KOREYADA TAHSIL OLAYOTGAN O‘ZBEKISTONLIK TALABALARGA QULAY SHAROITLAR YARATILADI
17.04.202416 aprel kuni Oliy ta’lim fan va innovatsiyatslar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Koreya Respublikasining Chunchongbuk-do provinsiyasi gubernatori Kim Yong Xvan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan hamkorlik ishlarini yanada rivojlantirish borasida muzokaralar olib bordilar.
Q. Sharipov hozirda O‘zbekiston Respublikasining 5 ta oliy ta’lim muassasasi Koreya Respublikasining 7 ta universiteti bilan yaqindan hamkorlik qilib, bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilganiga urg‘u berib, hudulararo aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni joriy etish vaqti kelganini ta’kidladi.
Kim Yong Xvan o‘z navbatida O‘zbekistonning inson resurslariga boy mamlakat ekani hozirda ko‘plab davlatlarning e’tiboriga sazovor bo‘layotgani, va mazkur resursdan oqilona foydalanish, sifatli mutaxassislar yetishtirish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirish masalasida o‘z takliflarini berdi.
Kim Yong Xvan o‘zi boshqarayotgan provinsiyada o‘zbekistonlik talabalarni grant asosida o‘qitish, ularni o‘qish davrida turar joy va qo‘shimcha ish bilan ta’minlash dasturini joriy etish taklifini berdi. Koreya delegatsiya a’zolaridan biri Jungwon universiteti rektori Hwang Yun Won birgina uning oliy ta’lim muassasasidagi barcha sharoitlarga ega talabalar turar joyida 2000 ta bo‘sh o‘rin borligi va o‘zbekistonlik talabalar hamda doktorantlarni qabul qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Talaba va doktorantlarning mazkur dasturda ishtirok etishlari uchun ular ingliz yoki koreys tillarini bilishi, akademik o‘zlashtirishi va xulqi qoniqarli bo‘lishi talab etiladi.
Uchrashuvda tomonlar talabalarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalar olishlari uchun sharoit yaratish orqali ikki davlat iqtisodiyotining rivojlanishiga ishonch bildirdilar