KELAJAK VORISLARI MAKTABLARDA VOYAGA YETADI

10.09.2019

Yurtimiz kelajagi, ertangi farovon hayoti yoshlarimiz qo‘lida. Bugun yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qilgan har bir harakatimiz, ularning barkamol inson bo‘lib voyaga yetishi uchun zarur sharoitlarni yaratish bugungi kungi islohotlarning negizida, davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyevning diqqat markazida turgani hammamizga yaxshi ma’lum.

O‘sha dunyoga mashhur “Yapon mo‘’jizasi”, “Singapur mo‘’jizasi” da ham davlatlarning bugungi taraqqiyotiga tamal toshi qo‘yilishida aynan yoshlar ta’lim-tarbiyasiga e’tibor ham hal qiluvchi o‘rinda turgan.

So‘nggi yillarda maktab ta’limini isloh qilish, ustozlar nomi va mavqeini ulug‘lash yurtimizda muqaddas qadriyatlardan biriga aylanib bormoqda. Ana shunday qadriyatga amal qilib, joriy yilda maktab yoshlarini ilm olishga qiziqtirish, maktablarga tashrif buyurib, mavjud muammolarni o‘rganish borasida sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti jamoasi ham ushbu ezgu islohotlar rivojiga o‘z ulushini qo‘shish, viloyatlardagi umumta’lim maktablaridagi mavjud sharoitni o‘rganish va ma’naviy ko‘mak berish maqsadida shu kunlarda Namangan viloyatiga tashrif  buyurishgan.

O‘quv yilining boshidan – 5 sentyabrdan boshlab, universitetning bir qator yosh, lekin muayyan bilim va tajriba to‘plashga ulgurgan yosh pedagoglari oliy ta’lim muassasasi rahbari boshchiligida Namangan viloyatidagi maktablar bo‘ylab safar uyushtirishgan. Jumladan, ular Namangan viloyati Chust tumanidagi qator maktablarda bo‘lib, u yerdagi mavjud sharoit, muammolarni o‘rganishmoqda, o‘zaro tajriba almashish uchun ochiq darslar tashkil etishmoqda.

Maktablardagi kutubxonalar va ulardagi axborot resurslari, o‘quvchilarning darslik bilan ta’minlanganlik holati, mavjud o‘quv va badiiy adabiyotlarning holati kabilarni o‘rganib, zaruriy tavsiya va takliflari bilan o‘rtoqlashishmoqda. Maktab o‘qituvchi va o‘quvchilarning dam olish kunlari va dasrdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga yordam berishni ko‘zlab, turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari, insholar tanlovlari o‘tkazishmoqda.

8 sentyabr kuni Chust tumanida Mavlono Lutfulloh nomli ma’daniyat va istirohat bog‘ida umumta’lim maktablari o‘qituvchi va ustozlari uchun o‘quvchilar va san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi o‘tkazildi.

E’tiborli jihati shundaki, ushbu tadbirga Chust tumanidagi barcha maktablarning pedagoglari va o‘quvchilari taklif etildi. Shu kunga qadar maktablarga tashriflar chog‘ida o‘rganilgan Chust tumani o‘rta ta’limi yutuqlari sarhisob qilindi.
Dastur doirasida o‘quvchilar ishtirokida ko‘rgazmali chiqishlar o‘tkazildi. Unda o‘quvchilar texnologiya darslarida, maktab to‘garaklarida o‘rgangan hunarlari asosida tayyorlangan mahsulotlar namoyish etildi.

Shu bilan bir qatorda, tadbirda tasviriy san’atga iqtidori baland o‘quvchilar o‘rtasida rasmlar tanlovi ham o‘tkazildi. G‘oliblar O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Shu davrga qadar o‘qishda va sportda muayyan yutuqlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar, mashaqqatli mehnati qadrlanib, turli davlat mukofotlarini qo‘lga kiritgan ustozlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘zDJTU jamoasi bunday tadbirlar orqali aynan maktablardagi ta’lim sifatini oshirish oliygohlar kelajagi va rivojining ham kafolati va mehnati samaradorligining asosi ekanligini amalda va so‘zda asoslamoqdalar.
Zero, Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev o‘rinli ta’kidlaganlaridek: «Moddiy va ma’naviy hayotni uyg‘un rivojlantirishimiz kerak. Maktab bu borada asosiy bo‘g‘in bo‘lishi lozim. Maktab ta’limini rivojlantirish biz uchun buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanishi zarur».

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

twelve − five =