NISHONOV MANNOBJON NISHONOVICHNING PORLOQ XOTIRASIGA

16.10.2019

(1949-2019)

Respublikamiz va uning sarhadlaridan tashqarida o‘z o‘rni va ovoziga ega bo‘lgan taniqli tilshunos-romanist, yetuk olim, tabarruk inson, yoshlarning suyukli ustozi, maslahatchisi va mazmunli hayoti bilan o‘chmas iz qoldirgan Mannobjon Nishonovich Nishonov 1949-yil 11-yanvarda Andijon viloyati, Asaka tumani Qipchok qishlog‘ida tavallud topgan.

1966-yili o‘rta maktabni muvaffaqiyatli tugatib, Toshkent davlat chet tillar pedagogika institutining fransuz tili fakultetiga o‘qishga kirdi.

1971-yili mazkur oliy ta’lim muassasasini imtiyozli diplom bilan tugatib, fransuz tili leksikasi va stilistikasi kafedrasiga o‘qituvchi lavozimiga ishga qabul qilindi.

1972–1975-yillarda Toshkent davlat chet tillar pedagogika instituti aspiranturasida tahsil olib, 1979-yili Moskva davlat universitetida “Сопоставительное изучение инфинитива во французском и узбекском языках” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi va filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga, 1991-yilda esa dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘ldi.  

1981–1982-yillarda Fransiyaning Sorbonna universiteti ilmiy tadqiqotchisi.

1983–1985-yillarda Andijon davlat tillar pedagogika institutida katta o‘qituvchi, fakultet dekani o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

1985–1987-yillarda Toshkent davlat chet tillar pedagogika instituti fransuz tili kafedrasi mudiri, 1987–2014 yillarda fransuz tili fakulteti dekani, magistratura bo‘limi dekani, universitet ma’naviy-ma’rifiy ishlari,  akademik litseylar va marketing xizmati hamda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2014–2019-yillarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti fransuz tili nazariyasi va amaliyoti kafedrasi dotsenti lavozimida ishlab kelgan.

M. Nishonov tomonidan hammualliflikda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda respublika umumta’lim maktablarining 6-, 8-, 11-sinflar uchun fransuz tili darsligi, respublika oliy ta’lim muassasalari 1- kurs talabalari uchun “Thé ou café” darsligi, “Fransuzcha – o‘zbekcha lug‘at”, “O‘zbekcha-inglizcha-ruscha-arabcha ma’naviyat lug‘ati” yaratilgan.

2005-yilda fransuz tilini o‘qitishda ko‘rsatgan jonbozligi uchun Fransiyaning “Akademik Palma” ordeni kavaler darajasi bilan taqdirlangan.

Ustozning 100dan ortiq ilmiy maqola va tezislari respublika hamda xorijdagi nufuzli ilmiy jurnallar va ilmiy-amaliy anjumanlar materiallari to‘plamlarida nashr etilgan.

M. Nishonov nafaqat yetuk olim, balki mohir tashkilotchi,  yoshlarning suyukli ustozi, hamkasblari orasida alohida hurmat va ehtiromga loyiq inson edi. Ustozning respublikamizda tilshunoslik fanini rivojlantirish, yosh mutaxassislarni tayyorlash va tarbiyalashdagi xizmatlari mamlakatimiz tomonidan munosib taqdirlangan.

Bugungi kunda ustozning shogirdlarini mamlakatimizning barcha hududlarida, shuningdek, boshqa respublikalarda ham uchratish mumkin. Ular ustozning ishlarini fidokorona davom ettirib kelmoqdalar.

Ustozning oxiratlari obod bo‘lsin, ularning porloq xotirasi qalbimizda mangu yashaydi.   

Zulfiya Davronova,
“Fransuz tili nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi mudiri

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

9 − 7 =