DAVLAT STIPENDIANTLARI INSAYTLARI

23.05.2023

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O’zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag’batlantirish to’g’risida”gi qaroriga muvofiq har yili davlat oliy ta’lim muassasalarining faol va “a’lo”ga o’qiyotgan talabalariga bir qator nomdor stipendiyalar tayinlanib kelinmoqda.

Biz esa bugun bu kabi stipendiyalarga topshirishdagi tanlov shartlari va asosiy jihatlari haqida O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti Tarjimonlik fakulteti talabasi, Prezident stipendiyasi sohibasi Charos Raximova bilan suhbatlashdik.

—Assalomu alaykum, Charos opa, bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar nomdor stipendiyalarga,ya’ni davlat stipendiyalariga hujjat topshirishga qiziqishadi va ularda, tabiiyki, bu bo’yicha savollar ko’p. Shuning uchun stipendiant sifatida bizning bir qancha savollarimizga javob bersangiz. Nomdor stipendiyalarga asosan nechanchi kursdan topshirish kerak?

—Nomdor stipendiyalarga, asosan, 2-kursdan topshirish kerak. Chunki stipendiya nizomiga ko’ra, 1-kurs talabalari bu tanlov uchun hujjat topshirishlari mumkin emas. Bizning universitetda, ya’ni O’zbekiston davlat jahon tillari universitetida bir qancha stipendiyalar, jumladan, Faynberg stipendiyasi, Navoiy stipendiyasi, Prezident stipendiyasiga topshirish mumkin.

—Qatnashishdagi va tanlov bosqichlaridagi asosiy talablardan biri bu baholarmi yoki ijtimoiy faollikmi? Asosan qanday jihatlar inobatga olinadi?

—Hozir talab faqat baholar emas, faollik ham kerak. Chunki tanlov paytida yig’ilgan sertifikatlarga qaraladi va o’sha sertifikatlar turlarga ajratiladi. Ya’ni ommaviy tadbirlarda olingan sertifikatlar, xalqaro va respublika miqyosida qo’lga kiritilgan va faollik sertifikatlariga. Hamda talabaning har bir fan bo’yicha reyting baholari hisobga olinadi. Bunda “3” baho umuman bo’lmasligi kerak, “4” baho ham, hatto, qatnashmasligi kerak deb aytilgan.

Undan tashqari, ayni paytda eng dolzarb masala IELTS bo’lib qolgan. Shuning uchun IELTS xalqaro sertifikatidan yuqori ballni qo’lga kiritish (raqobatchilaridanda ko’proq ballga ega bo’lish) lozim.

—Prezident stipendiyasi qancha muddat uchun beriladi va hozirgi kunda uning miqdori qancha?

—Prezident stipendiyasi bir yil muddatga beriladi. Ya’ni qaysi o’quv yilida olingan bo’lsa, o’sha yil to’liq to’lab beriladi. Stipendiyaning bir oylik summasi hozirgi kunda ikki yarim million so’mni tashkil etadi. Navoiy stipendiyasi esa bir yarim million so’m miqdorida beriladi.

—Bu safar o’tkazilgan Prezident stipendiyasining so’nggi bosqich natijalari e’lon qilinishining kechikishi va tanlovning cho’zilib ketishi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda turli fikrlar aytildi, siz bu masalaga nima sabab deb o’ylaysiz?

—Hammada har xil vaziyat bo’ladi. Shaxsan men bu jarayonni nega kechikkanini bilmayman. Universitetdagi tadbirlar, oliy  ta’lim bergan buyruqlar asosida hamma jarayonlar o’z vaqtida bo’ladi. Cho’zilib ketishiga sabab vazirlik (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi) hamma universitetlarning hujjatlarini tekshirishga ketgan vaqti bo’lishi mumkin. Vaholanki, bizda ham bu holat bo’lgan va bu har doimgi jarayonlardan hisoblanadi. Chunki u yerga yuzlab hujjatlar keladi hamda buncha hujjatni tekshirish jarayoni ko’p vaqtni o’z ichiga oladi.

—Nomzod sifatida shunday stipendiyalarga topshirmoqchi bo’lgan  talabalarga tavsiyalaringiz va maslahatlaringiz?

—Nomzod sifatida bo’lajak stipendiantlarga tavsiyalarim, birinchi navbatda, ilmiy rahbar tanlashlari kerak, tadbirlarda faol bo’lishlari kerak, forumlarga a’zo bo’lish, xalqaro konferensiyalarga qatnashish lozim. Faolligini o’z loyihalari bilan ko’rsatishi lozim hamda nizomda ko’rsatilgan hujjatlarni bosqichma-bosqich yig’ishi talab qilinadi. Asosiysi, baholarida, ya’ni reyting daftarchasida “3” va “4” baholar bo’lmasligi lozim.

— Ma’lumotlar uchun sizga katta raxmat, Charos opa. Bundanda yuksak yutuqlarga erishishingizga tilakdoshmiz.

— Raxmat, salomat bo’ling.

Nodira Ibrohimova suhbatlashdi,
O’zDJTU, Media va kommunikatsiya fakulteti 2-bosqich talabasi

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

5 + nineteen =