“DAVLAT XIZMATLARI – HAYOTIY ZARURAT” MAVZUSIDA TANLOV E’LON QILINDI

06.01.2021

Oʻzbekistonda davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini rivojlantirish, koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari toʻgʻrisida keng jamoatchilikning xabardorligini oshirish, shuningdek, Davlat xizmatlari markazlari faoliyati va butun respublika boʻylab www.my.gov.uz portali orqali davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari bilan bogʻliq dolzarb masalalarga ommaviy axborot vositalarining eʼtiborini jalb qilish maqsadida jurnalistlar va blogerlar uchun milliy tanlov oʻtkaziladi.

Ushbu tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va Oʻzbekistondagi BMTTDning “Oʻzbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlarini taqdim etishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” qoʻshma loyihasi doirasida, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, BMTTDning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi saʼy-harakatlari bilan tashkil qilinmoqda.

Maqsadli auditoriya (ishtirokchilar): ish joyidan qatʼi nazar, mamlakatimizning barcha viloyatlarida faoliyat yurituchi 18 yoshdan katta jurnalistlar, mualliflar va blogerlar (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlarning shaharlari va tumanlari, Toshkent shahri).

Tanlov haqida qisqacha maʼlumot:

Mazkur tanlov 2021-yil 1-yanvardan 5-maygacha boʻlib oʻtadi. Gʻoliblarni saralash mustaqil hakamlar hayʼati tomonidan materiallarni ekspert baholash orqali amalga oshiriladi.

Tanlovning hakamlar hayʼati taqdim etilgan tanlov materiallarning dolzarbligi, mavzuni ochib berish koʻlami, muallifning kasbiy mahorati, badiiy ifodalash sanʼati kabi omillarni hisobga olgan holda baholaydi va har bir nominatsiya boʻyicha uchta gʻolibni aniqlaydi.

Tanlov gʻoliblari hakamlar hayʼati aʼzolari tomonidan berilgan baholarning yigʻindisi boʻyicha aniqlanadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda, hakamlar hayʼati raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. 2021-yilning 30-apreligacha taqdim etilgan tanlov materiallariga muvofiq, har bir nominatsiya boʻyicha tanlov hakamlar hayʼati yigʻilishining tanlov natijalari hakamlar hayʼati raisi va kotibi tomonidan imzolanadigan bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.

Natijalar 2021-yil 5-may kuni eʼlon qilinadi.

Tanlov doirasida 5 ta nominatsiya boʻyicha jurnalistlar, mualliflar va blogerlarning tanlov mavzusiga oid materiallari (yaʼni, davlat xizmatlari sohasidagi) qabul qilinadi.

Nominatsiyalar:

  1. Fotomaterial
  2. Videomaterial
  3. Animatsion lavha
  4. Maqola/Tahliliy material/Blog
  5. Radiomaterial

Ishtirokchilar uchun qoʻshimcha imkoniyat:

Mamlakatning barcha hududlaridan kelgan jurnalistlar, mualliflar va blogerlar oʻz materiallarining rasmiy nashridan oldin tanlov tashkilotchilari bilan mavzuning oʻziga xos xususiyatlari boʻyicha maslahatlashish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Tanlovga respublika, viloyat, shahar, tuman ommaviy axborot vositalariga qarashli davriy nashrlarida (onlayn OAV, bosma nashrlar, ijtimoiy tarmoqlar va “Telegram” tarmogʻidagi ijtimoiy guruhlardagi) 2021-yil 1-yanvardan 15-aprelgacha eʼlon qilingan materiallar qabul qilinadi. Ular oʻzbek, rus, qoraqalpoq (oʻzbek yoki rus tillariga tarjimasi bilan) va ingliz tillarida boʻlishi lozim.

“Davlat xizmatlari – hayotiy zarurat” yoʻnalishidagi materiallar quyidagi sohalarni yorituvchi ijjodiy ishlarni oʻz ichiga olishi mumkin:

• davlat xizmatlarini koʻrsatish;

• davlat xizmatlaridan oflayn va onlayn tarzda foydalanish;

• davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;

• DXM faoliyati;

• davlat xizmatlarini raqamlashtirish.

Materialga ishtirokchi haqidagi maʼlumotlar ilova qilinishi kerak. Ishtirokchining anketasi shaklini quyidagi havoladan yuklab olish mumkin.

Ishtirokchining oʻzbek, rus, qoraqalpoq va/yoki ingliz tilidagi anketasi info@ipsd.uz
elektron manziliga 2021-yil 15-aprel soat 18:00 gacha (Toshkent vaqti bilan) yuborilishi kerak.

Tanlovga yuboriladigan materiallarda reklama maʼlumotlari, shuningdek Oʻzbekiston hududida tarqatilishi taqiqlangan yoki cheklangan maʼlumotlar boʻlmasligi zarur. Bunday maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan tanlov materiallari koʻrib chiqilmaydi!

MATERIALLARDAN FOYDALANISH HUQUQI: Tashkilotchilar olingan materiallarni tarqatish, koʻp adadda chiqarish, nashr qilish, ulardan nusxa olish va ulardan foydalanish huquqiga ega boʻladilar. Oʻz navbatida, tashkilotchilar va hamkorlarga oʻz nashrlarida material muallifini koʻrsatish masʼuliyati yuklatiladi.

Gʻoliblar aniqlagandan soʻng, 2021-yil 5-may kuni Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi, BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalar, ommaviy axborot vositalari vakillari va boshqa mehmonlar ishtirokida gʻoliblarni taqdirlashning rasmiy marosimi tashkil etiladi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

16 − 10 =