FINLYANDIYAGA ILMIY SAFAR

23.09.2022

Chet elda saqlanayotgan O‘zbekistonga oid manbalarni o‘rganish ziyolilar oldida turgan muhim vazifalardan biri bo‘lib, bu borada bir qancha hukumat qarorlari qabul qilingan. Jumladan, «Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi 2017-yil 24-maydagi mamlakatimiz Prezidentining qarorida belgilangan vazifalardan biri, nafaqat yurtimizdagi, balki xorijdagi qo‘lyozmalarimizni ham tadqiq va targ‘ib qilishga qaratilgan.

Bugungi kunda sharqshunoslik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ko‘pgina ilmiy loyihalar ana shu vazifalarning ijrosiga qaratilgan. Men g‘oya berganim, yozganim va ishtirok etayotganim loyihaning nomi «Yevropa fondlarida saqlanayotgan, O‘zbekistonda mavjud bo‘lmagan turkiy qo‘lyozmalarning ma’lumotlar bazasini va “Yevroturcologica.uz” elektron platformasini yaratish» deb nomlanadi. Loyihani amalga oshirish jarayonida xorijda saqlanayotgan, O‘zbekistonda mavjud bo‘lmagan Yevropadagi turkiy qo‘lyozmalarning umumiy ma’lumotlar bazasi va shu asosda veb sahifasi yaratiladi. Loyihaning muhim ahamiyati xorijiy fondlardagi turkiy qo‘lyozmalar haqidagi yangiliklarni yuzaga chiqarish bilan bog‘liq.

Men loyiha rejasi asosida 2021-yilning dekabr oyida Germaniya, Berlin kutubxonasida, joriy yilning mart oyida Fransiyaning dunyoga mashhur Parij milliy kutubxonasida o‘z izlanishlarimni olib bordim va O‘zbekistonda mavjud bo‘lmagan 41 ta qo‘lyozmani aniqladim, ayrimlarini fotonusxasini olib keldim.

1-avgustdan 26-avgustgacha Finlyandiya va boshqa shengen davlatlaridagi kutubxonalarda ishlash uchun yana ilmiy safarga yuborildim. Ushbu jarayonni amalga oshirishda, xususan, shengen vizasini olishimda Finlyandiyaning O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistondagi elchisi Ilkka Raysenen va Finlyandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsuli Alisher Jo‘raevning amaliy yordamlari juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Elchi janoblari Ilkka Raysenenning joriy yilning may oyida yurtimizga tashrifi chog‘ida men ular bilan uchrashdim va har ikki xalq uchun foydali bo‘lgan ilmiy loyihamiz, Xelsinkidagi qo‘lyozmalarni o‘rganish zaruriyati haqida batafsil gapirib berdim.

Shundan keyin menga Xelsinkidan biryo‘la ikkita taklifnoma keldi. Bittasi elchi janoblari Ilkka Raysenen tomonidan, ikkinchisi Finlyandiya milliy kutubxonasi rahbariyati tomonidan yuborildi.

FINLYANDIYADA O‘ZBEKISTON TARIXIGA OID 300 DAN ORTIQ QO‘LYOZMA VA TOSHBOSMA ASARLAR SAQLANADI.

Shunday qilib men Xelsinki shahrida, Finlyandiya milliy kutubxonasida ishlashni boshladim. Finlyandiya milliy kutubxonasi 1640-yilda tashkil qilingan bo‘lib, juda boy kutubxona hisoblanadi. Unda nashr qilingan kitoblardan tashqari turli xalqlar madaniyati va tarixi bilan bog‘liq qo‘lyozma asarlar, jumladan, turkiy qo‘lyozmalar ham mavjud. Bu yerda O‘zbekiston madaniyati va tarixiga oid 300 dan ortiq qo‘lyozma va toshbosma asarlar saqlanadi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda XX asr boshida nashr qilingan «Oyna», «Turkiston viloyatining gazeti», «Sadoi Turkiston» kabi barcha gazeta va jurnallarning mikrofilmlari ham mavjud. Kutubxona markazda, Xelsinki universiteti yonida joylashgan.

