INGLIZ TILINI BILISH DARAJASI TEST TURLARI (IELTS, TOEFL, OET, PTE) HAQIDA

16.02.2023
Chet elda o’qishni orzu qilyapsizmi? Unda xabaringiz bo’lsa kerak, qabulning asosiy shartlaridan biri bu ingliz tilini qay darajada bilishingizni belgilovchi hujjatdir. Shuningdek, talaba vizasini olishda ham u majburiy talablardan biri hisoblanadi.

Ingliz tilini bilish darajaini belgilovchi testlar talabalarga (birinchi tili ingliz tili bo’lmagan) AQSH, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada va, shuningdek, barcha birinchi tili ingliz tili bo’lgan mamlakatlarda tahsil olish imkonini beradi.

Ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi test turlari

Ingliz tili testlarining dunyo bo’ylab tan olinadigan IELTS, TOEFL, OET va PTE singari 4 ta asosiy turi mavjud. Bularning ba’zilari ingliz tilini umumiy bilish darajasini baholasa, ba’zilari ma’lum soha doirasida bo’lib, undagi termin hamda jargonlarni qay darajada tushunishni aniqlab beradi.

IELTS (International English Language Testing System)

Agar siz Avstraliya, Kanada, Yangi Zellandiya, AQSH yoki Buyuk Britaniyada o’qishni rejalashtirayotgan bo’lsangiz, IELTS – yaxshi tanlov. IELTS universitetlarning istalgan yo’nalishida qabul qilinadi. Testni xohishga binoan istalgan paytda, maktab yoki bakalavrni tugatgach, topshirish mumkin.

  • IELTS butun dunyoda immigratsiya organlari va muassasalari tomonidan talabalar arizalarini ko’rib chiqishda tan olingan;
  • Test sinovlari 0-9 gacha bahonaladi; yuqori ball – yuqori bilim; ba’zi universitetlar, immigratsiya organlari va tashkilotlarda qabul uchun minimal ball belgilangan;
  • IELTS testlari bilimni imkon qadar to’g’ri va adolatli baholash imkonini beradigan tarzda ishlab chiqilgan;
  • IELTS testlari 4 yo’nalish, o’qib tushunish, tinglab tushunish, gapirish va yozish bo’yicha bilimlaringizni sinovdan o’tkazadi.
TOEFL (Test of English as a Foreign Language)

TOEFL testlari talabalar universitet doirasida erkin muloqot qilishida ko’maklashish maqsadida ishlab chiqilgan. Test, odatda, 4 soat davom etadi va xohishga ko’ra orada 10 daqiqa tanaffus qilish imkoni mavjud. TOEFL imtihonlari, asosan, chetda o’qishni rejalashtirgan talabalar uchun mo’ljallangan.

  • TOEFL testlari 0-120 gacha baholanadi;
  • Test 4 qismdan iborat: tinglab tushunish, o’qib tushunish, gapirish va yozish;
  • Adolatli va xolis baholashni ta’minlash maqsadida testlar o’qituvchilar tomonidan online va anonim tarzda baholanadi;
  • Sun’iy intelekt va inson omilini birlashtirgan baholash tizimiga ega bo’lgan yagona test tizimi;
  • TOEFL ballari natijalar olingan kundan boshlab 2 yil davomida amal qiladi, test topshirish miqdori belgilanmagan, faqat test oralig’i 3 kundan kam bo’lmasligi lozim.
OET (Occupational English Test)

Kasbiy ingliz tili testi hisoblangan OET testi shifokorlar hamda sog’liqni saqlash mutaxassislari uchun ishlab chiqilgan bo’lib, ichki talablar hamda bemorlar bilan muloqotni yaxshilashga qaratilgan. Ushbu test xalqaro talabalarning muloqot va tushunish ko’nikmalarini baholovchi real hayotdagi vazifalar va ssenariylarni o’z ichiga oladi.

  • OET stomotologiya, tibbiyot, fizioterapiya, optometriya, veterinariya kabi 12 ta sog’liqni saqlash kasblari uchun ishlab chiqilgan;
  • OET testlari belgilangan sinov joylarida online yoki offline tarzda amalga oshirilishi mumkin. Har ikkala tur ham bir xil qiymatga ega hisoblanadi;
  • OET tinglash, o’qish, yozish va nutq qobiliyatlarini sinovdan o’tkazadi;
  • Buyuk Britaniya, AQSH, Avstraliya, Dubay, Nyu-Yorkdagi universitetlar va shifoxonalar tomonidan tan olingan;
  • OET testlari 0 dan 500 gacha va A dan E gacha baholanadi.
PTE (Pearson Language Test)

PTE Buyuk Britaniya, Avstraliya va Yangi Zellandiyaning barcha universitetlarida va boshqa muassasalarda barcha immigratsiya va viza talablari uchun mos deya tan olingan. Test til ko’nikmalarni AI (sun’iy intelekt) yordamida tez va adolatli baholab beradi.

  • PTE testi ingliz tilida tinglash, o’qish, yozish va gapirish qobiliyatlarini baholaydi;
  • Testni istalgan vaqtda topshirish mumkin, natijalar, odatda, test yakunlangandan boshlab 48 soat ichida ma’lum qilinadi;
  • PTE universitetlar tomonidan tan olingan to’liq  AI(sun’iy intelekt)ga asoslangan birinchi test tizimidir;
  • PTE testlari dunyo bo’ylab belgilangan markazlarda o’tkaziladi.

Bundan tashqari, bu turdagi testlar ingliz tilida yaxshi yozish, o’qish va tushunish qobiliyatlarini o’stirishga xizmat qiladi. U sizni orzuyingizdagi manzilda ta’lim olishingizni kafolotlovchi ham og’zaki, ham yozma imtihonlarga tayyorlab beradi. Chet elda o’qimoqchi bo’lgan talabalarning hujjatlari universitet tomonidan qabul qilinishi uchun ingliz tili testlari majburiy hisoblanadi.

Xulosa o’rnida aytish mumkinki, o’qishdan charchamang! Orzular sari olg’a intiling, zero – “Agar siz bitta tilni bilsangiz, faqat bir marta yashaysiz, har bir yangi o’rgangan til bilan siz yangi hayot kechirasiz!» (Gyote).

Abduraimova Aziza
O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti,
Media va kommunikatsiya fakulteti 3-bosqich talabasi

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

13 − 12 =