalswamy, NASA Goddard kosmik parvozlar markazi vakili, professor:

 – Xalqaro seminarda kosmik ob-havo bo’yicha, ya’ni quyoshdan toj massasining chiqarilishi, koronal massa tashlanmalari natijasida yuzaga keladigan zarba to’lqinlari haqida ma’ruza qildim. Biz bu koronal massa tashlanmalarini o’rganishimiz juda muhim, chunki ular zarracha nurlanishini va geomagnit bo’ronlarni keltirib chiqarishi kabi Yerning kosmik muhitida g’alayonlanishlarga olib keladi. Va bu g’alayonlanishlar aslida koinotdagi inson texnologiyasiga ta’sir qiladi. Masalan, sun’iy yo’ldoshlar zarracha nurlanishidan zarar ko’rishi mumkin. Shunday qilib, biz bu zarracha nurlanishining kelib chiqishini koronal massa tashlanmalari va zarbalarni o’rganish orqali o’rganamiz.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

four × 2 =