HAQIQATAN, ADABIYOT NEGA KERAK O’ZI?

17.02.2023

Bu, ehtimol, rivojlanish belgisidir: hozirgi davrda butun dunyo singari bizning mamlakatimizda ham ingliz tilini o’rganishga bo’lgan qiziqish ortib bormoqda. Lek bu aslo o’z tilimizga bo’lgan qiziqish hisobiga bo’lmasligi kerak.

Afsus, hozirda negadir ingliz tili, umuman, xorijiy tilni bilish birlamchi o’rin chiqayotgandek (balki, bu faqat menga shunday tuyulayotgandir; shunday bo’lishini xohlardim).

To’g`risi, men yaxshi tushunaman: rivojlanish, globallashuv, yangi til – yangi imkoniyatlar eshigi. Men bunga aslo qarshi emasman. Xorijiy tillarni o’rganishni hech istisnolarsiz qo’llab-quvvatlayman. Mening ko’nglimni xira qiladigan jihat o’zbek tilining bir qadar obro’sizlanayotganligi emas, o’zbek adabiyotiga bo’lgan otashning so’nayotganidadir.

Yurt ertasi – yoshlar. Nazdimda, yurtimizda bu jumla takrorlanmaydigan kun bo’lmasa kerak. Bugungi kun yoshlari aksari qismining xayolida esa go’yo adabiyot – vaqtni bir qadar foydasiz sarflash. Undan ko’ra biron yana-da “foydaliroq” ish qilish kerak: chet tilini o’rganish, kompyuter dasturlashga qiziqish, hech-da daromadi yaqqol qo’l bilan ushlay biladigan biron ish qilish.

Albatta, men hech qachon bilimga (afsus, gohida bu qanday bilimligining ham ahamiyatini unutib qo’yaman) qarsi emasmann, bunga haqqim ham yo’q. Men faqat tengqur do’stlarim, umuman, insonlarni sotuvning oldi bo’lgan yal-yal, ko’z olarlik, lek shirada sust “dorilangan” mevalar bo’lishiga qarshiman, xolos.

To’g`ri, xorijiy tilni o’rganuvchilar chuqurroq o’ylaydilar. Balki, shu bois, aksari o’zbek ota-onasi farzandini rus maktablarga berishni xohlashadi: go’yo, bu bilan farzandi hayotga yorqinroq ko’z bilan qarashni, kengroq doirada fikrlashni o’rganadi. Haqiqatan, ko’cha-ko’yda rus, ingliz tilini biluvchilar, chet tilini o’qishga ixtisoslashgan maktablarda tahsil olib chiqqan yoshlarni darhol ajratib olish mumkin. Lek, afsuski, bunda ularning fikrlash salmogì emas, yurish-turishi, kiyinish, muomalasi ko’p hollarda asosiy ajratib turuvchi omil bo’ladi.

Yo’q-yo’q, men millatchi emasman. Do’stlarim, hamsubatlarim orasida boshqa millat vakillari juda ko’p. Ha, bu ularning hayoti – o’z hayotlarini o’zlari hal qilishadi.

Shunchaki, menga botadigan jihat – yoshlarimiz orasida shu taqlid hayotga moyillik ortib borayotgani, xolos.

Ha, fikrlar chuvalab ketgandek tuyilayotgan bo’lsa kerak. Unday emas.

“Nega so’zni til, adabiyot bilan boshlab insonlarning yashash tarzi, yurish-turishi o’rtasidagi farqlarga ulamoqchi bo’lyapsan” deyotgan bo’lsangiz kerak. Maqsadim ham asli shu edi. Adabiyot inson hayotini shakllantiradi. Hamma qanchadir miqdorda adabiyotga oshno bo’ladi (o’z darajasi doirasida va o’ziga loyiq bilgan saviyadan kelib chiqib). Bu esa ularning yashash maromiga ta’sir ko’rsatmay qolmaydi. O’ylab ko’ring, bog`dorchilik ensiklopediyasinigina o’qigan odam temirchilik qilolmaydi, axir.

Aytmoqchi bo’lganim: yaxshi ish, IT, chet tili, umuman, moddiyatga daxldor narsalar hayotingiz qay muhitda o’tishini belgilaydi (qay hajmdagi uyda, qay rusumdagi avtomobilda, qanday ta’minot asosida va h.k), adabiyot esa, bir so’zda, sizda takrorlanmas hayotingizning qay yo’sinda o’tishini belgilaydi (yon-atrofdagilar bilan qanday munosabatdasiz, o’zingizdan o’zgalar haqida qanchalar qaygùrasiz, ertangi boqiyatga qay darajada tayyorsiz va h.k).

