O‘ZBEK XALQINING MING YILLIK XAZINASIGA KALIT

20.09.2020

O‘zbekistonning Tojikistondagi Elchixonasi va Sug‘d viloyati “O‘zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi” hamkorligida Xo‘jand shahridagi Toshxo‘ja Asiriy nomidagi Sug‘d viloyat ommaviy kitobxonasida “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” taqdimoti o‘tkazildi.

Taqdimotda markaz faollari, shoir, yozuvchi, jurnalist va olimlar, talaba yoshlar qatnashdi. Markaz raisining birinchi o‘rinbosari Ozod Meliboyev o‘zbek tilining yangi chop etilgan besh tomlik izohli lug‘ati haqida ma’lumot berib, bu nashr 1981 yili chop etilgan 2 tomlikdan so‘zlarning ko‘pligi bilan farq qilishini, ayni paytda 2008 yil chop etilgan besh tomlikda yo‘l qo‘yilgan imloviy, punktuatsion kamchiliklar tuzatilganligini, so‘z va iboralarga keltirilgan ba’zi misollar yangi, eng xarakterli bo‘lganlariga almashtirilganligini ta’kidladi.

“O‘zbek tilining izohli lug‘ati” butun boshli o‘zbek xalqining eng asosiy ma’naviy boyliklaridan, yana ham aniqrog‘i ming yillar davomida jamlangan o‘zbek ma’naviy boyligining kaliti, ekanligiga urg‘u berdi.
“O‘zbek tilining so‘z boyligi rus va tojik tillarinikidan kam emasligi bizni juda quvontiradi. Besh tomli kitobda 80 mingdan ortiq so‘z jamlangan. Shu boylik bizniki, butun dunyodagi o‘zbeklarniki. Bu xazina hammamizga teng taqsimlangan. Asli bu dunyoda yer, suv, tabiat ne’matlari, yer osti, usti boyliklari, birortasi so‘zdek adolatli taqsimlanmagan. So‘z hammaga birdek, uni tortib olib, o‘tda yoqib, suvga cho‘ktirib bo‘lmaydi. So‘z shu qadar ajoyib boylikki, uni ishlatganing sari ko‘payaveradi. Ulashganing sari qadri-qimmati, qudrati oshaveradi. Odatda, so‘z haqida so‘z ketganida vujudimni hayrat bosadi. Zero, so‘zda sehr bor, so‘zda qudrat bor! Asli bu dunyoda so‘zdanda ulug‘roq, qudratliroq, abadiyroq hech narsa yo‘q! Agar bo‘lganida edi, Alloh bandalariga Tavrot, Zabur, Injil va Qur’on so‘zlari bilan murojaat etmas edi…”, deydi Ozod Meliboyev. Uning fikricha, o‘zbek tilining imkoniyatlari tojik, rus, arab, ingliz, ispan tillarinikidan kam emas. Zero, bu tillarda yaratilgan durdona asarlar o‘zbek tiliga o‘girilmoqda va ularning jozibasi asliyatdan kam emas. Ayni paytda sof o‘zbek tilida yaratilgan badiiy adabiyot namunalari boshqa xorijiy tillarga ham tarjima qilishga arzigulik, ekanligiga ham e’tibor qaratdi, notiq.

O.Meliboyev o‘zbek va tojik millatlarini garchi “ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalq”, deb atasalar, o‘zbek tili turkiy va tojik tili forsiy oiladan bo‘lsa ham, yuz yilliklar davomida bu ikki xalq birga yashaganligi tufayli o‘zbek va tojik tili bir-biriga juda yaqinlashganligiga ham urg‘u berdi.

“Tojik tilidagi tarkibida “q” harfi bo‘lgan so‘zlar o‘zbek tili yoki boshqa turkiy tillardan o‘zlashgan. Ayni paytda o‘zbek tili ham fors-tojik tili hisobidan o‘z xazinasini boyitganligini ko‘ramiz. Masalan, o‘zbek tilida “astoydil” degan juda go‘zal so‘z bor. Bu asli tojik tilidagi “az tahti dil” iborasidan olingan”, deydi notiq.

Taqdimot yakunida markaz raisi Ilhom Yusupov Toshxo‘ja Asiriy nomidagi Sug‘d viloyat ommaviy kitobxonasida direktori Bahrom Mirsaidovga hamda “Sharqnoma” jurnali va “Ma’naviyat” gazetasi Bosh muharrirlariga O‘zbekistonning Dushanbedagi Elchixonasi tomonidan taqdim etilgan tuhfa – “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ni topshirdi.

Kitobxona direktori, adabiyotshunos olim, filologiya fanlari nomzodi Bahrom Mirsaidov va “Sharqnoma” jurnali Bosh muharriri vazifasini bajarayotgan adib Hakimjon Zokirov markaz rahbariyati, O‘zbekistonning Dushanbedagi Elchixonasi mas’ullari va O‘zbekiston Hukumatiga bebaho xazina uchun minnatdorchilik bildirishdi.

O‘MMM axborot xizmati

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

one × 2 =