Yevropa Ittifoqining Erasmus+ ta’lim, kasbiy tayyorgarlik, sport va yoshlar bilan ishlash, loyihalar dasturi chorak asrdan buyon O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida samarali amalga oshirib kelinadi.
Toshkentdagi Xalqaro biznes markazida Tempus va Erasmus+ dasturlari doirasida O‘zbekiston hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikning 25 yilligiga bag‘ishlab matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mutasaddilari, xalqaro tashkilotlar vakillari, Erasmus+ loyihalari jamoalari, jurnalistlar ishtirok etdi.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan eng samarali hamkorlik 1994-2013 yillarda Tempus dasturi, 2007-2014 yillarda Erasmus Mundus dasturi asosida amalga oshirildi. 2014 yildan buyon esa Erasmus+ dasturi amalda. Mazkur dastur mamlakatimizda oliy ta’limni rivojlantirish va modernizatsiya qilishga ko‘maklashishni ko‘zlaydi. Ayni paytda yurtimizning 70 ga yaqin oliy ta’lim muassasasi Erasmus+ loyihalari bo‘yicha katta tajribaga ega.
– Mazkur sohaga doir barcha dasturlar O‘zbekiston hukumatining oliy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha maqsad-muddaolariga hamohang ekani bilan ahamiyatlidir, – dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi vakili Yussi Narvi. – Ishonamanki, O‘zbekiston ham Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasidagi akademik almashinuvni ta’minlashga birdek hissa qo‘shadi. Ushbu dastur o‘zbekistonlik yoshlarga Yevropa mamlakatlarining yetakchi universitetlarida tahsil olish imkonini beradi. Shuni ham aytishni istardimki, bugun O‘zbekistonda ta’limga qaratilayotgan e’tibor bizni quvontirdi.
– O‘tgan 25 yil mobaynida biror loyiha ijrosi yuzaki qilingani yo‘q, – dedi Erasmus+ milliy ofisining O‘zbekistondagi koordinatori Aziza Abdurahmonova. – Iqtidorli yoshlarning Yevropadagi yetakchi universitetlarda tahsil olishi, grantlar, stipendiyalar bo‘yicha maxsus dasturlar, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, pedagoglarning kasbiy salohiyatini yanada yuksaltirishga doir bu loyihalar hozirda ham izchil va muvaffaqiyatli davom ettirilmoqda.
Darhaqiqat, o‘qituvchilarni qayta tayyorlash, menejment va biznes sohasida o‘quv dasturlarini yaratish, zamonaviy o‘quv laboratoriyalarini tashkil etish, yurtimiz oliy ta’lim dargohlari hamda Yevropaning yetakchi universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikni o‘rnatishda Tempus va Erasmus+ dasturlarining ahamiyati katta bo‘ldi. Bu boradagi loyiha va dasturlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Guliston davlat universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Urganch davlat universiteti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Turin politexnika universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti kabi oliy ta’lim muassasalari yetakchi o‘rin egallamoqda. Istiqbolda esa bu boradagi hamkorlikni tobora kengaytirish belgilangan.
Matbuot anjumanida joriy yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan «Erasmus kunlari – 2019» haftaligi haqida ham ma’lumot berildi.
Manba: uza.uz
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.