2020-yilning 14-yanvar kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ingliz tilidagi ilmiy matnlar tahriri masalalariga bag‘ishlangan ilmiy seminar tashkil etildi.
Davlatning barcha sohalardagi rivojida ilm-fan sohasining o‘rni katta. “Yapon mo‘’jizasi”, “Singapur mo‘’jizasi” kabi bir qator davlatlarning taraqqiyotida aynan ilm-fan o‘ziga xos asos vazifasini o‘tagan. Shuni e’tiborga olgan holda, mamlakatimizda so‘nggi vaqtda ilm-fanni rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda. 2019-yilning 29-oktyabrida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-576-son «Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida»gi Qonuni ham aynan shunday vakolat va imkoniyatlarni mustahkamlaydi va kengaytiradi.
Ilmiy izlanishlar sohasida bugun davlat va ilmiy sohani qo‘llab-quvvatlaydigan vazirliklar, tashkilotlar, universitetlar tomonidan katta ishlar qilinmoqda. Xususan, universitetlar reytingi va ta’lim sifatini aniqlashda ham aynan ulardagi ilmiy daraja va unvonga ega bo‘lgan olimlar kontingenti, olimlarni yetishtirish darajasiga ham katta ahamiyat qaratilmoqda. Rag‘batlantirishlarning kuchayishi universitet yosh olimlari va tadqiqotchilarini ruhlantirmoqda va ularning o‘z ilmiy yutuqlarini nafaqat mamlakatimizdagi nufuzli nashrlarda, shuningdek, xalqaro maydonda tan olingan «Web of science» hamda «Scopus» tizimidagi jurnallarda ham maqolalar chop etish orqali ilmiy yutuqlarimiz va milliy tajribamizni xalqaro maydonda ham ommalashishiga hissa qo‘shishmoqda.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professor-o‘qituvchilarning ilmiy ishlari natijalarini xalqaro e’tirof etilgan jurnallarda, jumladan, Skopus ma’lumotlar bazasi ro‘yxatidagi jurnallarda chop ettirishlariga yordam berish maqsadida katta ishlar qilinmoqda. Jumladan, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor filologiya fanlari doktori, professor Gulandom Boqiyevaning tashabbusi bilan olim va doktorantlar uchun ingliz tilida ilmiy matnlarni tahrir qilish ko‘nikmalarini shakllantirish mavzusida ilmiy seminar tashkil etildi.
14-yanvarda o‘ziga xos mahorat darsi shaklida o‘tgan seminarda yosh olimlar va O‘zDJTU tayanch doktorantlari ishtirok etishdi. Uni kirish so‘zi bilan ochib bergan professor Gulandom Boqiyeva universitetda ingliz va boshqa xorijiy tillarda dolzarb mavzularda maqolalar yoza oladigan mutaxassislarning ko‘p ekanligi, bunday tadbirlar ana shunday mutaxassislar sonini yanada ko‘paytirish, ularning ilmiy matnlar yozish va tahrir qilish ko‘nikmalarini yanada sayqallashtirish uchun tashkil etilayotganini ta’kidlab o‘tdilar.
Seminarni ingliz adabiyotshunosligi bo‘yicha uzoq yillik tadqiqot olib borayotgan va shu davrga qadar zalvarli ilmiy jurnallarda tahrir ishlari bilan shug‘ullanib kelayotgan filologiya fanlari nomzodi, dotsent Ilmira Muratova olib bordi.
Matnlar tahrir ko‘p qirrali va murakkab jarayon bo‘lib, u muharrirdan katta bilim, keng dunyoqarash va tinimsiz izlanish talab qiladi. Olima bu borada katta tajribaga ega bo‘lib, ayni vaqtda pedagogik faoliyat bilan bir qatorda universitet qoshidagi “Filologiya masalalari” ilmiy jurnalida ham inglizcha matnlar tahrir bilan shug‘ullanib keladi.
Olima seminar davomida muharrirlar uchun dasturilamal bo‘la oladigan bir qator fikrlarni bildirdi. Ilmiy matnlar yozishda aniq bir uslub va yondashuvni tanlash kerak. Jumladan, o‘quvchiga bir o‘rinda “sen”, boshqa bir o‘rinda “siz” deb murojaat qilish shaxsiy uslubning buzilishiga olib keladi. Qolaversa, ilmiy uslubda “sen” deb murojaat qilish o‘quvchilarga hurmatsizlik sanaladi.
Ilmiy matnlar yozishda tavtologiyadan qochish ham muhimdir. Muayyan so‘zni g‘aliz takrorlashning oldini olish uchun muallif sinonimlardan va tasviriy ifodalardan foydalanish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi kerak. Buning uchun ensiklopediyalar, bir tilli va ko‘p tilli lug‘atlar muharrir va olimlarning bir umrlik hamrohi va yordamchisi bo‘lishi zarur.
Chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik bo‘yicha ilmiy izlanishlar qilinganda chet tilidagi jumlalarni originalda keltirish kerak bo‘ladi. Zarur o‘rinlarda ularning tarjimasi amalga oshirilsa, “Tarjima bizniki” singari qo‘shimcha izohlar berib ketilishi ham muhim.
