O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING “JADIDLAR: MILLIY O‘ZLIK, ISTIQLOL VA DAVLATCHILIK G‘OYALARI” MAVZUSIDAGI XALQARO KONFERENSIYA ISHTIROKCHILARIGA TABRIGI

11.12.2023

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Mirziyoyev Shavkat Miromonovichning “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga tabrigi.

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!
Qadrli mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!

Siz, azizlarni o‘tgan asr boshlarida shakllanib, nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun musulmon olami va turkiy dunyo tarixida chuqur iz qoldirgan jadidchilik harakatini har tomonlama o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro anjumanning ochilishi bilan chin qalbdan tabriklayman.

Mushtarak tariximizning yorqin sahifalarini tashkil etadigan ma’rifatparvar ajdodlarimizning ibratli faoliyatini, ularning o‘z qimmati va ahamiyatini hamon yo‘qotmasdan kelayotgan boy merosini hamkor davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, taniqli xorijiy olimlar bilan birgalikda teran tadqiq va targ‘ib etish bizning ustuvor vazifamizdir.

Bugungi anjumanimizga tashrif buyurgan nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillariga, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Vengriya, AQSH, Germaniya, Niderlandiya, Shvetsiya, Yaponiya va boshqa mamlakatlardan kelgan taniqli olim va ekspertlarga ushbu anjumanni tashkil etish tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun samimiy tashakkur bildiraman.

Aziz do‘stlar!

O‘z mohiyat e’tiboriga ko‘ra noyob ijtimoiy-siyosiy fenomen bo‘lgan jadidchilik g‘oyasining shakllanishi va taraqqiyotiga doir dunyoning bir qator mamlakatlarida ko‘plab tadqiqotlar yaratilgan bo‘lsa-da, ushbu harakat namoyandalarining Markaziy Osiyo hududida milliy davlatchilik va mintaqaviy o‘ziga xoslikni, fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga qo‘shgan ulkan hissasini konseptual va tizimli asosda atroflicha o‘rganish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, taraqqiyparvar ajdodlarimizning ilg‘or g‘oya va qarashlarini tadqiq etish va tizimlashtirish, Turkiston jadidlarining milliy davlatchilik rivojidagi o‘rni va ta’sirini o‘rganish, XX asrning birinchi choragida ular tomonidan barpo etilgan davlat tuzilmalarining qonunchilik bazasini tahlil qilish, dunyoviy, huquqiy va demokratik jamiyat qurishga qaratilgan faoliyatiga tarixiy baho berish, Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessansni bunyod etishda ushbu merosning mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi bilan bog‘liq masalalar bugungi konferensiyaning asosiy muhokama mavzulari etib belgilangani alohida ahamiyatga ega. 

Barchamizga ayonki, “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan ezgu g‘oya bilan maydonga chiqqan jadid bobolarimiz xalqlarimizni jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, ularni g‘aflat botqog‘idan qutqarishning asosiy yo‘li – bilim va ma’rifatda, dunyoviy taraqqiyotni egallashda, deb bildilar.

Ular shu yo‘lda fidoyilik ko‘rsatib, yangi usul maktablari, teatr va kutubxonalar, nashriyotlar ochdilar. Jamiyat a’zolarining dunyoqarashi va turmush tarzini o‘zgartirish maqsadida gazeta va jurnallar nashr etdilar. Yoshlarni ilg‘or davlatlarga o‘qishga yubordilar.

Shu bilan birga, davlat boshqaruvi, sud-huquq, moliya, soliq tizimlari, yer masalalarini tadrijiy asosda tubdan isloh qilish uchun g‘oyaviy va amaliy harakatlar olib bordilar. Bir so‘z bilan aytganda, ular milliy uyg‘onish, milliy taraqqiyot g‘oyasini ro‘yobga chiqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdilar.

Afsuski, o‘sha davrdagi mavjud vaziyat, ijtimoiy tuzum bu ulug‘vor maqsadlarni amalga oshirishga yo‘l bermadi.

Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda inson qadri ulug‘lanadigan adolatli, erkin va obod jamiyat, xalqparvar davlat, farovon hayot barpo etishga qaratilgan islohotlarimiz jadid bobolarimizning ezgu g‘oya va dasturlariga har jihatdan uyg‘un va hamohangdir.