Kutubxonaning qo‘lyozmalar o‘qiladigan bo‘limida kitobxonlar uchun barcha sharoitlar mavjud. Kutubxona xodimlari esa juda o‘z ishiga fidoyi insonlar.

MENTOPGAN ENG NOYOB QO‘LYOZMA XORAZM TARIXIGA OID

Ishni dastavval kataloglar orqali turkiy qo‘lyozmalarni izlashdan boshladim. Men topgan qo‘lyozmalar ichida eng noyobi Xorazm tarixiga oid bo‘lib, Munis va Ogahiy qalamiga mansub «Firdavs ul -iqbol» asaridir. «Firdavs ul-iqbol» asarining fanga 9 ta qo‘lyozma nusxasi ma’lum bo‘lib, ulardan 2 tasi Rossiya Fanlar Akademiyasiga qarashli Sharq qo‘lyozmalari institutining qo‘lyozmalar fondida (Sankt-Peterburg), 5 tasi O‘zRFAning Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida, 1 tasi Xelsinki kutubxonasida (Finlyandiya), yana biri Istanbul kutubxonasida saqlanmoqda. Bular orasida Xelsinki nusxasi juda noyob nusxa sanaladi. Asar 1812 varaqdan iborat.

«XUDDI AMERIKA OCHGANDEK QUVONIB KETDIM…»

Eng qizig‘i, bu qo‘lyozma oldin rossiyalik sharqshunos M. Bekchurin (1819-1887) shaxsiy arxivida saqlangan. 2009-yilda Sankt-Peterburg shahriga ilmiy safarim davomida ko‘p arxivlarda ishlashimga to‘g‘ri kelgan va shunday arxivlarning birida Amirxanyans degan ruhoniyning M.Bekchurindan «Firdavs ul -iqbol» asari qo‘lyozmasini olib o‘qigani haqidagi xabarni, undan keyin Amirxanyansning bu borada yozgan 18 betlik taqrizini topishga muvaffaq bo‘ldim. Taqriz 1880-yilda yozilgan va unda ushbu asar 906 bet, 1812 varaqdan iboratligi, juda noyob tarixiy ma’lumotlarga egaligi haqida yozilgan.

Men bu haqda keyinchalik maqola yozganman va e’lon qilganman (https://cyberleninka.ru). Finlyandiyaga kelib, «Firdavs ul-iqbol» asarini birinchi betini ochishim bilanoq, bu aynan o‘sha Amirxananyas o‘qigan qo‘lyozma ekaniga shubha qolmadi. Chunki birinchi betidayoq M. Bekchurin shaxsiy arxividan olingani yozilgan va qo‘lyozmadagi barcha qaydlar Amirxananyas taqrizidagi dastxat bilan bir xil bo‘lib chiqdi. Xuddi Amerika ochgandek quvonib ketdim… Garchi qo‘lyozmani 10 kun ichida kuzatib bo‘lgan bo‘lsam-da, ketgunimcha, ya’ni 25-avgustgacha, to‘g‘risini aytsam, qaytib bergim kelmadi…

Har kuni bir bag‘rimga bosib qo‘yardim… Meni «nega shunday noyob asarimiz o‘zimizda emas», degan savol qiynardi… Mendan oldin bu asarni oxirgi marta kuzatgan sharqshunos amerikalik olim Yu.Bregel (1925-2016) bo‘lgan ekan….

Kutubxonadan tashqari Xelsinki universitetidagi ta’lim tizimi, ayniqsa, ilmiy-pedagogik faoliyatdagi ilg‘or g‘oyalar, tilshunos va adabiyotshunos olimlar bilan tanishdim. Universitet bir nechta binolardan iborat bo‘lib, asosiy binosi markazda joylashgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Finlyandiya Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi (qarorgohi Riga shahrida) Qadamboy Sultanov bilan uchrashib, fikr almashdim. Ular fin va o‘zbek xalqi o‘rtasida madaniy-adabiy aloqalarni rivojlantirish borasida hamkorlik qilish zarurligini alohida ta’kidladilar.

