MUVAFFAQQIYATLI KOMMUNIKATSIYA UCHUN ENG MUHIM 10 TA KO’NIKMA

17.03.2021

Samarali kommunikativlik xususiyatiga ega bo’lish inson hayotidagi eng zarur qobiliyat hisoblanadi. Chunki u nafaqat bizning biznesimizda, balki shaxsiy munosabatlarimizda ham omad kalitidir.  Muvaffaqqiyatli kommunikatsiya uchun esa eng yaxshi murabbiy — hayot. Siz bir necha kommunikatsiya modellari bilan tanishish orqali qanday qilib olg’a intilish sirlarini bilib olasiz.

Quyida siz kommunikatsiyada muvaffaqqiyatga eltuvchi 10 usul bilan tanishishingiz mumkin. Ushbu usullarni yaxshi o’zlashtirib oling va ular yaqin kelajakda sizga o’z natijasini ko’rsatadi.

1. Tinglash qobiliyati

Samarali kommunikatsiyaning eng muhim talablaridan biri yaxshi tinglovchi bo’lish qobiliyatidir. Odamlarga o’zlari xohlaganini gapirib, ularni eshitishni xohlamaydigan insonlar bilan suhbatdosh bo’lish yoqmaydi. Samarali kommunikatsiya sizdan tinglay bilish qobiliyatini talab qiladi, shuning uchun bu qobiliyat odat tusiga aylanguncha insonlarni eshitishni kundalik mashg’ulotga aylantiring. Shunday qilib, yaxshi tinglovchi bo’lish nimalardan iborat? Tinglash qobiliyati sizdan insonning sizga aytayotgan ma’lumotlarini tinglash va tushunishni talab qiladi. Yo’qsa, siz insonlarning nima gapirayotganini to’liq tushuna olmaysiz va tegishli javobni qaytarishingiz ham amri mahol. Siz savollar berish yoki sizga aytilgan narsalarni qayta ko’rib chiqib aniqlashtirish orqali sizga yetkazilgan xabarni to’liq tushunganingizga amin bo’lishingiz mumkin.

2. Noverbal kommunikatsiya

Biz ishlatayotgan so’zlar kommunikatsiyaning faqatgina 7% ini tashkil qilib, muloqotda noverbal kommunikatsiya juda muhim. Tana tili (ovoz ohangi, qo’l ishoralari va ko’z bilan aloqalar) kommunikatsiyadagi eng zaruriy quroldir.

Agar siz muloyim va do’stona ohangda gapirishga odatlansangiz, odamlar siz bilan ochiq muloqot qilishga intiladi. Shunday ekan, oyoqlar va qo’llar harakatini erkin tutishga odatlaning. Odamlar bilan ko’z orqali aloqa o’rnating, ammo ularga tikilib qaramang, bu ularga noqulaylik hissini berishi mumkin. Shuningdek, noverbal signallarning boshqa shaxs tomonidan ham namoyish etilayotganini bilishingiz muhim ahamiyatga ega. Bu signallar sizga bu odam o’zini qanday his qilayotgani haqida tushuncha beradi.

3. Aniq va lo’nda gapiring!

Xabarlaringizni iloji boricha bir necha so’zlar yordamida yetkazishga harakat qiling. Xabarni yuzma-yuz, telefon yoki elektron pochta orqali yetkazishda, uning aniq, qisqa va to’g’ridan-to’g’ri bo’lishiga e’tibor bering. Agar so’zlaringiz ortiqcha bo’lsa, tinglovchi e’tiborini yo’qotadi yoki so’zlashdan ko’zlagan maqsadingizni tushunmay qoladi. Shuning uchun gapirishdan oldin yetkazmoqchi bo’lgan xabaringiz haqida mulohaza qiling. Bu bilan siz chalkashish va tushunmovchiliklar oldini olgan bo’lasiz.

 4. Ochiq bo’ling

Yuzma-yuz suhbat jarayonida, oddiy tabassum bilan do’stona ohangdan foydalaning va shaxsiy savolingizni bering. Bu jihat odamlarni siz bilan rost va ochiq muloqotga kirishga undaydi. Yozma ( email) aloqaga kirishganda esa bunga oddiy “Haftaning so’nggi kunlarini qanday o’tkazdingiz?” kabi xabar bilan amalga oshirishingiz mumkin.