Shu bois, xalqimiz ozodligi va Vatanimiz ravnaqi yo‘lida aziz jonlarini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning faoliyati va merosini yangicha tafakkur asosida o‘rganish hamda targ‘ib etishga alohida e’tibor berilmoqda.

Yurtimizda ushbu yo‘nalishda muhim farmon va qarorlar qabul qilinib, har yili 31-avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida keng nishonlanmoqda.

“Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi va jamoat fondi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda hududiy bo‘limlari faoliyat olib bormoqda.

Ana shu ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida Buxoro shahridagi tarixiy maskanda Jadidchilik tarixi muzeyi tashkil etilmoqda.

Bu murakkab davr tarixiga oid ilmiy va badiiy asarlar, “Tarixning noma’lum sahifalari”, “Qatag‘on qurbonlari” nomli ko‘p jildli xotira kitoblari nashr etilmoqda. Badiiy va hujjatli filmlar, ko‘rsatuvlar tayyorlanib, namoyish qilinmoqda. Xalqaro konferensiyalar, ko‘rgazmalar va davra suhbatlari, xotira kechalari, seminarlar muntazam o‘tkazilmoqda.

Atoqli ma’rifatparvarlarimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanmoqda. Ularning aziz nomlari bilan ataladigan yodgorlik majmualari, ta’lim muassasalari, muzeylar, bog‘ va xiyobonlar barpo etilmoqda.

Keyingi yillarda O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan 1030 dan ziyod mustabid tuzum qatag‘oniga uchragan vatandoshlarimiz nomi oqlangani tarixiy adolatni tiklash yo‘lidagi yangi qadam bo‘ldi.

Ayni vaqtda, yurtimizda har yili avgust oyini “Qatag‘on qurbonlarini yod etish oyi” sifatida o‘tkazish, fidoyi vatandoshlarimiz va ularning avlodlari yashagan va yashayotgan xonadonlarga yodgorlik lavhalari o‘rnatish, ularning vorislari hamda yaqin kishilariga hurmat-e’tibor ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Mahalla idoralarida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi burchaklari” va “Mahalla xotira kitoblari”ni tashkil etish, har yili kamida 100 nafar qatag‘on qurboni hamda jadid bobolarimiz hayoti va faoliyatini aks ettiradigan to‘plam tayyorlash rejalashtirilgan.

Ushbu muhim mavzuda arxiv hujjatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun maqsadli grantlar e’lon qilish, yangi badiiy va publitsistik asarlar yaratish, xorijiy ilm-fan markazlari, fondlar va muzeylar, kutubxonalar bilan hamkorlikni rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda.

Buyuk ma’rifatparvar bobolarimiz tomonidan olg‘a surilgan g‘oyaviy-siyosiy, ijtimoiy-ma’rifiy va huquqiy-axloqiy qarashlar, turli millat va elatlar o‘rtasida bag‘rikenglik va hamjihatlik tamoyillarini qaror toptirish bilan birga, milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan intilishlar hozirgi murakkab va tahlikali zamonda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat namunasidir. Ularning hayoti va jasorati bugungi tinch va osoyishta kunlarga osonlik bilan erishilmaganini eslatib, milliy istiqlolimizni, jonajon Vatanimizni ko‘z qorachig‘iday asrashga doimo da’vat etib turadi.

Fursatdan foydalanib, taniqli tarixchi olim, AQSHdagi Michigan universiteti professori, vatandoshimiz Temur Xo‘ja o‘g‘liga mamlakatimiz tarixi, jumladan, jadidlar merosi bilan bog‘liq noyob hujjatlarni O‘zbekistonga taqdim etayotgani uchun minnatdorlik bildiraman.  

Bugungi nufuzli anjuman har birimizni ma’naviy uyg‘oqlik va ogohlikka chorlab, qalblarimizda ulug‘ ajdodlarimizga xos azmu shijoat tuyg‘ularini yuksaltirishga, xalqlarimiz va davlatlarimiz o‘rtasida o‘zaro do‘stlik va qardoshlik ruhini, ilmiy-madaniy aloqalarimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, deb ishonaman.

Siz, muhtaram anjuman ishtirokchilariga sihat-salomatlik, yangi ijodiy yutuqlar, konferensiya ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.

https://president.uz

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

one + fifteen =