Albatta, Finlyandiyaning maftunkor tabiati, bir-biridan chiroyli orollari, hashamatli binolari va odamlarning milliy an’analariga sodiqligi, odamiyligi, beg‘uborligi ham meni befarq qoldirmadi. Qayerga borsam, doim fin xalqining xayrixohligini, yordam berish istagi bilan yonib turgan mehr to‘la ko‘zlarini ko‘ra oldim.

Yozaman desam, taassurotlar ko‘p, orada qo‘lyozmalarni ko‘rish va qiyoslash uchun Avstriya, Chexiya, Shveysariya kutubxonalariga ham borib kelishimga to‘g‘ri keldi. U joylardan ham O‘zbekistonimizda mavjud bo‘lmagan o‘nlab qo‘lyozmalarni topdim. Bironta joyda qo‘lyozmalarni ma’lum betlarini rasmga olishimga qarshilik yoki byurokratik to‘sqinlik, rasmiyatchilik bo‘lmadi.

Vena viqorli oppoq binolari, musiqiy ohanglari, Chexiya go‘zal tabiati va obidalari, Shveysariya betakror o‘rmonli tog‘lari va moviy ko‘llari bilan o‘ziga maftun qildi. Ammo hech birini O‘zbekistonimga alishmayman… Ayniqsa, Venada yurtim bayrog‘ini osig‘liq turganini ko‘rganimda, shodligimdan, yosh boladek o‘zimni qo‘yarga joy topolmadim. Qayta-qayta borib suratga tushdim.

Venada hamkasbimiz, O‘zbekiston jahon tillari universiteti dotsenti, loyihalar yutishda doim faol olimimiz Lutfullo Xoliyorovni uchratib qoldim. Bayrog‘imiz ostida rasmga tushdik…

YUQORI LAVOZIMDAGI ODAMNI BUNCHALIK KAMTAR BO‘LGANINI KO‘RMAGANMAN.

Ketishimdan ikki kun oldin – 24-avgust kuni Finlyandiyaning O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistondagi elchisi Ilkka Raysenen janoblari bilan yana uchrashdim. Topgan yangiliklarim, kelajakdagi rejalarim haqida gapirib berdim. Umrim bino bo‘lib, yuqori lavozimdagi odamning bunchalik kamtar bo‘lganini ko‘rmaganman. Soat 17 da kutubxona binosi oldida ko‘rishdik, keyin bir piyola choy ustida suhbatlashdik.

Ilkka Raysenen janoblari har ikki xalq uchun foydali bu kabi loyihalarga e’tiborni kuchaytirish, Xelsinki universitetida oldingidek, turkologiya bo‘limini ochish, professorlar almashinuvini akademik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ekspozitsiyalar tashkil qilish, qo‘lyozmalarni o‘rganishga yosh sharqshunoslarni jalb qilish haqidagi fikrlarimni qo‘llab-quvvatladilar, har jihatdan yordam berishga tayyor ekanligini ta’kidladilar.

Xullas, Finlyandiyaga bir oylik safarim nihoyasiga yetib, uyga ketishga tayyorgarlikni boshladim. Farzandlarimni juda sog‘indim. Musofir bo‘lmaguncha, musulmon bo‘lmaslik haqiqatini shu safar yaxshi angladim. Bu mening eng uzoq ketgan safarim edi.

Yevropa bo‘ylab ilmiy safarim davomida erishilgan natijalar kelajakda ko‘p tadqiqotlarga yo‘l ochishiga ishonaman. Bu borada Toshkent davlat sharqshunoslik va O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetlari rahbariyati doim qo‘llab-quvvatlaydi. «Yevropa fondlarida saqlanayotgan, O‘zbekistonda mavjud bo‘lmagan turkiy qo‘lyozmalarning ma’lumotlar bazasini va “Yevroturcologica.uz” elektron platformasini yaratish» deb nomlangan loyihamiz asosida hali ko‘pgina qo‘lyozmalar aniqlanadi va xalqimizga, haqiqiy egasiga qaytariladi.

GULNOZ ISKANDAROVNA XALLIEVA
Filologiya fanlari doktori, professor
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

fourteen + 8 =