Matn tahririni boshlashdan avval uslubni aniqlash zarur. Bu til vositalaridan foydalanish, atamalar, iboralar va metaforik ifodalardan foydalanish kabi bir qator omillar bilan amalga oshiriladi.
Matn muallifini va uning mualliflik huquqini doimo hurmat qilishi zarur. Hattoki matn tahririyat tomonidan rad etilganini ham asosli tushuntirish orqali ifodalab berishi kerak. Muharrir muallifning ruxsatisiz matndagi g‘oya va fikrlarni o‘zgartirib yuboradigan yoki mazmunga kuchli ta’sir qiladigan o‘zgartirishlar qilishi mumkin emas.
Boshqalarga nimanidir o‘rgatish, ularning matnini tahrir qilish va muallifga nimanidir tavsiya qilish uchun muharrrir o‘zi o‘sha sohadan yaxshi xabardor bo‘lishi kerak. Bu ham o‘z so‘z boyligi ustida ishlash, ham barcha sohalardagi yangilanishlar, xususan, ilmiy yangiliklardan boxabar bo‘lib borishni talab qiladi.
Muharrir barcha adabiy janrlar va ularga qo‘yiladigan talablarni yaxshi bilishi kerak. Hech qachon “tilni his qilish”ni esdan chiqarmaslik kerak. Tarjima qilingan matnlar original asar uslubi va tarixiyligini saqlab qolishi kerak. Masalan, A.Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asarini zamonaviy ingliz tiliga tarjima qilish kutilgandek yaxshi samara bermaydi. Tarjimada milliylik va tarixiylik koloriti saqlanishi kerak. Asardagi “qora chopon” yoki xonlik tuzumiga oid atamalarni izohlar bilan bersa bo‘ladi. Albatta, ilmiy seminar davomida olimning uzoq yillik tajribasi asosida to‘plangan umumlashma xulosalarni ko‘plab keltirish mumkin. Tan olish kerakki, ana shunday tajriba va xulosalar ilmiy anjumanni yuqori saviyada o‘tishiga va yosh olimlarning muharrirlik va inglizcha ilmiy matnlar yozish va ular ustida ishlash borasidagi ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qildi.
2-bosqich tayanch doktoranti Shahlo Temirova o‘zining seminardan olgan taassurotlarini biz bilan quyidagicha o‘rtoqlashdi:
“Tahrir san’at darajasidagi faoliyat turi bo‘lib, u har bir ilm axli uchun zarur, birlamchi masalarlarni hal etishdagi asosiy quroldir. Biz doktorantlarga matn tahririni o‘rganish, avvalo, ilmiy ishimizni yuqori saviyada yozishimiz uchun kerak . Shu bilan bir qatorda, “Scopus”, “Science direct” va qator boshqa dunyo miqyosidagi nomdor tizimlar ro‘yxatiga kiruvchi jurnallarda maqolalar chop etishda amaliy yordam beradi.
Seminar davomida jurnal muharrirlari vazifalarini asosini tashkil etuvchi masala matn bilan ishlash, unga tanqidiy (ijobiy ma’noda) yondashish va uning xususiyatlarini (tili, uslubi , janri kabi tushunchalarni) yaxshi farqlay olishi lozimligini tushundik. Yaxshi muharrir, avvalo, ko‘p o‘qigan va turli sohalardan xabardor bo‘lishi va muallif so‘z yuritayotgan soha yuzasidan hech bo‘lmaganda asosiy ma’lumotlarga ega bo‘lishi kerak Bunday seminarlarning tashkil etilishi fan-ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan barcha pedagog kadrlarga foydali, deb hisoblayman”.
Bevosita adabiyotshunoslik sohasida ilmiy izlanish olib borayotgan yana bir tayanch doktorant Aziza Ahmedova tadbir borasida shunday fikr bildirdi:
“Olima Elmira Denisovna tahrir faoliyatida mutaxasisning o‘z ustida doimiy ishlashi, turli sohalar terminlari bilan tanishishi muhimligini ta’kidladilar. Muharrir matnlar bilan ishlar ekan, asosiy vazifasi sifatni yaxshilash ekanligini unutmasligi kerak. Ushbu vazifani amalga oshirishda, albatta, muharrir va muallif hamkorligi talab qilinadi. Ushbu seminarda biz aynan muharrir mas’uliyati va inglizcha matnlar bilan ishlash bo‘yicha zarur bilimlarni o‘rgandik”.
Umuman olganda, universitetlar va turli ilmiy muassasalarda matnlar tahriri va ilmiy matnlar yozish bo‘yicha ilmiy seminarlar, mahorat darslarini tashkil etib turish yaxshi samara beradi. Bu ilmga qiziqqan yoshlar salmog‘ining ortishiga, ularning izlanishlar olib borishida kamroq qoqilishiga va o‘z ilmiy yutuqlarini milliy va xalqaro miqyosda e’lon qilib borishiga zamin hozirlaydi.
O‘zDJTU tayanch doktoranti A.Dadaxonov
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.