FRANSIYA-OʻZBEKISTON FORUMI: OLIY TAʼLIMDAGI SAMARALI HAMKORLIKNING MUHIM OMILI

29.11.2022

Fransiya poytaxtida 500 ga yaqin rektorlar, ilmiy doira vakillari va professorlarni jamlagan “Campus France–2022” hamda Fransiya-Oʻzbekiston univesitetlari II forumining ochilish marosimi boʻlib oʻtmoqda.

Forumni “Campus France” tashkiloti rahbari Donatyen Issard xonim kirish soʻzi bilan ochib, taʼlim sohasida yaqindan hamkorlik oʻrnatish maqsadida tashrif buyurgan Oʻzbekiston delegatsiyasiga alohida minnatdorlik bildirdi. Soʻzga chiqqanlar ikki davlat hamkorligi, jumladan oliy taʼlim sohasidagi aloqalar haqida toʻxtalib oʻtdi.

Tadbirda soʻz olgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov uchrashuv har ikkala tomon uchun ham gʻoyat muhim va ahamiyatli ekani, oʻz navbatida, ikki davlat oʻrtasida oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik yildan yilga kengayib, mustahkamlanib borayotganini alohida taʼkidladi.

«Ushbu forum universitetlararo yangi toʻgʻridan toʻgʻri aloqalar bogʻlash, kadrlar tayyorlash, taʼlim va ilm-fan sohalarida olib borilayotgan jarayonlar borasida fikr-mulohaza va tajriba almashishga xizmat qiladi» – dedi A.Toshqulov.

Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston xalqaro hamkorlikda 100 dan ortiq xorijiy, jumladan AQSH, Germaniya, Rossiya, Belorus, Gollandiya, Isroil, Italiya, Finlyandiya, Chexiya, Xitoy, Hindiston, Koreya Respublikasi davlatlarining nufuzli universitetlari bilan hamkorlik oʻrnatib, qoʻshma taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlab kelmoqda.

Hozirgi kunda Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari Fransiyaning Parij xalqaro moda akademiyasi, “Vatel” mehmonxona va turizm biznes maktabi, ENAC (ENAK) Milliy aviatsiya maktabi, Panteon-Sarbonna, Strasburg, Serji Pontuaz, Bordo, Puatye, Lotaringiya universitetlari bilan samarali hamkorlik qilmoqda.

Forum ishida universitetlararo ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirish boʻyicha samarali munozara, tajriba almashish va istiqbolli rejalar muhokama qilinmoqda.

FORUMNING ILK KUNIDA 10 GA YAQIN HAMKORLIK HUJJATI IMZOLANDI

“Campus France–2022” hamda Fransiya-Oʻzbekiston univesitetlari II forumi tadbirlari doirasida “Barqaror rivojlanish jozibadorlik vektori sifatida” nomli konferensiya oʻtkazildi. Unda Fransiyaning nufuzli oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari hamda bir qator soha mutaxassislari maʼruzalari tinglandi.

Shundan soʻng, “Markaziy Osiyoda yangi mintaqaviy mobillik markazi sari: Oʻzbekistonning xalqaro ochiqlik siyosati va uning Fransiya bilan hamkorlik imkoniyatlari” nomli seminar boʻlib oʻtdi.

Oliy oʻquv yurtlari rahbarlarining Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimining jahon taʼlim makoniga integratsiyalashuvi, Fransiya universitetlari bilan hamkorlik strategiyasi, ikki mamlakat loyihalarining yaratilishi va ularning muvaffaqiyatlari mavzularidagi maʼruzalarida aloqalarning muhim jihatlari haqida soʻz bordi.

Shuningdek, ikki tomon taʼlim maskanlari rahbarlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va uni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha samarali munozara olib borilib, tajriba almashildi va istiqbolli rejalar muhokama qilindi.

Muzokaralar natijasi oʻlaroq 10 ga yaqin anglashuv memorandumi, bitim hamda yoʻl xaritalari imzolandi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

1 + three =