Netiket — (“tarmoq (ingl. net)” va “etika” so‘zlarining birlashishi) ko‘pchilik rioya qiladigan Internet hamjamiyatining xulq-atvori, muloqot usuli va madaniyati qoidalari jamlanmasidir. Quyida berilgan bir nechta qoida siz uchun tarmoqlarda etika asosida muloqot qilishingizga yordam beradi:
- Layk va repostlardan ehtiyot bo‘ling. Repost yoki kulgili rasmga layk bosish ba’zida hatto jinoiy javobgarlikka ham tortilishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish tavsiya etilmaydigan mavzular: millatlar mavzusidagi matnlar, rasmlar va videolar; dinlarni masxara qiladigan kontent; fashizm va terrorizm haqidagi ma’lumotlar. Sizni xavf ostiga qo‘yishi mumkin bo‘lgan xabarlarni tarmoqlarga joylashtirmang va bunday xabarlarga layk bosmang.
- Tarmoqda notanish odamlar bilan muloqot qilishda avval o‘zingizni tanishtiring va ularga “siz” deb murojaat qiling. Agar siz ijtimoiy tarmoq yoki messenjerda kimnidir do‘stlaringiz qatoriga qo‘shishni xohlasangiz, kimligingizni va nima uchun u bilan do‘stlik aloqasini o‘rnatmoqchi ekanligingizni yozing. Oddiy xushmuomalalik qoidalari virtual makonga ham tegishlidir.
- Yozishda savodxon bo‘ling. Imlo qoidalari va hattoki tinish belgilariga ham alohida e’tibor bering.
- Smayliklarni suiiste’mol qilmang. Internet-yozishmalarda suhbatdoshning intonatsiyasini tushunish qiyin, shu sabab smaylik va emojilar yordamga keladi. Ammo smayliklarning o‘ta ko‘pligi nima demoqchi ekanligingizni o‘qish va tushunishni qiyinlashtiradi. Xuddi shu narsa #heshteglarga ham tegishli.
- Xabarlarni maydalamang. Xabarni so‘z yoki jumla bilan yuborish ko‘pincha chalkashlikka olib keladi. Siz hali fikrni tugatmadingiz va suhbatdosh allaqachon javob berishni boshlagan, siz uning so‘zlariga javob berasiz, u sizning fikringizga javob beradi — natijada betartiblik paydo bo‘ladi.
- CapsLockdan foydalanmang. Internetda katta harflar bilan yozish real hayotdagi “baqirib muloqot qilish”ni anglatadi.
- Birovning vaqtini hurmat qiling. Ko‘pincha xabar almashish bir zumda sodir bo‘ladi. Ammo suhbatdosh darhol javob bermasa (hatto uning holati onlayn bo‘lsa ham) xafa bo‘lmang. Tungi vaqt xabarlar uchun yaxshi vaqt emas. Ayniqsa, “shoshilinch” belgisi bilan.
- Do‘stlaringiz bilan tushilgan rasmlarni ularning ruxsatisiz tarmoqqa joylashtirmang. Birinchidan, fotosurat do‘stingizga yoqmasligi mumkin. Ikkinchidan, hamma ham shaxsiy hayotini namoyish qilishni xohlamaydi. Fotosuratlarni ruxsatsiz joylashtirish muammolarga olib kelishi mumkin.
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.