“FRANSUZ TILINI OʻRGANISH YANADA MAROQLI!” TANLOVI YAKUNLARI
23.01.20192018-yilning oktyabr oyida Xalqaro fransuz tili oʻqituvchilari federatsiyasi tomonidan “Fransuz tilini oʻrganish yanada maroqli!” nomli tanlov eʼlon qilingan edi. Tanlovga koʻra, yuborilgan rasmlardan eng yaxshi deb topilgan 12ta rasm taqdirlanishi kerak edi.
Tanlovda butun dunyodagi fransuz tili oʻqituvchilari qatnashishi mumkin boʻlib, yagona talabi mamlakat va oʻquv muassasasidan qatʼI nazar, fransuz tili darsi oʻtilayotgan jarayon rasmlarda muhrlanishi kerak. Mazkur tanlovni tashkil qilishdan maqsad dunyo boʻylab fransuz tilini oʻrgatish turfa xillikni kasb etishini namoyish etishdan iborat.
Bu tanlov Xalqaro fransuz tili oʻqituvchilari federatsiyasi tashkil topganining (1969-yil) 50 yilligiga bagʻishlab tashkil qilindi.
Federatsiya bergan maʼlumotlarga koʻra, tanlovga Afrika, Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlaridan yuzlab rasmlar kelib tushgan boʻlib, ularning ichidan eng yaxshi 12ta fotoni tanlab olish hayʼat aʼzolari tomonidan juda qiyin kechdi.
Quvonarli jihati shundaki, tanlab olingan 12 fotoning ichida Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Roman-german filologiyasi fakulteti oʻqituvchisi Nazira Roʻziboyevaning talabalarga fransuz tili darsini oʻtayotgan jarayoni muhrlangan rasm ham mavjud boʻlib, uning muallifi OʻzDJTUning Xalqaro aloqalar boʻlimi xodimi Ulugʻbek Bekmuradovdir.
Foto Xalqaro fransuz tili oʻqituvchilari federatsiyasining 2019-yilga moʻljallangan kalendarining oktyabr oyi uchun nashr etildi va unda quyidagi jumlalar yozilgan: “Men yoshligimdan fransuz tilida soʻzlashishni va fransuz tili oʻqituvchisi boʻlishni orzu qilganman. Nazira Roʻziboyeva, Oʻzbekiston”.
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.