HAMIDULLA AKBAROVNING KITOBLARI TAQDIMOTI BO‘LIB O‘TDI

27.01.2024

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida filologiya fanlari doktori, professor, uyushma a’zosi Hamidulla Akbarovning “Zamonalarni ilg‘ayman yuritganda qalam”, “Chopqir kunlar, nash’ali lahzalar”, “Zolotoe sechenie jiznedeyatel’nosti” nomli kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni uyushma raisining birinchi o‘rinbosari Salim Ashurov olib bordi. Unda professorlar Dilbar G‘ulomova, Ra’no Xo‘jaeva, O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Lola Eltoeva, san’atshunoslik fanlari doktori Oltinoy Tojiboeva, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Xondamir Qodiriy, Kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi raisi Rustam Abdullaev, falsafa fanlari doktori Shahnoza Madaeva, san’atshunoslik fanlari nomzodi Oybek Kopadze so‘zga chiqdi.

Tadbir avvalida ekranda Hamidullo Akbarov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kinofil’m namoyish etildi.

Mazkur kitoblarga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Luqmon Bo‘rixon taqriz yozgan. Unda kino san’atidagi voqeliklar, fil’m tasvirga olishdagi jarayonlar, ijodiy faoliyatdagi xotiralar o‘rin olgan.

Hamidulla Akbarov 100 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi. Xususan, 1966 yilda “Voprosi kinoiskusstva” to‘plamida nashr etilgan “Qasam” birinchi ovozli o‘zbek fil’mi”, 1970 yilda “Rahim Pirmuhamedov”, 1971 yilda “20 rejissyorov” to‘plamida nashr etilgan “Nabi G‘aniev”, 1973 yilda “Svetlana Norboeva”, 1978 yilda “Ekran ziynati”, 1980 yilda “An’ana va ekran”, 1981 yilda “O‘zbekiston kinosi”, “Zohid Sobitov”, “Latif Fayziev”, “Sehrli yog‘du”, 2008 yilda “Kino-telekommunikasiya: tabiati va tarkibi”, 2010 yilda “Kinoning estetik mustaqilligi va tomoshabinning estetik tayyorgarligi”, 2011 yilda “Global kommunikasion jarayon: madaniy immunitet faolligi va identifikasiya masalalari”, 2012 yilda “Kino va televidenie: kreativ ta’lim jarayoni”, “Serjilo audioviuzal kommunikasiya”, “Barhayot meros badiiy kommunikasiya tarkibida”, 2013 yilda “Ma’budalar ittifoqi”, 2014 yilda “Audiovizual kommunikasiya estetik paradigmalar tizimida”, “Audiovizual mintaqa manzilati”, 2015 yilda “Madaniy meros da’vati”, “Tohir va Zuhra”- arxetip talqin samarasi” kabi maqola, ilmiy ocherk va monografiyalari shular jumlasidandir. Bundan tashqari, H.Akbarovning 40 dan ortiq ocherklar hamda “Ilm Ziyo” nashriyoti tomonidan chop etilgan. 2005 yildagi “Kino san’ati tarixi”, 2006 yildagi “Kino-teledramaturgiya” va 2007 yildagi “Kino-telerejissura, montaj” kabi o‘quv qo‘llanmalar muallifi hisoblanadi.

H.Akbarov ilmiy-pedogogik faoliyati bilan birga 20 dan ortiq hujjatli fil’mlar ssenariy muallifi hamdir. Jumladan, “Nabi G‘aniev”, “Kinoning 100 yilligi”, “Yor-yor shaydosi”, “Nay”, “Matlubaning baxti”, “Muqaddima”, “Qafasdagi qaldirg‘och”, “Mehrobdan ziyo”, “Toshkent xalqaro kinofestivali”, “Qismat”, “Afsonaning davomi”, “Qo‘llar”, “Sharqning tirik zarrasi”, “Chaqmoq” kabi hujjatli fil’mlar ssenariysi uning qalamiga mansub. Bundan tashqari, H.Akbarov O‘zbekiston televideniesida ham sermahsul ijod qilib, uzoq yillar davomida efirda namoyish etilgan “Kino, kino, kino”, “Ertaga prem’era”, “Kino olamida”, “Ekran ziynati va qiymati”, “Yurgan daryo” kabi o‘zining mualliflik ko‘rsatuvlari bilan ko‘p sonli teletomoshabinlarning mehrini qozongan.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
Axborot xizmati