O’ZBEKISTON VA BELARUS OLIY VA PROFESSIONAL TA’LIM SOHADAGI HAMKORLIK MASALALARINI MUHOKAMA QILDILAR
06.02.2024Bugun, 6-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga Belarus Respublikasi Ta’lim vaziri Andrey Ivanes boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Delegatsiyani Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov qabul qildi.
Uchrashuv davomida tomonlar oliy ta’lim sifatini oshirish, yuqori texnologik ishlab chiqarishga asoslangan zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beruvchi kadrlarni hamkorlikda tayyorlash masalalarini muhokama qildilar.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q. Sharipov so‘nggi yillardagi islohotlar natijasida yurtimizda 100 ta yangi oliy ta’lim muassasalari tashkil etilganini, xususan ko‘plab xorijiy universitetlar ham faoliyat yuritayotganini ta’kidlab, Toshkent shahridagi Belarus-O‘zbekiston qo‘shma tapmoqapapo amaliy texnik kvalifikatsiyalar instituti faoliyatiga alohida urg‘u berdi.
— Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor jihatlaridan kelib chiqib, muhandislik va texnik yo‘nalishlarda ta’lim, energetika, metallurgiya, mashinasozlik, neft-gaz, qurilish, yengil sanoat, tibbiyot va qishloq xo‘jaligi sohalariga kadrlar tayyorlash sifatini oshirishimiz kerak, – dedi vazir.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston-Belarus qo‘shma ilmiy loyihalar dasturlarini yanada rivojlantirish, yirik yuqori texnologik korxonalarda talabalarning amaliyot o‘tashlarini tashkil etish, professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari orasida tashkil etilayotgan professional ta’lim mahorati bo‘yicha xalqaro tanlovlarda O‘zbekistonning ishtirokini yanada kengaytirish, fanlararo yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.