HUAWEI BILAN OʻZBEKISTON OLIYGOHLARIDA AKT AKADEMIYALARI SONI OSHIRILADI

23.01.2024

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim vaziri birinchi oʻrinbosari Komiljon Karimov “Huawei” kompaniyasining Pekin shahridagi Bosh ofisi va koʻrgazma markaziga tashrif buyurib, Huawei Uzbekistan kompaniyasi bosh direktori Chen Szyakay bilan uchrashdi. 

Unda tomonlar taʼlim sohasida raqamlashtirishning ahamiyati va Oʻzbekistonda AKT sohasi uchun kadrlar tayyorlashni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. 

Muzokaralar natijasida Oʻzbekiston oliygohlarida AKT akademiyalarini (ICT Academy) tashkil etish, mavjudlarini rivojlantirish bugungi zamon talabi ekani qayd etildi. Mazkur akademiya orqali sohaga qiziquvchi iqtidorli yoshlarni oʻqitish va ularga sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar, 5G, Big data, Cloud computing va shu kabi IT yoʻnalarishlarda xalqaro miqyosda tan olinadigan sertifikatlar berish koʻzda tutiladi. Qayd etish lozimki, bugungi kunda yurtimiz oliy taʼlim muassasalarida 8 ta shunday akademiya faoliyat yuritmoqda, 2024-yil davomida ularning sonini 15 taga yetkazish orqali kamida 300 ta talabani oʻqitish imkoniyati yaratiladi. 

Oʻz navbatida, AKT sohasidagi professor-oʻqituvchilarning malakasini oshirish ham dolzarb masalalardan boʻlib, joriy yilda kamida 15 ta akademiya murabbiylarini tayyorlash rejalashtirildi. OTMning AKT sohasiga masʼul rahbarlari uchun (“Chief Digital officer”) esa trening dasturlarini tashkil qilish orqali sohadagi eng ilgʻor texnologiyalar va yechimlar bilan tanishtirish imkoniyati yaratiladi. 

Kompaniya tomonidan oʻtkaziladigan ICT Competition tanlovida oʻzbekistonlik talabalar ishtirokini taʼminlashga ham alohida urgʻu berildi. Bundan tashqari, oʻzbekistonlik yoshlar ishtirokida har yili boʻlib oʻtadigan “Seeds for Future” dasturini tashkil etishga kelishildi.  Ushbu dastur orqali talabalar uchun kompaniyaning bosh ofis va filiallarida va ishlab chiqarish komplekslarida stajirovka oʻtashlari mumkin boʻladi. 

Uchrashuv soʻngida yuqoridagi kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha Anglashuv memorandumi imzolandi.