MAHORAT MAKTABINING TAJRIBA SIRI

24.03.2021

Vatanning shodligi va qayg‘usini ko‘ngliga yaqin olgan kishi har qanday odamning qayg‘u va shodligiga befarq qaray olmaydi (V.A.Suxomlinskiy).

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti “Doktorantlar uyushmasi”da 2021-yil 10-15-mart kunlari, odatga ko‘ra, doktorantlarning taqdimot seminari bo‘lib o‘tdi. Universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Bakieva Gulandom Hisamovna tashabbuslari bilan har yili an’anaga muvofiq 6 oyda bir marotaba yo‘lga qo‘yiladigan mazkur tajriba almashish amaliyoti joriy yil davomida uch marta o‘tkazish rejalashtirilgan edi. Unda professor Bakieva Gulandom Hisamovna rahbarligida birinchi, ikkinchi va uchinchi kurs PhD va DSc doktorantlaridan iborat 51 ta taqdimotchilar hamda ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) G.Ergasheva, ilmiy rahbarlar, mustaqil izlanuvchilar, shuningdek, boshqa universitetdan tajriba almashish uchun tashrif buyurgan mehmonlar ishtirok etishdi. Ilm ahli davrasida beg‘araz do‘stlik, o‘zini tuta bilish mahorati, notiqlik san’ati, bir oila a’zolaridek qadrdon bo‘lib, bir-birining kelajagi uchun qayg‘urish, odilona yo‘l ko‘rsatish maqsad qilingan bu tajriba maktabi faoliyati har galgidek samarali natijalarga boy bo‘ldi. Teshaboeva Ziyodaxon Qodirovna, Umarova Mahliyo Yunusovna, Muradkasimova Kamola Shuxratovna singari DSc doktorant olimalari o‘zlarining qimmatli maslahatlari, yo‘l-yo‘riqlari bilan tadqiqotchilarni turli seminar va himoya jarayonlariga ruhan tayyorlab, ilm minbari mas’uliyati, amalga oshirilgan ilmiy yangiliklarni asoslash ko‘nikmasini shakllantirish borasida faollik ko‘rsatdilar. Seminar so‘ngida 51 ta taqdimotchi doktorantdan 30 foizi turli nominatsiyalar bo‘yicha mukofotlandi. Jumladan, “Eng yaxshi taqdimot sohibi” Kambarova Marjan, Dedaxanova Muazzam; “Eng yaxshi savol sohibi” Azizov Solijon; “Doimiy faol doktorant” Ismatova Shahnoza, “Eng yosh tadqiqotchilar” Toshpo‘latova Dildora, Dushaeva Umida kabi tadqiqotchilar munosib taqdirlandi.

Rus adibi L.N.Tolstoy aytganidek: “Ta’limga ehtiyoj har bir insonda mujassam. Xalq nafas olish uchun havoni qanchalik ardoqlasa va izlasa, u ta’limni ham shu qadar e’zozlaydi va izlaydi”. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari, “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonlari ijrosini amalga oshirish borasida bunday seminarlar alohida ahamiyatga molik. Zero, ta’lim sohasini takomillashtirish borasida qancha-qancha xalqaro bitimlar, davlat byudjetidan mablag‘lar ajratilyapti, biroq bularning ijobiy samarasi siz-u bizdek fan sohasi xodimlariga bog‘liq. “Agar yaxshilab tarbiya berilsa, yaxshilab sovitilsa, eng hurkak toylardan eng uchqur bedovlar chiqadi”, – degan edi Plutarx. Darhaqiqat, inson hamisha o‘rganishga, odil yo‘l ko‘rsatuvchi, beg‘araz maslahatgo‘ylarga muhtoj. Ko‘pchilikni oldida o‘zini tuta bilish, olimlar davrasida hayajonni yengish, kamtarlik bilan shu davraga xos muomala madaniyatini shakllantirish borasida ushbu seminar nihoyatda katta tajriba maktabi sifatida e’tiborga loyiq bo‘ldi. Ilm ahli orasida do‘stona ilmiy anjuman, bahs-munozaralar tashkil etish XV asrda Husayn Boyqaro, XIX asrda Umarxon Amiriy tashabbuslari bilan yo‘lga qo‘yilib, tarix zarvaraqlarida unutilmas xotiralar qoldirgani bejiz emas. Ahillik bor joyda taraqqiyot bo‘ladi. Olimlar, ziyolilar bir-birini mana shunday qo‘llab, ruhan madad berib turishi natijasida O‘zbekiston dunyo miqyosidagi munosib o‘rnini egallashi tabiiy. Zero, biz dunyoni lol qoldirgan buyuk xalq avlodlaridanmiz. O‘z iqtidori, zehni bilan jahon ahlini hayratga solgan qanchadan-qancha o‘zbek asrlar osha elimiz nufuzini oshirib kelgan daholarimiz izidan borib, chet ellarda yirik mansablarni egallab, bamisoli Abu Rayhon Beruniy, Jaloliddin Rumiy, Zahiriddin Muhammad Bobur mirzo singari o‘zga yurt dovrug‘ini ko‘tarib kelishmoqda.

