O‘ZBEKISTON-ROSSIYA YETAKCHI OTMLARI REKTORLARINING MINTAQALARARO ONLAYN KONFERENSIYASI O‘TKAZILADI

25.05.2020

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Respublika Oliy ta’lim Kengashi hamda Rossiya rektorlar Kengashi va M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti tashabbusi bilan 2020-yilning 27-may kuni “O‘zbekiston-Rossiya yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlarning mintaqalararo onlayn konferensiyasi” o‘tkaziladi.

Mazkur mintaqalararo onlayn konferensiya, 2020-yilda Moskva shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari sammiti dasturiga kiritilgan O‘zbekiston-Rossiya ikkinchi ta’lim forumiga tayyorgarlikning muhim bosqichi bo‘lib xizmat qiladi.

Tadbir doirasida oliy ta’lim va ilmiy sohalardagi ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirishning dastlabki natijalari va istiqbollari muhokama qilinadi.

Mintaqalararo onlayn anjuman ishida ikki mamlakatning davlat hokimiyati organlari vakillari va 120 dan ortiq nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirok etadilar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor ABDUVAXITOV, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Boshqarmasi boshlig‘i Vladimir CHERNOV, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon MAJIDOV, Rossiya Federatsiyasi fan va oliy ta’lim vaziri Valeriy FALKOV kirish so‘zlari bilan anjuman qatnashchilariga murojaat qiladilar.

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim kengashi raisi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori prof. O‘.UMURZAKOV va Rossiya rektorlar kengashi raisi, M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti rektori V. SADOVNICHIY yalpi majlisda ma’ruza bilan chiqish qiladilar. Anjuman dasturi doirasida ikki davlat OTMlari rektorlari o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish barobarida dolzarb vazifa va masalalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotda birgalikda muhokama qilishadi. Anjumanning yalpi va sho‘ba majlislari dasturiga keng qamrovli mavzular kiritilgan, jumladan:

  • O‘zbekistonda Rossiya oliy ta’lim muassasalarining filiallarini ochilishi va ularning faoliyatidagi dolzarb masalalar;
  • O‘zbekiston va Rossiya oliy ta’lim muassasalarining ilmiy sohadagi hamkorligi istiqbolli yo‘nalishlari;
  • O‘zbekiston va Rossiya oliy ta’lim muassasalarining zamonaviy sharoitlardagi hamkorligining innovatsion mexanizmlari.

Mintaqaviy onlayn anjuman 2020-yil 27-may Toshkent vaqti bilan soat 14:00da boshlanadi. 

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

twelve − eleven =