ILMIY SOHADA SAMARALI XALQARO HAMKORLIK

05.11.2019

Joriy yilning 1-2-noyabr kunlari O‘zDJTU Ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limida Germaniyadan kelgan filologiya fanlari doktori Beate Rattay-Forstl (Dr. Beate Rattay-Förstl) bilan doktoranturada tahsil olayotgan izlanuvchilar ishtirokida mahorat darslari tashkil etildi.

So‘nggi vaqtlarda mamlakatimizda ilmiy soha va ilmiy tadqiqotlarni rag‘batlantirishga bo‘lgan etibor keskin kuchaydi. Oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot institutlari, sohaga bevosita daxldor vazirlik va davlat tashkilotlarining davlatimizda ilm-fanni rivojlantirish borasidagi vakolatlari yanada kengaytirildi. Joriy 2019-yilning 29-oktyabrida qabul qilingan “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni ham aynan shunday vakolat va imkoniyatlarni mustahkamlaydi va kengaytiradi.

Hech shubhasiz, milliy ilmiy soha taraqqiyotida xalqaro hamkorlik va xalqaro tajribani o‘rganish sohada sezilarli samaralarga olib keladi. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan stajerlik va ilmiy izlanishlar uchun bir qator tadqiqotchilarni xorijiy davlatlarga yuborayotgani, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi xorijiy ta’lim muassasalarida mamlakatimiz uchun mutaxassislar tayyorlash, xorijda yashayotgan ilmiy salohiyatga ega vatandoshlarimiz bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mamlakatimiz fuqarolarini chet elda malaka oshirish, stajerlik, magistratura va doktoranturada tahsil olib, yurtimizga malakali va yuqori ilmiy salohiyatli kadr bo‘lib qaytishlari uchun olib borayotgan faoliyati, Fanlar akademiyasi, ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalarining ilmiy sohada ham xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilayotgani shular jumlasidandir.

Ilmiy sohada xalqaro hamkorlik xususida gap ketganda, albatta, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida amalga oshirilayotgan bir qator ishlarni ham tilga olib o‘tish joiz. Chunki universitet bevosita xorijiy tillarni o‘rgatishga ixtisoslashgan maskan bo‘lgani uchun unda izlanish olib borayotgan olim va tadqiqotchilar faoliyati ham xorijiy tilni chuqur bilish va xorijiy tajribalarni o‘rganish bilan bog‘liq.

Ta’kidlash kerakki, universitet bir qator xorijiy nufuzli universitetlar bilan hamkorlik shartnomalari va memorandumlar imzolagan. Bugunga kelib, mazkur yo‘nalishdagi ishlar xalqaro ilmiy hamkorlik sohasi rivojida ham yaxshi natijalar ko‘rsatmoqda.

Germaniyalik olima Beate Rattay-Forstl bilan tashkil etilgan mahorat darslari ham ilmiy sohadagi hamkorlikning bir natijasi bo‘ldi.
Ma’lumot o’rnida, doktor Beate Rattay dastlab Lyudvig-Maksimilian nomidagi Myunxen universiteti hamda Shveysariyaning Syurix universitetida ilmiy izlanishlar olib borgan. Keyinchalik xalqaro ekspert sifatida Argentina, Avstraliya, Finlandiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSh, Hindiston, Eron, Yaponiya kabi dunyoning 19 davlatida turli loyihalar, ilmiy seminarlarda qatnashgan, universitetlarda nemis tili va adabiyoti bo‘yicha dars bergan. Ayni vaqtda u Myunxen texnika universitetida til o‘rgatish va xalqaro professor-o‘qituvchilarga madaniyatlararo masalalar bo‘yicha treninglar olib boradi hamda DAAD kabi xalqaro va milliy tashkilotlarning loyihalarida ishtirok etadi.

