MILLIY PR-MARKAZIDA ZAVQLI AMALIYOT

18.03.2021

O’zimni tanishtiradigan bo’lsam, men Ma’rufova Robiyabonu, O’zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakulteti 2-bosqich talabalasiman. Biz uchun amaliyot muddati belgilangach, har bir talaba o’z qiziqishlariga ko’ra malakaviy amaliyot o’tash joyini aniqlashga kirishdi. Yo’nalishimiz «Madaniyatlararo kommunikatsiyalarning lingvistik ta’minoti», xalqaro aloqalarni yo’lga qo’yishga qaratilganligi tufayli, malakaviy amaliyot rahbarimiz – Xalqaro jurnalistika nazariyasi va amaliyoti kafedrasi katta o’qituvchisi S.Xodjaeva bizni turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi markaziy apparatiga olib borganlarida, O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qiluvchi markaz faoliyati e’tiborimizni tortdi. Xayrli bo’lsin, deya O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tarkibidagi Milliy PR-markaziga yo’l oldik. 2018 yilda tashkil etilgan bu markaz jahon hamjamiyati orasida O‘zbekistonning madaniy merosi, tabiiy boyliklari, ijtimoiy hayoti, madaniyat va sport sohalarini namoyish qilish, sayyohlar oqimini yanada oshirish bilan shug’ullanadi.

Milliy PR-markazi davlat unitar korxonasi Rossiya, AQSH, Turkiya, Germaniya kabi davlatlarda tashkil etiladigan xalqaro yirik sayyohlik ko‘rgazmalarida O‘zbekiston hukumati nomidan „O‘zbekiston“ yagona milliy stendi bilan ishtirok etadi. Shu bilan bir qatorda yurtimizda mahalliy va xalqaro tadbirlar o’tkazish, shu orqali O‘zbekistonning turizm brendi va imijini jahon sahnasiga olib chiqish ham markaz zimmasiga yuklatilgan.

Biz ham a’zosiga aylangan PR-jamoasi ahil-inoq, ijodkor insonlardan iborat. Markazda ko‘rgazma va tadbirlar o‘tkazish, tarqatma materiallar tayyorlash, Internet tarmog‘ini yuritish uchun mas’ul bo’lgan mutaxassislar, professional fotosuratchilar, operatorlar va montaj ustalari faoliyat yuritadi. Markaz faoliyati bilan tanishar ekanmiz, yurtimizning turizmga oid yutuqlari va imkoniyatlarini yoritish bo‘yicha ko‘plab broshyuralar, bukletlar va kitobchalar yaratilgani, hozirgi kunda esa “Uzbekistan travel” nomi ostida har 3 oy muddatda nashr etiladigan mustaqil jurnal ustida ishlanayotgani haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo’ldik.

Bir necha tillarda chop etiluvchi tarqatma materiallar yurtimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali butun dunyoga tarqatiladi. Tizimda panoramali fotomateriallar, sayyohlik obyektlari va diqqatga sazovor joylarning videoroliklar bazasi ham yaratilgan. Markaz mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan www.uzbekistan.travel yagona milliy sayyohlik portalida Vatanimizning go’zal ziyoratgohlari, azim shaharlar va betakror tabiat manzaralari sayyohlar uchun foto, video va maqola ko’rinishida 10 dan ortiq tilda taqdim etiladi. Bundan tashqari O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylariga onlayn turlar tashkil etilgan bo’lib, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda yurtimizning sayyohlik brendi namoyish etiladi. Chet ellik mashhur blogerlar va OAV vakillari bilan hamkorlik aloqalari va reklama faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Yurtimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonining ortishi, turizm ko’rsatkichining yuqorilab borishi zamirida zavqli, shu bilan birga mashaqqatli va mas’uliyatli mehnat yotadi. Vatanimizning oltinga teng merosi, qadimiy obidalari va muqaddas qadamjolarini butun dunyoga tanitish, o’zbek millatining shonli o’tmishi, zafarli buguni va nurli kelajagini xalqaro miqyosda ko’z-ko’z qilish maqsadida olib boriladigan say’-harakatlar, albatta, o’z natijasini beradi.

Robiyabonu Ma’rufova,
O’zDJTU, “Xalqaro jurnalistika” fakulteti,
Madaniyatlararo kommunikatsiyalarning lingvistik ta’minoti yo’nalishi
202 guruh talabasi

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

ten − six =