DOKTORANTURAGA HUJJATLAR ENDI ELEKTRON TARZDA TOPSHIRILADI

29.04.2019

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan hamkorlikda 2019-yil 26-aprel kuni doktoranturaga qabul kvotasini shakllantirish dasturiy tizimi yuzasidan o‘quv seminari o‘tkazildi.

Tadbir yangi 2020-yil uchun tayanch doktorantura va doktoranturaga qabul kvotalarini shaklantirish masalasiga bag‘ishlangan bo‘lib, seminarda tassarufida oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tadqiqot markazlari bo‘lgan vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tadqiqot markazlari mas’ul xodimlari ishtirok etdilar. 2019-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga sarflanadigan davlat xarajatlarini 2021 yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmining 0,8 foiziga yetkazish ko‘zda tutilgan. Ushbu topshiriq ijrosini amalga oshirishda doktoranturaga qabul kvotalarini oshirish, ilm-fan bilan shug‘ullanadigan yoshlarga keng imkoniyatlar yaratish ko‘zda tutilgan.

Ammo sohada ko‘pgina kamchiliklar mavjud bo‘lib, jumladan, 2019 yilga mo‘ljallangan doktoranturaga qabul qilish natijalariga ko‘ra, 1116 ta ajratilgan kvotalardan 318 ta (28%) kvotaga tanlov konkurssiz o‘tkazilgan. Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim samaradorligi darajasi pastligicha qolmoqda. O‘z vaqtida himoya qilish darajasi faqat 16,8 foizni tashkil etadi. Doktoranturaga qabul jarayonlari eski an’anaviy usullarda, ya’ni qog‘oz variantda hujjatlar topshirish orqali amalga oshirilmoqda.

Hozirgi vaqtga kelib respublika bo‘yicha jami 2405 nafar izlanuvchilar doktoranturada o‘qimoqda (shundan 2198 nafar tayanch doktoranturada, 207 nafari doktoranturada) tahsil olmoqda. Ushbu doktorantlarning faoliyat samaradorligini baholash, monitoringini olib borish o‘ziga yarasha qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda.

Monitoring masalasini ijobiy hal qilish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan barcha vazirlik, idora va tashkilotlar bo‘yicha 2019 yilda tayanch doktorantura va doktoranturaga qabul qilingan izlanuvchilarning to‘liq ma’lumotlar bazasi yaratildi. Ma’lumotlar vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot muassasalari kesimida ishlab chiqilgan bo‘lib, har bir izlanuvchi haqida ma’lumotlar kiritilgan. Ma’lumotlar bazasi vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirildi.

Yuqoridagi muammolarni samarali bartaraf etish maqsadida doktoranturaga hujjatlarni topshirish, ro‘yxatga olish elektron tizimini joriy qilish, doktorantlarning shaxsiy rejasini bajarilishini monitoring qilish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilish uchun maxsus dasturiy ta’minot yaratildi. Ushbu dasturiy ta’minot Toshkent axborot texnologiyalari universiteti mutaxassislari bilan hamkorlikda yaratilgan bo‘lib, Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limga qabul mexanizmini takomillashtirish, shaffoflikni ta’minlash, ortiqcha qog‘oz sarflanishiga chek qo‘yish, kvotalar shakllantirish jarayonini elektron shaklga o‘tkazish imkonini beradi.

Mazkur o‘quv seminarida ishtirokchilarga bu yilgi tayanch doktorantura va doktoranturaga qabul kvotalarini shaklantirishni avtomatlashtiruvchi dasturiy ta’minot namoyish etilib, undan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi.

1 Comment so far

Jump into a conversation
  1. Malika
    #1 Malika 19 May, 2020, 16:28

    Tayanch Doktoranturaga hujjatlarni internet orqali qanday topshirsam bo’ladi

    Reply this comment

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

one × three =