Mahorat kurslari davomida doktor Beate Rattay o‘zi faoliyat yuritgan nemis universitetlari, xususan, Myunxen texnika universiteti, Baden-Vyurtemberg ilmiy tadqiqotlar instituti, Mangeym universiteti, Bamberg universiteti, shuningdek, Fransiyadagi Pikardi, Pert shahridagi 80 dan ortiq ilmiy tadqiqot instituti va markazlari bo‘lgan G‘arbiy Avstraliya universitetlaridagi ilmiy maktablar, filologiya, siyosiy fanlar va texnika sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib borish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Bevosita mazkur universitetlarning saytlariga tashrif buyurib, ulardagi professorlar va yosh izlanuvchilarning faoliyati, ilmiy seminarlar, Yevropada ilmiy ish qilish va maqolalar chop etishning asosiy talablari, qo‘lga kiritilgan ilmiy yutuqlarni amaliyotga tatbiq etish tajribasi kabi qator dolzarb masalalarda O‘zDJTU yosh olimlariga tushuntirish berdi. Jumladan, Germaniyada yosh mutaxassislar tomonidan ilmiy ish ustida ishlash nihoyatda ommalashgani, bugun Germaniya dunyoda eng ko‘p doktorantlar yetishib chiqadigan davlatlardan biriga aylangani va yiliga o‘rtacha 30 000 atrofida olimlar oliy o’quv yurtidan keyingi ta’limni bitirishi va ilmiy ishini yoqlayotgani haqida so‘zladi. Ayniqsa, so‘nggi vaqtlarda texnika va tibbiyot sohasidagi ilmiy yutuqlar salmoqli bo‘lgan. Birgina Myunxen texnika universitetida 2017-yilning o‘zida 977 ta ilmiy ish himoya qilingan va olimlarga o‘z sohalarida tegishli ixtisoslik bo‘yicha ilmiy daraja berilgan. Shu yili universitetga 1698 nafar yosh mutaxassislar doktoranturada o‘qish uchun qabul qilingan.

Mahorat kursidan so‘ng nemis olimasi bar qator tayanch doktorantlar bilan individual tarzda ham trening o‘tkazdi. Ularning ilmiy mavzulari va bu borada foydali manbalar, samarali ilmiy ish yozish bo‘yicha o‘z tajribalarini o‘rtoqlashdi.

O‘zDJTU 1-bosqich tayanch doktoranti Ahmedova Aziza bu xususda quyidagi fikrlarini bildirdi:

“Olmoniyalik matnshunos mutaxassis tarixiy manbalar bilan bog‘liq tadqiqot ishlarida e’tibor berilishi kerak bo‘lgan masalalar bo‘yicha ma’lumot berdi. Xususan, adabiyotshunoslar uchun muhim mavzularda fikr almashdik. Suhbatlarimiz jarayonida Yevropada gumanitar fan yo‘nalishlarida qilinayotgan tadqiqot ishlariga qo‘yiladigan talablar haqida atroflicha to‘xtalib, o‘zining tadqiqot ishidan misollar keltirdi. Hozirgi kunda g‘arbda ulkan qiziqishga sazovor bo‘layotgan adabiy janrlar haqida bilish, shaxsan menda katta taassurot qoldirdi. Jumladan, Germaniyada hozirgi kunda keng jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘layotgan yozuvchilar haqida so‘zladi. Fikrimcha, g‘arb mutaxassislari bilan bo‘layotgan bunday hamkorlik kelajakda ilm-ma’rifatda jahon hamjamiyatining yetakchi mamlakatlariga tenglashishimizga xizmat qiladi”.

10.00.04 – Yevropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti ixtisosligi bo‘yicha «Xolid Husayniy asarlarining badiiy o‘ziga xosligi» mavzusida ilmiy ish olib borayotgan 2-bosqich tayanch doktoranti Ruzmatova Dilnoza Ramatjanovna:

“Uchrashuvda xorijlik mutaxassis Beate Rattay-Forstl bilan Afg‘on-Amerika adabiyotining diaspora xususiyatlari haqidagi ilmiy-nazariy qarashlari borasida fikr almashdik. Suhbatimiz davomida mutaxassis nemis adabiyotshunosligida ham diaspora adabiyoti qiziqish bilan o‘rganilayotganligini ta’kidladi”.

1-bosqich tayanch doktoranti Nasriddinov Dilshod:

“Professor Beate xonim bilan suhbatimiz mobaynida o‘z ilmiy ishimdagi markaziy tushunchalar bo‘lgan fantastik adabiyot va fentezi janrlarining o‘xshash va farqli jihatlari, aynan Germaniyada bu janrning ilmiy o‘rganilishi va olimlar qarashlari, bu janrda ijod qiluvchi yozuvchilarning asarlariga keng kitobxonlarning e’tibori kabi mavzularda foydali ma’lumotlarga ega bo‘ldim”.

Shu o‘rinda yana bir narsani ta’kidlash lozimki, doktor Beate Rattay universitetdagi doktorant va tayanch doktorantlarning bevosita izlanish olib borayotgan mavzulari va sohalari bilan qiziqdi. Ularning dolzarbligi, nazariya va amaliyotda muhimligi, O‘zbekistonda chindan ham, kelgusida ilm-fan yanada rivojlanishiga keng yo‘l ochilayotganiga mazkur mahorat darslari davomida ishonch hosil qilganini gapirdi.

O‘zDJTU tayanch doktoranti
A.Dadaxonov

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

5 × 2 =