5. O’zningizga ishongan holatda bo’ling

Ishonch barcha samarali kommunikatsiyalarning asosi. Agar tovushda ishonchingiz aks etsa, boshqa odamlar, albatta, siz aytgan narsaga ishonadi. Ko’z bilan, lekin do’stona (hech qachon agressiv bo’lmagan) ohangdagi aloqa insonda ishonch hosil qiladi. Har doim boshqa shaxsga tinglashni va uning noverbal (og’zaki bo’lmagan) harakatlari ham alohida ma’no anglatishini unutmang.

6. Hamdard bo’ling

Hamdardlik insonlarni tushunish va hissiyotlarni boshqalar bilan o’rtoqlashish qobiliyati.

Muloqot qilayotgan insonlaringizning fikriga qarshi bo’lsangiz ham, ularning qarashlarini hurmat qilishingiz va ularni tushunishga harakat qilishingiz kerak. “Men sizning nima demoqchiligingizni tushundim” — deb, ularga hurmat ko’rsating va ularning sizga tushuntirishlariga qo’yib bering.

7. Doimo ochiq (shaffof) fikrlang

Samarali kommunikator bo’lish har bir suhbatga moslashuvchan, ochiq fikr bilan yondashishni talab qiladi. Bunga erishish har doim ham oson emas, lekin samarali muloqot qilish uchun juda muhimdir. Har doim faol tinglash bilan shug’ullaning va boshqa odamning nuqtai nazari nima ekanligini tushunganingizni tan olib, hamdard ekanligingizga ishonch hosil qiling. Ushbu yondashuvni qabul qilish har doim samimiylik va samarali muloqotni ta’minlaydi.

8. Hurmat ko’rsating 

Agar boshqalarning g’oyalarini hurmat qilsangiz, ularning siz bilan muloqotga kirishish ehtimoli ko’proq bo’ladi. Odamga o’z ismi bilan murojaat qilish uni qadrlashlarini his qilishiga imkon yaratadi. Agar telefon orqali muloqot qilsangiz, doimo suhbatga e’tiboringizni qarating va biron bir narsaga chalg’imaslikka harakat qiling. Elektron pochta orqali muloqotda esa qabul qiluvchiga ism-sharif  bilan murojaat qilishga e’tibor berib, xabaringizni tuzish va tahrirlashga alohida vaqt ajrating.

9. Fikr bildiring va qabul qiling

Odamlarga mulohaza bildirish va ularning mulohazalarini qabul qilish, ayniqsa, boshqa odamlarni boshqarishni o’z ichiga olgani uchun ham juda muhim muloqot qobiliyatidir. Konstruktiv (asos qilib olsa, amal qilsa boʻladigan) mulohazalarni taqdim etish, shuningdek, kimnidir maqtash, motivatsiyani oshirishi va ruhiy holatni kuchaytirishi mumkin.

Boshqalarning fikr-mulohazalarini qabul qilishingiz va rag’batlantirishingiz shunchaki muhim. Har doim mulohazalarni tinglang va ularga nisbatan ijobiy munosabatda bo’ling. Agar siz fikr-mulohaza bildirishda ikkilansangiz, aniqroq tushunish uchun suhbatdoshingizga savol bering.

10. “Oltin oraliq” yodingizda bo’lsin! 

Eng so’nggi ko’nikma bu — eng samarali kommunikatsiya shakli qandayligini bilish. Agar siz eng yaxshi kommunikatsiya usulidan foydalanishni unutmasangiz, natija ijobiy bo’ladi.

Siz kim bilan muloqot o’rnatishingiz, mavzu qanchalik muhim va u odam qanchalik band bo’lishi mumkinligi kabi narsalarni ko’rib chiqing. Masalan, o’zingizning xo’jayiningizdan maoshingizni oshirishni so’rash hech qachon jiddiy qabul qilinmaydi, agar siz buni matn orqali qilsangiz – qanday xabar yozish to’g’ri ekanligi haqida o’ylab ko’ring!

Maqola “Skillsology” sayti muallifi Libbi Siyri tomonidan yozilgan.

Nuriyaxonim Ulug’bek qizi tarjimasi,
Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

one + 2 =