O’ZBEKISTON DAVLAT JAHON TILLARI UNIVERSITETI HUZURIDAGI ILMIY JURNALLAR DOI RAQAMIGA EGA BO’LDI

05.09.2019

O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi ilmiy jurnallar DOI raqamiga ega bo’ldi. Endilikda bu jurnallarda nashr qilinadigan maqolalarga, umuman olganda, ilmiy nashrlarga identifikator raqami beriladi.

DOI nima?

DOI yoki raqamli obyektning identifikatori – bu global Internet tarmog’idagi elektron hujjatga berilgan raqam, buning natijasida materiallarni qidirish va ulardan foydalanish ancha soddalashtiriladi. Qisqacha aytganda, bu muayyan obyektga havola hisoblanadi. Ko’pincha bu texnologiya ilmiy doiralarda qo’llaniladi. Asosiy xususiyati identifikatorga ega bo’lgan obyektlar faqat noshir, ya’ni uni joylashtirgan tashkilot tomonidan o’chirilishi mumkin.

Onlayn muhitdagi jurnal, ilmiy maqola, kitob, dissertatsiya, rasm yoki boshqa shu kabi obyektlarga beriladi. DOI – qat’iy identifikator bo’lib, obyekting veb manzili o’zgarsada, u to’gridan-to’gri obyekt bilan bog’liq bo’ladi.

Havola 2 qismdan iborat: prefiks va suffikslar, bu identifikator raqamlar hamda kirill formatidagi harflarni o’z ichiga olishi mumkin. Prefikslar noshirni aniqlaydi, masalan, O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi ikki jurnal – “O’zbekistonda xorijiy tillar” ilmiy-metodik elektron jurnali va “Filologiya masalalari” jurnali o’z identifikator raqamiga ega: DOI:10.36078; suffiks esa to’g’ridan-to’g’ri obyekt (ilmiy maqola) raqami hisoblanadi. Identifikatorning suffiksi har bir maqola uchun alohida bo’lishi lozim.

Nima uchun DOI olish kerak?

Ilmiy doiralarda axborot manbalari juda muhim ahamiyat kasb etadi, chunki har qanday ilmiy haqiqatni ishlatish jarayonida uning ishonchliligini tekshirish lozim. Qarama-qarshi isbotlar va ilmiy masalalarni o’rganishda faktlar va shunga mos ravishda adabiyot manbalari minglab topilishi mumkin. Shuning uchun bu obyektlarni xavfsiz saqlash tizimiga ehtiyoj mavjud bo’lib, ularning o’chirilishi yoki ko’chirilishi mumkin emasligi nuqtai nazaridan DOI olish muhim. Mazkur muhimlikni quyidagi xususiyatlar orqali belgilash mumkin:

Xavfsizlik kafolati. Saytlar yoki elektron kutubxonalardan farqli o’laroq, identifikatorga ega raqamli obyektlar har doim ro’yxatdan o’tish joyida joylashtiriladi.

Universallik. DOI (Digital object identifier) yoki raqamli obyekt identifikatori – barcha yirik xalqaro ilmiy tashkilotlar va nashriyotlar tomonidan foydalaniladigan Internet tarmog’ida axborotni taqdim etishning zamonaviy standartidir.

– DOI – dunyoning barcha yetakchi nashriyotlari tomonidan qabul qilingan standart.

– DOI iqtibos keltirish, ilmiy maqolani qidirish va lokalizatsiya jarayonini sezilarli darajada osonlashtiradi.

– DOI ning mavjudligi intellektual mulkni himoya qilishni ta’minlaydi.

– DOI ning tayinlanishi muallif yoki noshirning obro’siga ijobiy ta’sir ko’rsatadi, chunki identifikator yordamida materiallar dunyoning yetakchi ilmiy bibliografik kataloglariga joylashtirilishi mumkin.

– Agar DOIga ega maqola Scopus, Web of Science kabi nufuzli bazalarga kiritilgan jurnallarga havola bersa, ulardan iqtibos keltirsa, u ham ushbu bazalarga kiritiladi va bu uning ahamiyatini sezilarli darajada oshiradi.

Maqola qanday qilib DOIga ega bo’ladi?

DOIga ega bo’lgan maqolani topish uchun http://www.doi.org havolasiga kiriladi va qidiruv tizimiga identifikator raqami kiritiladi.

Raqamli obyektning identifikatorini belgilash uchun noshir jahon operatorlaridan biri – DOI qayd qilish agentligi yoki ushbu turdagi xizmatlarni taqdim etish uchun qonuniy asosga ega bo’lgan boshqa kompaniya bilan shartnoma tuzishi kerak.

1 Comment so far

Jump into a conversation
  1. Javohir
    #1 Javohir 18 May, 2022, 09:50

    Doini qaysi kompaniyalar beradi

    Reply this comment

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

4 × four =