O’ZBEKISTON VA FRANSIYA IKKI TOMONLAMA MUNOSABATLARNI STRATEGIK SHERIKLIK DARAJASIGA OLIB CHIQADI

02.11.2023

O‘zbekiston va Fransiya Prezidentlari ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga kelishib oldilar.

Samarqand shahridagi Kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Yetakchilar Fransiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar hamda ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga kelishib oldilar.

Keyingi yillarda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Fransiya munosabatlari barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.

Tovar ayirboshlash va qo‘shma korxonalar soni karrasiga oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy va istiqbolli loyihalar portfeli 10 milliard yevrodan oshdi.

Fransiya taraqqiyot agentligi bilan 1 milliard yevrolik Strategik hamkorlik dasturi amalga oshirilmoqda.

“Yashil” energetika, xomashyo resurslarini qazib olish va qayta ishlash, innovatsion qishloq xo‘jaligi, suv ta’minoti, logistika, infratuzilmani rivojlantirish, turizm va boshqa sohalarda yangi yirik loyihalarni ilgari surish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Fransiya O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda ishonchni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini, shuningdek, mamlakatimizning JSTga a’zo bo‘lishini hamda Yevroittifoq bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tez fursatda imzolanishini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekani ta’kidlandi.

Madaniy-gumanitar hamkorlik kun tartibi boy ekani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. O‘zbekistonda fransuz tilini o‘rganishga qiziqish ortib borayotgani aytildi. Shu munosabat bilan tomonlar Fransiya alyansining Samarqanddagi filiali ochilishini olqishladilar.

Toshkent shahrida O‘zbekiston-Fransiya oliy ta’lim muassasasini ochishni tezlashtirish hamda fransuz tili o‘qituvchilarini tayyorlash borasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.

https://president.uz

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

10 + 18 =