MATNLAR TARJIMASI VA TAHRIRI – MURAKKAB VA MAS’ULIYATLI JARAYON (2-MAQOLA)

10.02.2020

2020-yilning 7-fevral sanasida O’zDJTU Ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlarni tayyorlash bo’limida yosh olimlar, mutaxassislar, tarjimonlar ishtirokida filologiya fanlari nomzodi, dotsent Muratova Ilmira Denisovna bilan xorijiy matnlarni tarjima va tahrir qilish masalalariga bag’ishlangan navbatdagi mahorat darsi tashkil etildi.

Respublikamizda xorijiy tillardagi ilmiy, badiiy, siyosiy, publitsistik  va boshqa turdagi matnlarning tarjima va tahrir qilish borasidagi tayanch muassasalardan biri  bu – O’zbekiston davlat jahon tillari universitetidir. Uzoq yillik faoliyati davomida universitet xorijiy tillarni o’qitish, malakali tarjimonlar tayyorlash, chet tillarida erkin muloqot qiladigan yetuk kadrlar tayyorlash masalalarida katta yutuqlarga erishgan. Ushbu maskanda o’z sohasining ustalari bo’lgan va respublikaning ko’zga ko’ringan olimlari talabalarga saboq berganlar va hozirda ham saboq berib kelmoqdalar.

Bugun O’zbekistonda boshqa sohalarda bo’lgani kabi ilm-fanni va ta’limni rivojlantirish sohasida ham katta o’zgarishlar, yangilanishlar chorrahasida turibdi. Bu borada xorijiy tajribani o’rganish, milliy tajribamizning eng so’nggi yutuqlarini tadqiq etish, turli soha va yo’nalishlarda ilmiy ixtirolar qilish, ularni O’zbekiston va jahon ilm ahliga hamda mutaxassislarga tanishtirishda matn tarjimasi, tahriri masalalari ham dolzarb bo’lib bormoqda.

O’zDJTU olimlari, doktorantlarini chet tillaridagi matnlarni tarjima qilish va tahririni amalga oshirish bo’yicha bilim va ko’nikmalarini sayqallantirib borish maqsadida tajribali mutaxassislar, tarjimon va muharrirlar ishtirokida mahorat darslari o’tkazish o’ziga xos an’anaga aylanib bormoqda.

Ushbu tadbir tarjima va tahrirning nozik qirralarini ham nazariy, ham amaliy tadqiq qilishga bag’ishlandi. Dars davomida olima o’zining uzoq yillik izlanishlari, tarjimashunoslik va ilmiy, badiiy va publitsistik matnlarni tahrir qilish bo’yicha to’plagan bilim hamda amaliy tajribalari bilan o’rtoqlashdilar. Tarjimashunoslik va matnlar tahririning tashkiliy jihatlari, turlari, amalga oshirish bosqichlari haqida batafsil ma’lumot berdilar.

Mahorat darsining amaliy qismida olima I.Muratova yig’ilganlar bilan bevosita ingliz, rus tillaridagi badiiy va ilmiy matnlarni tarjima, tahriri bo’yicha mashqlar bajarishdi. Keltirilgan bir qator misollar jahon adabiyotining ko’zga ko’ringan adiblari, jumladan, Teodor Drayzerning “Sister Carrie” (1900) – (“Kerri opa”), Uilyam Somerset Moemning “The Moon and Sixpence” (1919) – “Oy va sariq chaqa” romanlaridan bo’lib, ularni tarjimasi va tarjima qilingan  matnni tahrir qilish yosh olimlarga o’ziga xos mas’uliyat yuklagani tabiiy. E’tiborli jihati, olimlarga matnni tarjima qilish barobarida uning uslubi va tarixiylik koloritini saqlash, so’z tanlashda zamoniy tafovutlarni hisobga olish, lekin gap va jumlaning badiiy qiymatini tushirmaslik singari badiiy tarjimaning zalvorli talablari qo’yildi.

Shuningdek, matn bilan ishlash va tarjima qilishda eng murakkab jarayonlardan biri – sarlavhalar tarjimasi va tahriri bo’yicha amaliy mashqlar ham esda qolarli bo’ldi. Ma’lumki, sarlavha matnni asosiy mazmunini o’zida ifodalaydi, o’quvchi e’tiborini tortish vazifasini bajaradi. Sarlavhalarga qisqalik, mazmunlilik, o’rinlilik, mavzuga bevosita bog’liqlik kabi qator talablar qo’yiladi. Xorijiy tillardagi yangilik matnlarga sarlavha qo’yish yoki badiiy, publitsistik  matnlar sarlavhasini tarjima qilish ishtirokchilar o’rtasida katta qiziqish uyg’otdi. Qiziqarlisi, ular har bir misolni ham rus, ham o’zbek tiliga tarjima va tahririni amalga oshirdilar.

Mahorat darsining mazmundor bo’lishida olima I.Muratovaning tajriba va sohadagi chuqur bilimi ham muhim rol o’ynadi.

O’zDJTU 2-bosqich tayanch doktoranti Gulchehra Shaxaldarova bu borada quyidagi fikrlarni bildirdi:

“Elmira Denisovna – tarjimonlik fakultetining fidoyi ustozlaridan biri. Ingliz adabiyoti mutaxassisi. Men ularni bakalavr magistr davrimdan yaxshi bilaman. Qo’llarida tahsil olganman. Ular bizga nafaqat adabiyot sirlaridan, balki hayotiy tajribalari bilan ham o’rtoqlashar edilar. Bo’lajak tarjimon sifatida ularni sinxron tarjimon bo’lib ishlagan paytlari, xorij bo’ylab o’tgan sayohatlari bizga juda qiziq tuyular, eshitish zavq bag’ishlardi. Doktoranturada o’qish chog’ida ham ularning “master class”larida ishtirok etganimdan bo’lajak olim sifatida juda xursandman. Shunday jonkuyar ustozlarimiz borligiga rahmat”. 

Universitet 1-bosqich tayanch doktoranti Munisa Abdurahmonova ushbu mahorat darslarining borishi haqida shunday dedi:

“Ilmiy bo’lim va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlashda oyiga ikki marotaba doktorantlar uchun tahrir mahoratidan Elmira Denisovna tomonidan  o’tkazilayotgan seminarda qatnashamiz. Unda ustoz tahrirning turlari, tahrirchi etikasi, o’z ilmiy ishimizni tahrir qilayotganda nimalarga e’tibor berishimiz kerakligi, tarjimada kerak bo’ladigan mantiqiy fikrlash ko’nikmalari, ilmiy ish yozishda yo’l qo’yiladigan xatolar haqida zarur ko’rsatmalarni berib bormoqdalar. Amaliy vazifalar berib, tajriba sinov orqali tarjimonlik mahoratini oz bo’lsa-da oshirishga yordamlashyaptilar. Tahrir bobidagi bizni qiziqtirayotgan savollarga javob olyapmiz. Mazkur mahorat darslariga ustoz Qayumova Venera Favorisovna ham jalb qilinsalar juda yaxshi ish bo’lar edi.  Izlanayotgan sohamizdan kelib chiqib tajribali professor-o’qituvchilarning ma’ruzalarini tinglash ilmiy faoliyatimizga foydali bo’ladi”.

A.DADAXONOV
O’zDJTU tayanch doktoranti

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

three × 3 =