MADANIYATI, QADRIYATI, URF-ODATI BIZNIKIGA O‘XSHASH, BU YURTDA O‘ZIMNI HECHAM BEGONA HIS QILMAYMAN | Nabila Nabil Toki Qandiy

10.03.2023

“Ta’limga kiritilgan investitsiya eng muhim sarmoya” degan yaxshi ibora bor. Darhaqiqat, ta’limga yo‘naltirilgan mablag‘ mamlakat kelajagiga qaratilgan investitsiyadir.

Mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham aynan ilm-fan, ta’lim va tarbiya. Shu bois jahonning yetakchi davlatlarida ta’limni rivojlantirish birinchi galdagi vazifa sifatida belgilanadi.

Yurtimizda ham oliy ta’lim sohasida zamonaviy va oqilona tizim yaratilib, o‘qitish uslubi takomillashmoqda. Xususan, xorijdan yetuk pedagog kadrlar jalb etilib, ilg‘or tajribani ommalashtirishga urg‘u berilyapti.

Ma’lumki, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha yetakchi oliygoh sanaladi. Ahamiyatli jihati, bu yerda chet tillarini o‘rgatish uchun ko‘plab xorijlik o‘qituvchilar jalb qilingan. Biz Tarjimonlik fakultetida talabalarga arab tilidan saboq berib kelayotgan misrlik NabilaNabil Toki Qandiy bilan suhbatlashdik.

 – So‘zim avvalida betakror va go‘zal O‘zbekistonda faoliyat olib borayotganimdan baxtiyorligimni aytmoqchi edim. Zero, o‘zbek talabalarining bilim olishga, til o‘rganishga ishtiyoqi balandligi meni yanada ko‘proq ishlashga, izlanishga undayapti.

Ishlash uchun aynan O‘zbekistonni tanlaganimning sababi shundaki, mamlakatingiz haqida ko‘p ma’lumotga egaman. Madaniyati, qadriyati, urf-odati biznikiga o‘xshash bu yurtda o‘zimni hecham begona his qilmayman. Yon-atrofimdagilar, tanishlarim xuddi qardosh do‘stlarim kabi.

O‘zbekiston so‘nggi yillarda ta’limning barcha sohalariga jiddiy e’tibor qaratayotganiga guvohman. Masalan, xorijiy tillarni o‘rganmoqchi bo‘lganlar uchun o‘sha til bo‘yicha mahalliy ustozlarning dars berishi tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgani tahsinga loyiq. Masalan, misrlik mutaxassislar talabalarga arab tilini mukammal o‘rgatish maqsadida bu yerga kelib ta’lim beryapti.

O‘zbekiston va Arab davlatlari, jumladan, Misr oliy o‘quv yurtlari bilan yaqin hamkorlik qilib keladi.

Shu o‘rinda qayd etish kerak, davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabat tarixiy va chuqur ildizga ega. O‘tmishdan ma’lumki, buyuk o‘zbek allomasi Ahmad Farg‘oniy Misrda yashab, o‘lmas kashfiyotlar qilgan. Jumladan, alloma bunyod etgan, Nil daryosi suvini o‘lchaydigan “Miqyosi Nil” bugungi kunda ham Misr xalqi farovon hayotiga, davlat taraqqiyotiga xizmat qilmoqda. Bu inshoot qadimiyligi jihatidan islom yodgorliklari orasida Amri Ibn Oss masjididan keyingi ikkinchi o‘rinda turadi. Qolaversa, Misrda o‘zbek mahallasi, o‘zbek bog‘i bor.

“Ibn Tulun” Qohiradagi eng yirik va qadimiy masjid hisoblanadi. Manbalarda keltirilishicha, bu me’moriy obidaning qurilishi ham kelib chiqishi o‘zbek bo‘lgan inson nomi bilan bog‘liq.

Umuman, ta’lim tizimidagi hamda talaba-o‘qituvchilar almashinuvi meni oddiy bir ustoz sifatida juda xursand qiladi. Bu jarayonga davlat rahbarining shaxsan o‘zi alohida e’tibor berayotgani tahsinga loyiq.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlatimizga rasmiy tashrifi misrliklarni juda xursand qildi. Yaqin tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 2018 yil AbdulfattohAs-Sisi Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan mamlakatingizga kelgan edi. Yetakchilarning bu galgi uchrashuvi esa o‘zaro aloqani yanada yuksak pog‘onaga olib chiqishi shubhasiz. Muzokara davomida turizm, savdo, ta’lim singari yo‘nalishlarda o‘ttizga yaqin hujjat imzolandi. Ushbu kelishuvlar har ikki tomon uchun birdek manfaatli ekani aniq.

Bir so‘z bilan aytganda, bu betakror diyorda o‘zimni xorijlik his qilmayman.  Madaniyatimiz, urf-odatimiz, dinimiz mushtarak. O‘zbekiston mening ikkinchi Vatanim. O‘n ikki oydan beri shu zamindaman. O‘tgan davr mobaynida ko‘plab islohotlar, ijobiy o‘zgarishlarga, nafaqat chiroyli binolar qad roslayotgani, balki ijtimoiy-siyosiy, ilm-fan, madaniyat, ta’lim sohalari ham yuksalayotganiga guvohman.

Go‘zal Sattorova yozib oldi
O‘zA

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

13 + 15 =