Yurtimizning har qanday jabhasida, har bir tarbiyachi-ustoz sidqi dildan jonkuyarlik bilan ishlasa, shogirdlari o‘rtasida ahillik, ustoz-shogird o‘rtasida cheksiz hurmat, xalq ichida o‘zini tuta bilish ko‘nikmasini shakllantirib, jamiyatda munosib o‘rin egallashga o‘z hissasini mana shunday qo‘sha olsa, yurtimiz kelajagi yanada porloq bo‘lishiga to‘sqinlik qiluvchi hech qanday xavf qolmaydi. Insonni jamiyat shakllantiradi, qarindosh-urug‘, do‘st-u birodarlar, mahalla, jamoa, qolaversa, bu jamiyat uning o‘sib-ulg‘ayishida, umrguzaronligida istasa-yu istamasa unga tayanch bo‘ladi, parvoziga qanot beradi. Shunday ekan, har bir birodarimizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishimiz, vatanparvarlik burchimizdir, desak aslo mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Chunki Vatan taraqqiyoti uning har bir a’zosiga bog‘liq, Vatanni sevish bu xalqni sevish, demakdir. Bitta o‘zbek yurtni dunyoga tanitishi mumkin bo‘lganidek, bitta buzg‘unchi butun xalqni isnodga qoldirishi mumkin. Demak, O‘zbekiston bizning oilamiz, taniymizmi-yo‘qmi kimgadir yordam qo‘lini cho‘zsak, oila a’zolarimiz yutug‘iga munosib hissa qo‘shgan, o‘z insoniy yutug‘imizga erishgan bo‘lamiz. Vatanini sevgan, uning biron koriga yaragan inson mas’uliyatni his qilib yashaydi. Umri zoye o‘tmasligi uchun “Yaxshilik qil, suvga sol, suv bilmasa, baliq bilar; baliq bilmasa, Xoliq bilar” qabilida o‘zgalarga beminnat yordam qo‘lini cho‘zadi, qimmatli maslahatlar bilan yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi. Bu xizmati bilan u nafaqat bir insonning, balki butun bir xalq, Vatanning kelajagi porloq bo‘lishi uchun munosib hissa qo‘shganini o‘zi ham sezmay qoladi. Ta’lim berish, ezgulik ulashish hayotimizda chuqur ma’no kasb etishi insoniy g‘ururimizga g‘urur qo‘shadi. Hadisi shariflarda: “Foydali ilmlarni o‘rgatuvchi odamning gunohi kechirilishini so‘rab, har bir narsa, hatto dengizdagi baliqlar ham istig‘for aytadilar”, – deyilganidek, nafaqat olimlar, balki kichik davralarda ham do‘stona munozaralar tashkil etish, tajriba almashishni takomillashtirish joiz. Bog‘cha, maktab davrlaridan boshlab o‘zini tuta bilish ko‘nikmasini shakllantirish, oliygohlarda ham bir oiladek ahil bo‘lib, nuqsonlarni hamkorlikda tuzatish borasida faoliyat olib borish butun jamiyatni tarbiyalash bilan barobardir. O‘zaro ahilligimiz yurt tinchligi, Vatan taraqqiyotiga munosib hissamiz bo‘lishi tabiiy. Xulosa sifatida Alisher Navoiy hazratlarining quyidagi misralarini keltirish o‘rinli:

Nafing agar xalqqa beshak erur,
Bilki, bu naf o‘zingga ko‘prak erur.

Dadaxonova Marg’uba
O’zDJTU 1-bosqich tayanch doktoranti

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

sixteen − 7 =