“INNOWEEK.UZ-2024”GA START BERILDI

14.11.2024

“Barqaror rivojlanish uchun innovatsiyalar” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi 14–16-noyabr kunlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan tashkil etilmoqda.

Xorijiy ilmiy-innovatsion markazlar, investitsiya jamgʻarmalari, texnologik agentliklar, texnoparklar va biznes inkubatorlar ishtirokida boʻlib oʻtayotgan mazkur tadbir mavjud innovatsion texnologiyalar bilan tanishish barobarida sarmoyadorlarni jalb etish va ishonchli hamkorlar topish uchun ajoyib imkoniyatdir. 

Qolaversa, haftalik  xorijiy va milliy ekspertlar, tahlilchilar oʻrtasida ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi islohotlar, ularning mohiyati, erishilgan yutuqlar va navbatdagi dolzarb vazifalar, mutlaqo yangi innovatsion rivojlanish bosqichida ustuvor vazifalar toʻgʻrisida fikr almashish uchun muhim maydon sanaladi. 

Bu yil haftalikda Xitoy, Malayziya, Tailand, Hindiston, Eron, Turkiya, Germaniya, Koreya, Ispaniya, Qozogʻiston, Rossiya va Qirgʻiziston kabi dunyoning 30 ga yaqin davlatlaridan jami 150 nafardan ortiq vakillar va elchilar ishtirok etadilar. Haftalikka Eron Islom Respublikasi fan, texnologiyalar va innovatsion iqtisodiyot boʻyicha vitse- prezidenti oʻrinbosari Turaj Amrae boshchiligida 15 dan ortiq kompaniya, Tailand Milliy tadqiqot kengashi ijrochi direktori Viparat Deong boshchiligida 15 dan ortiq oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasasi vakillari va Rossiya Federatsiyasining 20 kishilik delegatsiya vakillari hamda boshqa davlatlarning oliy martabali mehmonlari tashrif buyuradilar. 

Haftalikning rasmiy ochilish marosimi 14-noyabr kuni “Oʻzekspomarkaz” konferensiyalar zalida boʻlib oʻtdi. Unda hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, xorijiy va mahalliy ekspertlar, ilm-fan doira vakillari, professor-olimlar, innovatsion gʻoya yetakchilari hamda yosh ixtirochilar ishtirok etdi. 

So‘ng haftalik doirasida tashkil etilgan xalqaro innovatsion mahsulotlar koʻrgazmasida 512 ta mahalliy, 34 ta xorijiy tashkilotlar tomonidan “Tijoratlashtirish”, “Startap” va “Ilmiy tadqiqot” loyihalarini amalga oshirish natijasida yaratilgan innovatsion mahsulot namoyish etildi. 

Haftalik davomida ishtirokchilarning ilm-fan sohasiga oid bilim va koʻnikmalarini yanada oshirish hamda tajriba almashishlari uchun qulay muhit yaratish maqsadida 22 ta xalqaro forum, konferensiya va seminar, 2 ta mahalliy tadbir haftalik dasturidan oʻrin olgan.

https://gov.uz/oz/edu

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

3 × 2 =