O‘ZBEK TILI VA ADABIYOTINI TARG‘IB QILAYOTGAN BIR GURUH OLIMLARGA BAKUDA “ALISHER NAVOIY” NOMIDAGI MEDAL TOPSHIRILDI
08.02.2023Joriy yilning 6-7-fevral kunlari Ozarbayjon Milliy Ilmlar Akademiyasida “Alisher Navoiy va XXI asr” mavzusida an’anaviy universitetlararo ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 8 yildan buyon tashkil etiladigan mazkur xalqaro anjuman bu yil ilk bor Ozarbayjonda bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda AQSh, Ozarbayjon, Turkiya, Vengriya, Tojikiston va boshqa mamlakatlardan 100ga yaqin olim va jamoat arboblari ishtirok etib, unda Navoiy adabiy merosining jahon tamaddunida tutgan o‘rni, shoir asarlarining xorijiy tillarga tarjima qilinishi, matnshunoslik masalalari, ta’lim tizimida Navoiy asarlarini o‘qitish muammolari kabi qator yo‘nalishlarda ma’ruzalar tinglandi.
Bu yilgi konferensiyaning yana bir ahamiyatli jihati, unda “Alisher Navoiy” nomidagi medalning ta’sis etilishi bo‘ldi.
Tadbir davomida Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan mamlakatimiz va jahonda o‘zbek tili, adabiyoti, madaniyatini targ‘ib etayotgan, shu yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqot olib borayotgan zamondosh olimlarga “Alisher Navoiy” nomidagi medal topshirildi.
Yakunda anjumanning xalqaro ahamiyatini yanada oshirish maqsadida har yili “Alisher Navoiy va XXI asr” ilmiy-amaliy konferensiyasini xorijning nufuzli ilmiy maskanlarida o‘tkazishga kelishib olindi.
Ma’lumot o‘rnida, konferensiya materiallari Scopus ilmiy bazasida indekslanadi.
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.