O‘ZBEK TILIDA ONLAYN TA’LIM PLATFORMASI ISHGA TUSHDI

19.10.2019

“Khan Academy Uzbek” – o‘zbek tilidagi onlayn ta’lim platformasi (xanakademiyasi.uz) rasman ishga tushdi. Zarur fanlar bo‘yicha xalqaro bilimlarni o‘zida jamlagan mazkur onlayn ta’lim bepul.

18 oktyabr kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida mazkur o‘zbek tilidagi ilk onlayn platformaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mamlakatimizdagi qator vazirlik va idoralar, diplomatik korpus, xorijiy va mahalliy kompaniyalar vakillari, umumta’lim fanlari o‘qituvchilari, iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etdi.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Sarvar Boboxo‘jayev, Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Alisher Sa’dullayev va boshqalar o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan sana oldidan ishga tushirilgan mazkur loyiha mamlakat ta’lim tizimida yangi sahifa ochishi bilan birga ilmda yuksak marralarni ko‘zlagan yoshlar uchun munosib tuhfa ekanini ta’kidladi. Ishtirokchilar o‘zbek tilidagi onlayn ta’lim platformasi bilan yaqindan tanishdilar.

Global tarmoqda “Khan Academy” (Xan akademiyasi) onlayn ta’lim platformasi mavjud. U matematika, fizika, kimyo, biologiya, iqtisodiyot, ingliz tili grammatikasi, tibbiyot, astronomiya, moliya, tarix kabi fanlar bo‘yicha 10 mingdan ziyod videodarslar va 100 mingdan ortiq mavzulashtirilgan interaktiv mashqlarni o‘zida jamlagan.

Internetda fanlar bo‘yicha o‘zbek tilidagi ma’lumotlar yetishmovchiligini bartaraf etish maqsadida o‘zbekistonlik bir guruh ko‘ngillilar platforma kontentini mahalliylashtirish, ya’ni o‘zbek tiliga o‘girishga bel bog‘lagan edi. Oradan yetti oy o‘tib, loyiha mualliflari Botir Orifjonov, Nigora Orifjonova, Umid Ishmuhammedovlar boshchiligida shakllantirilgan jamoa homiylar, mamlakatimizdagi tegishli vazirlik va idoralar, tashkilotlar ko‘magida “Xan” o‘zbek akademiyasini yaratishga muvaffaq bo‘ldi.
“Khan Academy Uzbek” asoschilarining aytishicha, yetti oy bunday ulkan loyihani amalga oshirish uchun juda qisqa fursat. Shu vaqt davomida “Xan akademiyasi” ma’lumotlarining 61 foizi tarjima qilingan, 712 ta video dars yaratilgan.
Mutaxassislar e’tiroficha, mazkur ta’lim platformasi qator xususiyatlarga ega. Birinchidan, dastur tizimi mukammal o‘rganishga asoslangan. Platformadagi sun’iy idrok o‘quvchi bilim darajasining muntazam oshirib borilishiga e’tibor qaratadi. Ikkinchidan, mashg‘ulotlar individuallashtirilgan, o‘quvchining qabul qilish tezligi, qobiliyatiga qarab bilim olish imkoniyati yaratilgan. Batafsil statistika va teskari sinfxona orqali o‘quvchining o‘zlashtirish darajasini bilib borish mumkin. Shuningdek, onlayn platformada ro‘yxatdan o‘tmasdan turib ham foydalanish imkoniyati mavjud.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, loyihani ro‘yobga chiqarishda 800 dan ziyod donor ishtirok etgan. Platformaning 3 yillik moliyaviy rejasi 514 ming 216 dollarga teng, hozirgacha ushbu mablag‘ning 200 ming dollari homiylar tomonidan qoplangan. Shu bilan birga mazkur loyihani xohlagan kishi qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Tadbir doirasida “Khan Akademy Uzbek”ni ro‘yobga chiqarishga ko‘mak bergan homiylar taqdirlandi.

23.JPG
Foto: uza.uz
7.JPG
Foto: uza.uz
2.JPG
Foto: uza.uz

Manba: uza.uz

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

1 + six =