2019-yilning 23-dekabr sanasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchilari va doktorantlari ishtirokida professor-o‘qituvchilarning ilmiy ishlari natijalarini xalqaro e’tirof etilgan jurnallarda, jumladan, Skopus ma’lumotlar bazasi ro‘yxatidagi jurnallarda chop ettirishlari masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ilm-fan va ilmiy tadqiqotlarga e’tibor kuchaydi. Joriy 2019-yilning 29-oktyabrida qabul qilingan “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni ham aynan shunday vakolat va imkoniyatlarni mustahkamlaydi va kengaytiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” PF-5847-sonli Farmoni respublikamizdagi barcha OTMlar qatori, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti taraqqiyoti uchun muhim bo‘lgan dasturilamal bo‘lmoqda.
Jamiyatimiz taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan ilmiy ixtirolarni amalga oshirish, o‘zbek ilm-fanining dovrug‘ini xalqaro maydonda yanada yuksaltirish O‘zDJTU ilm ahli va pedagoglar jamoasi uchun ham muqaddas va sharafli vazifa sanaladi.
Seminarda aynan shu masalaga alohida ahamiyat qaratildi. Bugungi kunda universitetda filologiya fanlari – lingvistika, adabiyotshunoslik, qiyosiy tilshunoslik va tarjimashunoslik, jurnalistika kabi ixtisosliklar; siyosiy fanlar, tabiiy fanlar, pedagogika va metodika kabi mutaxassisliklar bo‘yicha fundamental ilmiy maktablar shakllangan.
Seminarda O‘zDJTU Ingliz tili 1-fakulteti dekani, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) A.Yo’ldashev Scopus tizimidagi yuqori impakt faktorli jurnallar va ularning talablari, maqolalar e’lon qilish shartlari bo‘yicha ma’ruza o‘qidi.
Seminarda o‘z taqdimoti bilan qatnashgan universitet Axborot-resurs markazi mudir o‘rinbosari S.To‘xtayev so‘nggi ikki yilda universitetning 11 nafar professor-o‘qituvchilari, izlanuvchilari tomonidan yuqori impakt faktorli jurnallarda maqolalar e’lon qilishgan. E’tiborli jihatlardan biri ushbu tadqiqotchilar orasida hammualliflikda maqola e’lon qilganlar qatori, yakka mualliflikda ham ilmiq maqola tayyorlab, yuqori darajadagi Skopus ma’lumotlar bazasi ro‘yxatidagi jurnallarda chop ettirishga erishganlar ham mavjud. Jumladan, O‘zDJTU 1-bosqich tayanch doktoranti M.Raximova “International Journal of Recent Technology and Engineering(TM) (IJRTE) nashrining 2019-yil 19-sentyabr 8-sonida “New Methodologies on the Improvement of Public Administration in Uzbekistan” nomi ostida maqola chop ettirgan.
Seminarda O‘zDJTU Ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi G.Ergasheva so‘zga chiqib, universitet olimlari va professor-o‘qituvchilarining xalqaro nufuzli jurnallari uchun maqolalar tayyorlash va e’lon qilishlari universitet tomonidan rag‘batlantirib borilishi, bunday ilmiy yutuqlar ham olimning o‘ziga, ham oliygohga, ham davlatimizning xalqaro maydondagi imijini oshirish, ilm-fani rivoji uchun zarur ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Yig‘ilish ishtirokchilarining so‘zlariga ko‘ra, mazkur seminar universitet olimlari va pedagoglarini ilmiy izlanishlarga yanada qiziqishlarining oshishida muhim turtki bo‘ladi.
Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Z.Teshaboyevaning fikricha, universitet olimlarining salohiyati yuqori va ularda Skopus ma’lumotlar bazasi ro‘yxatidagi jurnallarda maqola chiqarishga imkoniyatlar yetarli. Davlatimiz va universitet rahbariyati tomonidan bu borada berilayotgan e’tibor va rag‘batlantirishlar tez orada o‘z mevasini beradi.
O‘zDJTU tayanch doktoranti
A.Dadaxonov
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.