ERDO‘G‘ONNING DUNYO TILLARIGA TARJIMA QILINGAN KITOBI O‘ZBEK TILIDA HAM NASHR ETILDI

29.03.2022

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning 29-30-mart kunlari O‘zbekistonga oliy darajadagi tashrifi arafasida uning «Dunyo yanada odil bo‘lishi mumkin» (Daha Adil Dünya Mümkün) nomli kitobi ikkinchi bor o‘zbek tilida nashr etildi.

Kitobni o‘zbekchaga o‘girgan tarjimon Ma’rufjon Yo‘ldoshevning aytishicha, «Dunyo yanada odil bo‘lishi mumkin» kitobi birinchi marta prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga rasmiy tashrifi oldidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib chop etilgan edi. Yaqinda esa «Yangi asr avlodi» nashriyoti cheklangan miqdorda chiqqan kitobni ko‘p adadda nashr qilishni taklif qildi.

«Dunyo yanada odil bo‘lishi mumkin» kitobi 2021-yil sentyab oyida chop etilgan.

Kitobda dunyo bo‘ylab kuzatilayotgan adolatsizlik, migratsiya inqirozi, xalqaro terrorizm, islomofobiya, siyosiy munofiqlik kabi illatlar xususida so‘z yuritiladi.  Asarda «Bugun insoniyat uchun eng zarur qadriyat bu – adolatdir» degan g‘oya ilgari suriladi.

«Murg‘ak bolalar o‘ldirilayotgan dunyoda hech kim o‘zini aybsiz deya olmaydi», – deb yozadi muallif.

R.T.Erdo‘g‘on kurrai arzdagi jiddiy muammolarni sanar ekan, BMT ularni hal etishga ojizlik qilayotganiga e’tibor qaratadi va xalqaro tuzilmani isloh etishga chaqiradi.

Turk tilida yozilgan asar ingliz, arab, olmon, fransuz, rus, ispan kabi ko‘plab tillarga tarjima qilingan va dunyo bo‘ylab ommalashgan. Kitob sotuvidan tushgan mablag‘ Turkiya hukumati huzuridagi favqulodda vaziyatlarga qarshi kurashish boshqarmasiga (AFAD) o‘tkazilishi ma’lum qilingan.

Manba

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

one + fifteen =