O‘ZBEKISTON-TOJIKISTON OLIY TA’LIM MUASSASALARI REKTORLARINING II FORUMI BO‘LIB O‘TMOQDA

15.04.2024

Bugun, 15-aprel sanasida O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Oʻzbekiston-Tojikiston oliy taʼlim muassasalari rektorlarining II forumi bo‘lib o‘tmoqda.

“2030-yil: O‘zbekiston va Tojikistonda oliy ta’lim va ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusidagi anjumanda ikki davlatning 100 ga yaqin oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, vazirlik va idoralar masʼullari ishtirok etishi belgilangan.

Forumda mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari bilan Tojikiston universitetlari oʻrtasida integratsiyani yo‘lga qoʻyish, professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvi, o‘zaro o‘quv jarayonlarini tashkil qilish, ta’lim sifatini oshirish, ta’limga raqamli texnologiyalarni joriy etish, malaka oshirish va ilmiy faoliyatdagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Xalqaro anjumanni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov kirish so‘zi bilan ochib, so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar va ularning salmoqli natijalariga to‘xtaldi:

– Keyingi yillarda an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan bu kabi forumlar ko‘plab davlatlar, shu jumladan Tojikiston Respublikasi bilan ham ta’lim sohasidagi aloqalarni har tomonlama kengaytirish va yangi bosqichga olib chiqishda muhim platforma vazifasini o‘tamoqda. Buhgungi anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad inson kapitalini, yuqori intellektual salohiyatni rivojlantirish, nazariy-amaliy shakllantirish, kasbiy mahoratini oshirish va ikki davlat hududidagi ulkan tabiiy resurslarni ilmiy-institutsional boshqarishga qodir kadrlarni tayyorlashdan iborat.

Shunday ekan, mazkur forum kun tartibiga qo‘yilgan masalalar chuqur hamkorlikni amalga oshirish va uni yangi cho‘qqiga ko‘tarish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishish hamda ilmiy va ta’lim sohasida o‘zaro fikr almashish imkonini beradi, – dedi Q. Sharipov.

Anjumanda so‘zga chiqqan Tojikiston Respublikasi Ta’lim va fan vaziri Rahim Saidzoda o‘z nutqida quyidagilarni ta’kidladi:

– Bugungi kunda O‘zbekiston-Tojikiston aloqalari qator jabhalarda keng rivojlandi. Endilikda oliy ta’lim, ilm-fan sohalaridagi aloqalarni yanada rivojlantirish uchun tabiiy shart-sharoitlar yuzaga keldi. Bu sohadagi hamkorlik doirasida biz oliy ta’lim muassasalariaro aloqalarni yangi sifat darajasiga olib chiqish hamda ta’lim sifatini oshirish borasidagi amaliy harakatlar bizning asosiy maqsadlarimizdan biriga aylanadi.

– Ikki tomonlama o‘zaro hamkorligimiz haqida so‘z yuritar ekanman, shu paytgacha O‘zbekistonning 30 ta oliy ta’lim muassasasi Tojikistonning 15 dan ortiq ilmiy va ta’lim tashkilotlari bilan qator yo‘nalishlar bo‘yicha aloqalarni yo‘lga qo‘yganini va bundan keyin ham ishonchim komilki, ushbu hamkorlik har tomonlama kengayib borishini mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman, – dedi R.Saidzoda.

Forum doirasida 30 ga yaqin hamkorlik kelishuvlariga erishish kutilmoqda.