“MEDIALINGVISTIKA: NAZARIYASI VA AMALIYOTI” MAVZUSIDA XALQARO ILMIY-AMALIY KONFERENSIYA BO’LIB O’TDI
16.12.2020Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Bosma OAV va noshirlik ishi fakulteti “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi tomonidan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda “O‘zbekistonda xorijiy tillar” ilmiy-elektron jurnal va internet portali hamkorligida bugun, 2020-yil 16-dekabr kuni “Medialingvistika: nazariyasi va amaliyoti” mavzusida xalqaro miqyosdagi ilmiy-amaliy konferensiya onlayn tarzda o‘tkazildi.
Konferensiyani O’zJOKU rektori, s.f.n, dotsent Sherzodxon Qudratxo’ja ochib berdi. O’zJOKU rektori o’z nutqida medialingvistikaning nafaqat ilmiy hamjamiyat, balki keng jamiyat vakillari uchun ham naqadar muhim soha ekanligini alohida ta’kidlab o’tdi.
O’zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi (v.b.) Salim Xolmurod o’z kirish so’zida konferensiya ishtirokchilarini mazkur xalqaro miqyosidagi tadbir bilan qutladi.
Konferensiyaning yana bir muhim jihati shundan iborat bo’ldiki, unda nafaqat milliy, balki xorijiy mutaxassislar ham o’z ma’ruza va taqdimotlari bilan ishtirok etdilar. Jumladan, Dog’iston davlat universiteti dotsenti Tikayev Guseyn Gadjiibragimovich, Turkiyaning Otaturk universiteti professori Husayn Baydemir, “Amerika ovozi” o’zbek bo’limi bosh muharriri Behzod Mamadiyevlar konferensiyada o’z ma’ruzalari bilan qatnashdilar.
Turkiyaning Otaturk universiteti professori Husayn Baydemir “Katta o’zbekcha lug’at va o’zbek tilining izohli lug’ati” nomli ma’ruza-taqdimotida O’zbek tilining izohli lug’atida yo’l qo’yilgan kamchiliklar tanqidiy nuqtai nazardan emas, balki tuzatish taklifi sifatida tahlil etildi. “Biz tuzayotgan “Katta o’zbekcha lug’at”ning boshqa shu paytgacha yaratilgan lug’atlardan farqi shundaki, u lug’at barcha so’zlarni qamrab oladi; unda so’zlarning barcha ma’nolari beriladi; namuna sifatida gaplar beriladi; qo’shma so’z, tasviriy ifoda va iboralar ham mavjud bo’ladi”, — deydi Otaturk universiteti professori Husayn Baydemir o’z taqdimotida.
“Keyingi avlod — to’liq elektron avlod asri bo’ladi, deyish mumkin deydi O’zDJTU professori Muqaddas Israil “Medialingvistik savodxonlikni oshirish yo’llari: talabalar uchun maslahatlar” nomli taqdimotida. — Qanday asr bo’lmasin, u elektron asrmi, robotlar asrimi, farqi yo’q, ko’p o’qish va o’qiganlarni uqish davr talabi bo’lib qolaveradi. Yaxshi jurnalist ko’p o’qish asnosida o’zidagi farosatni shakllantiradi, fikrni teranlashtiradi, boshqalar uchun jurnalistni qiziqarli insonga aylantira oladi”. Shuningdek, professor taqdimoti yakunida taklif sifatida umumta’lim maktablarida “Media asoslari” fanini joriy etish lozimligini ta’kidladi.
“Behbudiyning shaxsi, tili va uslubi uning medialingvistikasidan sezilib turadi”, — deydi O’zJOKU “Bosma OAV va noshirlik ishi” fakulteti dekani, f.f.n., dotsent A.Nurmatov “Travel jurnalistikada muallif pozitsiyasi” mavzusidagi ma’ruzasida.
Anjumanda, shuningdek, O’zJOKU ilmiy va innovatsion ishlar bo’yicha prorektori f.f.n, dotsent Nozima Muratova, O’zDJTU professori Dilfuza Teshabayeva, O’zDJTU professori Gulnoz Halliyeva kabi sohaning yetuk mutaxassislari va boshqa professor-o’qituvchilar o’z taqdimot-ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. medialingvistikaning dolzarb masalalari, OAV matnlarining tili, uslubi va tahriri sohasida mavjud muammolar va ularning yechimlari, mediamatnlarning ta’sirchanligini oshirish yo‘llari, noshirlik sohasini rivojlantirish istiqbolli yo‘nalishlariga oid yangiliklar, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar, o‘zbek tilining sohada qo‘llanilishi, adabiyotshunoslik borasidagi masalalar jurnalistika va filologiya sohalaridagi olimlar, ilmiy tadqiqotchilar va malakali amaliyotchi-jurnalistlar tomonidan muhokama etildi. Mazkur ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lajak jurnalistlarning bilim, malaka va tajribasini, jurnalistik mehnat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot o’rnida, ushbu onlayn konferensiya ZOOM dasturida www.conference.fledu.uz platformasida o‘tkazildi.
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.