EZGULIKDAN EZGULIK — DUR QIDIRGAN SAYDI UMIROV

16.11.2020

2002-yilda O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakultetida televideniye va radio sirlarini o‘rgatadigan yangi kafedra ochiladigan bo‘ldi. Kafedraga mudirlik va jamoani shakllantirish Saydi Umirovga topshirildi. Ustoz O‘zMU jurnalistika fakultetini tugallagan 4 nafar magistrni, jumladan, meni ham shu kafedraga jalb qildilar. 18 yil davomida ustoz bilan yonma-yon ishlash baxtiga muyassar bo‘ldim.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Saydi Umirov bilan o‘tgan har bir kunda ulardan nimadir o‘rganardim. Jurnalistika nazariyasini talabalarga o‘rgatish bilan birga va amaliyotda ham ilg‘orlikni haligacha bermay kelayotgan, ko‘rganlaridan dur va samimiyat qidiradigan inson, taniqli publitsist, yetuk olim, qator ilmiy va publitsistik maqolalar muallifi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Saydi Umirov bizga doim namuna edilar. Gap qaysi mavzuda ketmasin, domlada o‘sha mavzuga daxldor misol istagancha bor. Ta’bir joiz bo‘lsa, ustozni “tirik ensiklopediya” deb ta’riflash mumkin edi.

Xizmat taqozosi bilan, olis yurtlarga, hududlarga chiqishga to‘g‘ri kelgan. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasida faoliyat olib borgan kezlarim targ‘ibot-tashviqot tadbirlari bahonasida respublikamizning deyarli barcha viloyatlariga chiqib kelganman. Bir hafta o‘n kunlab safarda bo‘lganman. Xalqimiz mehmondo‘st. Kelganni boshiga ko‘taradi. Asosiy ishlar tugagach, tarixiy joylarga borardik, bir piyola choyga taklif etganda rad etsang, tez xafa bo‘lishadi. Tadbirlardan ortib, bir nima yozishga vaqt topolmaymiz yoki ko‘rganlarimiz xususida yozishga erinamiz. Xullas, quruq qo‘l bilan borib, quruq qo‘l bilan qaytardik. Bu borada Saydi akaning faolligi har qanday ijodkor uchun ibrat bo‘la olardi. Ustoz qaysi hududga bormasin, o‘sha hududdagi o‘zgarishlar markaziy matbuot sahifalarida berilardi. Domla kim bilan suhbatda bo‘lmasin, u oddiy dehqon yoki fermer bo‘ladimi, hokim yoki ishlab chiqarish korxonasi rahbari bo‘ladimi, jurnalist yoki o‘qituvchi bo‘ladimi, bir so‘z bilan aytganda, S.Umirov o‘sha yerdagi xalqning kayfiyati bilan qiziqardi va bu kayfiyat har bir satrida sezilib turardi. “Navoiyobod”, “Ma’naviy ma’danlar”, “Samarqand sayqali”, “Yangilanayotgan tumanim manim” singari o‘nlab maqolalari viloyatlarga uyushtirilgan xizmat safarlari, uchrashuvlar, davra suhbatlari natijasi mahsulidir.

Saydi Umirov har narsadan ezgulik qidiradigan, har qanday o‘zgarishni samimiyat bilan qarshi oladigan dilkash inson edi. Ko‘rganlarini yashirmay yozardi. G‘araz, hasad, nafrat va yomonlikni bilmaydi. Uning asarlari barchasi samimiy. Domlaning samimiyati ular tanlayotgan sarlavhadan boshlanardi va buni o‘quvchi maqolaning eng oxirgi jumlasigacha his qilib turadi. Saydi aka zo‘rma-zo‘raki yozolmasdi. Ustoz bilan tanishganimga 15 yildan oshdi. 18 yil mobaynida domladan o‘rganganlarimning eng asosiylari sifatida sanash mumkin bo‘lsa, eng avvalo yolg‘on haqida hech qachon yozolmasdi. Ko‘ngli jiz etmagan mavzuga qo‘l urmasdilar. Saydi akaning maqolalarida tilga olingan qahramonlarning barchasi qusur va yasama obro‘dan holi odamlar. Domla, qahramoning jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lmasa, uning yaxshiliklarini el-yurt bilmasa, xalq tan olmasa maqola ham ko‘ngildagidek chiqmaydi, derdilar.

Pandemiya bois, sport bilan shug‘ullanish, sog‘lom turmush tarziga amal qilish kun tartibiga aylanmoqda. Ammo ustozimiz Saydi Umirov bu an’anani ancha ilgari boshlagandi. Bir paytlar, fakultet joylashgan bino – Muqimiy 104-uyning mini futbol zali ularning shogirdlari bilan gavjum bo‘lardi. Saydi Umirov talabalar bilan yelkama-yelka futbol o‘ynardi. Universitet jamoasi jurnalistlar o‘rtasida o‘tkazilgan futbol turnirlarida munosib o‘rinlarni qo‘lga kiritardi. Ustozning g‘ayrat va shijoatiga hamisha havas bilan qarardik. Domla boshchiligidagi shaxmat turnirlari an’ana tusini olgandi. Erkin Vohidov, Asil Rashidov, Baxtiyor Nazarov, Boybo‘ta Do‘stqorayev, Xurshid Do‘stmuhammad, Tohir Qahhor singari taniqli ijodkorlar ishtirokidagi turnirlarda, ular bilan tanishish, ijod haqidagi gurunglarni tinglash baxtiga sazovor bo‘lganman. Ma’rifiy suhbatlardan dur qidirardim. Bu yildan boshlab fakultet professor-o‘qtuvchilari va talabalarning futbol mashg‘ulotlarini yana yo‘lga qo‘ydik. Bu yil fakultetga qabul qilingan talabalarning deyarli teng yarmi yigitlar ekanidan bir qadar quvondim. Xalqaro jurnalistika fakulteti talabalari o‘rtasida Saydi Umirov xotirasiga bag‘ishlab futbol va shaxmat bo‘yicha an’anaviy xotira turniri tashkil etishni ko‘nglimga tugib qo‘ydim.

Taniqli publitsist, yetuk olim, qator ilmiy va publitsistik maqolalar muallifi, o‘nlab, ta’bir joiz bo‘lsa, yuzlab shogirdlarning qadrdon ustozi, Saydi Umirovning jurnalist kadrlar tayyorlash ishida qo‘shgan hissasi juda yuqori edi. S.Umirov sohaga qadam qo‘ygan har qanday insonni qo‘llab-quvvatlashga shay edilar. Har qanday talabaning xatti-harakati, sohaga qiziqishi, teran fikrini alohida qadrlardilar va undan o‘z maslahatlarini ayamasdilar.

S.Umirov ustoz-shogird maktabi an’analarini davom ettirib, yoshlarning ilmga bo‘lgan qiziqishini yanada qo‘llab-quvvatlash, fanimiz rivojiga ilmiy kadrlarni yetkazish ishida kamarbasta bo‘ldilar. Ustoz rahbarligida 3 tadqiqotchi – Y. Mamatova, G.Tog‘ayeva va men fanning muhim masalalariga bag‘ishlangan dissertatsiyalari bilan filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldik. Ulardan o‘rganadigan jihatlarimiz hali ko‘p edi. Ular biz uchun ibratning eng yuksak namunasi edilar. Ustozimiz, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Saydi Umirov xotirasi qalblarimizda abadiy yashaydi!

Shogirdlari nomidan, Amrullo Karimov
O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti dekani,
f.f.n., dotsent

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

18 − twelve =