OʻZBEKISTON-KOREYA OLIY TAʼLIM MUASSASALARI REKTORLARI FORUMI OʻZ ISHINI BOSHLADI
27.03.2023Xabar berilganidek, Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 27-28-mart kunlari Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Oʻzbekiston-Koreya oliy taʼlim muassasalari rektorlari forumi oʻtkazilmoqda.
Ushbu nufuzli xalqaro forumda ikki davlat tomonidan 100 dan ortiq oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, vazirlik va idoralar masʼullari ishtirok etmoqda.
Oʻzbekiston-Koreya oliy taʼlim muassasalari rektorlari forumining yalpi majlisi
Anjuman yalpi majlisini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov kirish soʻzi bilan ochib, tashrif buyurgan mehmonlarni samimiy qutladi.
«Keyingi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi bilan oliy taʼlim sohasidagi aloqalarimiz sezilarli darajada faollashdi. Oldimizda turgan katta vazifalardan biri bu yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy mehnat bozoriga yoshlarimizni munosib tayyorlash uchun taʼlim sifatini yanada yuqori darajaga koʻtarishdir. Oʻzbekistonda tashkil etilgan Janubiy Koreyaning yetakchi oliy oʻquv yurtlari – Inxa, Adju, Puchon va Koreya xalqaro universitetlarining filiallari kadrlar tayyorlashga, xususan texnik va muhandislik yoʻnalishlariga ixtisoslashgani bejiz emas. Koreya universitetlari bilan tibbiyot, innovatsion texnologiyalar, mashinasozlik, energetika, qayta tiklanuvchi energiya manbalari kabi yoʻnalishlarda qoʻshma taʼlim, ilmiy tadqiqotlar dasturlarini yaratishdan manfaatdormiz».
So‘zga chiqqan Koreya taʼlim vazirligining Global taʼlimni rejalashtirish Byurosi bosh direktori Ji Yong Pak xonim ushbu forum ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.
– Bugun mubolagʻasiz aytishimiz mumkinki, Oʻzbekiston-Koreya oʻrtasida taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohalarida muvaffaqiyatli rivojlanib borayotgan sheriklik oʻzaro manfaatli va samarali hamkorlikning yorqin namunasidir, – dedi Ji Yong Pak xonim.
Shuningdek, anjumanda so‘z olganlar ikki davlat taʼlim sohasida hamkorlik aloqalari, uning yutuqlari va istiqbollari haqida toʻxtalishdi. Forum ishiga muvaffaqiyat tilanib, ushbu nufuzli anjuman natijasi mamlakatlar oʻrtasida sohadagi aloqalarning jadallashuviga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Forumda videokonferensaloqa orqali ishtirok etgan Koreya Respublikasi bosh vazir o‘rinbosari, ta’lim vaziri Lee Ju-Ho forum tashkilotchilariga o‘z minnatdorligini bildirdi.
– Mazkur forum Koreya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi davlat rahbarlarining so‘nggi uchrashuvidan so‘ng o‘tkazilayotgan ilk tadbir bo‘lganligi bilan ham yanada ahamiyatlidir, – dedi Lee Ju-Ho. – Hozirgi kunda butun dunyo oliy ta’limida vaziyat o‘zgarib bormoqda. Raqamli transformatsiya, shu jumladan, GPT kabi sun’iy intellektning tez sur’atlar bilan rivojlanishi bois oliy ta’lim muassasalarining faoliyati ham o‘zgarishi muqarrardir. Ushbu forumning o‘tkazilishi har ikki davlatning raqamli transformatsiyasi davrida ta’lim va inson resurslari sohasidagi almashinuvning faollashuvi, kelajakdagi rivojlanishi uchun zamin yaratadi, degan umiddamiz.
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.