Yana qaytaraman: men hech nimaga da’vat etmoqchi emasman.

Bugungi kunda go’yoki, hayot hammani “sindirishi”, yo’qchilik insonga hamma narsani tushuntirib qo’yishi, hayotda hech kimga ishonish kerak emasligi, bu kabi fikrlarga qarshilarni hayotni bilmaslikda ayblash, hali ularning boshlariga ne-ne kunlar kelishini va bu gaplarning naqadar to’g`ri ekanligini o’shanda bilib olishligini bashorat qilish – shu kabi fikrlar eng mufassal, juda chuqur mulohaza qilingan, shuurning eng oliy nuqtasida tushunib yetiladigan javoblardir. To’g`risi, men ularni meni ham hali hayotni bilmaslikda ayblashlariga, kun kelib boshimdan ular ko’rgan musibatlarni bir-bir o’tkazsamgina aqlim kirishishini aytishlariga majbur etib bir so’z demoqchiman: …kulgim kelyapti.

Xo’sh, sovuq ko’z bilan qaraganda adabiyot o’quvchisiga nima berdi: “Spark” rusumli avtomashinami? Yillar o’tib nabiralar qurshovida maqtanishga arzigulik changga uyqash bir javon kitobmi? Xo’sh, nima bo’lmasa…

Ehtimol, shu kabi ochiq va har taraflama teran o’ylovchilar ko’payayotganligi uchunmi adabiyotga bo’lgan mayl oqsoqlanayapti…

Adabiyot – bizga “men”imizdan ko’ra “o’zi”mizni ko’proq tanitdi. Nazdimda, shu so’z zamirida adabiyotning butun vazifasi namoyon bo’ladi:

…“men”imizdan ko’ra “o’zi”mizni ko’proq tanitdi.

So’z shu qadar qayishqoqki, qay tomonga qancha tortsang, shuncha cho’zilaveradi. Har bir fikrga jilolovchi so’zni topsa bo’ladi.

Aytmoqchi bo’lganim, bu ham bir fikr, shunchaki mening fikrimni isbotlashga yo’naltirilgan so’zlar, xolos. Buni mutloq to’g`ri deyishga haqqim yo’q. Lek shuni aniq ayta olamanki, boshqalarning buni mutloq noto’g`ri deyishga ham haqlari yo’q. Hayot esa shu ikkisi aro o’zimiz uchun “to’g`ri” deb hisoblaganlarimiz, xolos.

Adabiyot nimaga kerak o’zi? Ishoning, sizning ham o’z javobingiz va buni isbotlovchi so’zlaringiz bor. Xo’sh, sizning javobingiz qanday ..?

Ishonchim komil, hech kimda adabiyotga nisbatan qora, hech bo’lmaganda, rangsiz fikr ham yo’q. Eng muhimi, o’z javobingizni hayotingizga ko’chiring…

“Adabiyot — fikr ommasi, qalb hislari bilan doimo sayqallanadigan, to’xtashni bilmaydigan, borgan sari hamisha nurlanishi, chaqnashi oshib boradigan bir soha…” OYBEK

Qarshiboyeva Kamola Muhammad qizi
O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti,
Media va kommunikatsiya fakulteti 2-bosqich talabasi

3 Comments so far

Jump into a conversation
  1. Мирзохид
    #1 Мирзохид 17 Fevral, 2023, 21:58

    Шу вактгача адабиётнинг нега кераклигини у́йламаган эканман зур яхши чикибди. Фаолиятингга омад

    Reply this comment
  2. Rustam
    #2 Rustam 18 Fevral, 2023, 06:45

    Ajoyib Maqola va tashviq bo‘libdi. Odam o‘zini, o‘zligini anglash uchun kitoblar o‘qib turish lozim.

    Reply this comment
  3. Raximova Komila
    #3 Raximova Komila 18 Fevral, 2023, 08:18

    Ajoyib maqola bundan foydalangan ilm shaydolari boshqa adabiyotni izlamaydi. Barcha ma’lumotlar jam. Men bunday maqola topganimdan xursandman. Qarshiboyevaga o’xshaganlar ko’paysin.

    Reply this comment

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

two + 18 =