O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabrdagi PF-5847-son Farmoni ijrosini o‘z vaqtida va sifatli bajarish, oliy ta’lim sohasida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarning mazmun-mohiyatini institut professor-o‘qituvchi va xodimlariga yetkazish, har bir professor-o‘qituvchida oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasini amaliyotga tadbiq etishda daxldorlik hissini uyg‘otish, har qanday innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, sohadagi mavjud muammolar ustida ilmiy izlanishlari olib borishlari uchun shart-sharoit yaratib berish maqsadida 2019-yil 23-28-dekabr kunlari Samarqand davlat chet tillar institutida sohaning yetakchi olim va mutaxassislari ishtirokida seminar-trening tashkil etildi.
Seminar-treningda ma’ruzachi sifatida nafaqat SamDCHTI professor-o‘qituvchilari, balki O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi Chet tillarni o‘qitishning innovatsiyaviy metodikalarini rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazining yetakchi olimlari M.Irisqulov “Xorijiy til bilimlarini baholashdagi zamonaviy yondashuvlar” va “Ta’lim standartlari va me’yoriy-uslubiy hujjatlarni ishlab chiqish, tadbiq qilish va takomillashtirish” mavzulari bo‘yicha hamda N.Qambarov “Tarjima va lingvokulturologiya muammolari” va “Ingliz tiliga xos bo‘lgan ko‘p ma’noli so‘zlar tarjimasi xususida” mavzulari bo‘yicha chiqish qilish uchun jalb etildi.
Bir hafta davom etgan seminar-treninglarda professor-o‘qituvchilar faol ishtirok etib, so‘nggi yillarda oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, bunda SamDCHTI professor-o‘qituvchilari oldida turgan dolzarb vazifa va topshiriqlar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishdi.
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.