GABRIEL GARSIYA MARKES: «COCA-COLA REKLAMASISIZ 22 400 000 KVADRAT KILOMETR!»

22.02.2023

“Mening xotinim va ikkita kichik o’g’lim bor edi. Men PR menejeri bo’lib ishlardim va orada film ssenariylarini tahrir qilib daromad topardim. Ammo kitob yozish uchun ishdan voz kechish kerak edi. Men mashinamni garovga qo‘yib, pulni xotinim Mersedesga berdim. Har kuni u yoki bu tarzda u menga qog’oz, sigaret va ish uchun zarur bo’lgan hamma narsani olib kelib turardi.

Kitob tugagach, ma’lum bo’ldiki, biz qassobdan 5000 peso (Meksika pul birligi) qarzdor ekanmiz – bu juda katta pul edi. Bu orada okrugda mening juda muhim kitob yozayotganim haqida mish-mishlar tarqaldi va barcha do’kon sotuvchilari bunda ishtirok etishni xohlashdi. Qo’lyozmani nashriyotga jo‘natish uchun menga 160 peso kerak edi, uyda esa bor-yo‘g‘i 80 peso qolgan ekan, natijada biz mikser va Mercedesning sochquritgichini garovga qo‘ydik. O’shanda u shunday degandi: «Faqatgina kitobning yaxshi chiqishi qoldi»…

Bu odam kolumbiyalik yozuvchi Gabriel Garsiya Markes edi. Roman esa ko’pchiligimiz eshitgan, hatto ba’zilarimiz sevib o’qigan «Yolg’izlikning yuz yili» bo’lib, keyinchalik u adibga Nobel mukofotini keltiradi.

Ammo, men sizlarga tanishtirmoqchi bo’lgan asar bu emas. Kolumbiyalik yozuvchi Markesning sobiq sovet davlatiga qilgan ilk safar taassurotlari tasvirlangan «SSSR: birorta Coca-cola reklamasisiz 22 400 000 kvadrat kilometr!» asarini yaqinda o’qib tugatdim.

Gabriel Garsiya Markes birinchi marta sovet davlatiga 1957-yilda tashrif buyurgan: u jurnalist sifatida “VI Butunjahon yoshlar va talabalar festivali”da qatnashgan. 1959-yilda Venesuelaning «Cromos» jurnalida chop etilgan ushbu reportajda «Temir parda» ortida ko’rgan voqealar haqida gapirib o’tadi. Esse ilk bora «Lotin Amerikasi» jurnalida rus tilida 1988-yilda nashr etilgan.

O’sha payt hali juda taniqli bo’lib ulgurmagan Markesning yosh jurnalist sifatida Butunjahon yoshlar va talabalar festivaliga kelib, Sobiq Ittifoqdek katta mamlakatni qanday ko’rganligi haqidagi ushbu ocherkni o’qish – men uchun yoqimli va qiziqarli bo’ldi. O’sha paytlarda biz hali tug’ilmagan edik, ammo bizning ota-onalarimiz o’sh mamlakatda oz fursat bo’lsa-da yashashgan. Markes odamlar bilan uchrashuvi va ularning maishiy hayotini biroz yumor, biroz qayg’u bilan tasvirlaydi. Mening nazarimda esa o’sha davrdagi kishilar psixologiyasini o’rganishda – ushbu ocherk beqiyos ahamiyatga egadir.

Nima uchun ocherk «Birorta Coca-Cola reklamasiz 22 400 000 kv. km» deb nomlanadi?

Javob esa oddiy: SSSRda nafaqat gazli ichimlikning, umuman hech qaysi reklama turi mavjud bo’lmagan. 65 yillik tarixni bosib o’tgan Coca-cola esa allaqachon dunyo xalqlarining sevimli ichimligiga aylanib bo’lgandi. Sovetlarda «xususiy mulk», «raqobat», va «iste’molchi talablari» degan tushunchalarning o’zi bo’lmagan. Markes reklama haqida qisqacha tushuntirish berib o’tganda, sovet odamlari o’ta katta qiziqish bilan uni tinglashgani va deyarli tushunishmaganliklarini ta’kidlaydi. 22 400 000 kv.km esa sezganingizdek o’sha paytdagi sovetlar davlati egallagan hududlar o’lchovi.

Sovet badiiy adabiyoti to’g’risida Markes o’sha davrda Aleksey Tolstoy (Lev Tolstoy emas) trendda bo’lganini aytib o’tadi. U o’sha davrda Stalin tarafidan «zararli» deb hisoblangan ilmiy-fantastika janrida ijod qilgan. Shuningdek, Stalin «reaksioner» deya tanqid qilgan Dostoyevskiy asarlari ham qayta nashr etila boshlanganini yozadi. Qo’shimcha ravishda, sovet odamlarida Kafka kabi mahoratli xorij yozuvchilar asarlarini mutolaa qilish imkoni yo’qligini afsus bilan ta’kidlaydi.

Umuman, tipik sovet odami deydi Markes, – sodda, xorijlik do’st orttirishga o’ta qiziquvchan, chet pressasi va madaniyatidan baxabar va siyosiy sohada o’ta kamgap bo’lib qolishlarini tasvirlab beradi. Bu ocherkni o’qib, yaqin o’tmishda bizning hozirgi hayotimizga bevosita bog’liq bo’lgan davlat va undagi jamiyatning kundalik hayoti haqida o’ta qiziqarli ma’lumotlarni topishingiz mumkin.  Agarda siz ham ayni davr holati, siyosati, iqtisodiga qiziqsangiz ushbu ocherkni o’qib chiqishni tavsiya qilaman.

Jalilova Nilufar Olim qizi,
O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti,
Media va kommunikatsiya fakulteti 2-bosqich talabasi

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

11 − 7 =