O‘ZBEKISTON VA XITOY UNIVERSITETLARI HAMKORLIGI TO‘G‘RISIDAGI PEKIN DEKLARATSIYASI IMZOLANDI

22.01.2024

oriy yilning 22–23-yanvar kunlari Pekinda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Xitoy Xalq Respublikasi Ta’lim vazirligi hamkorligida tashkil etilgan “O‘zbekiston-Xitoy” ta’lim forumi bo‘lib o‘tmoqda.

Unda Xitoyning 90 dan ortiq va O‘zbekistonning 37 ta oliy ta’lim muassasasi rektorlari ishtirok etib, “O‘zaro ta’lim, o‘zaro manfaatli hamkorlik va O‘zbekiston-Xitoy ta’lim hamjamiyatini birgalikda qurish” doirasida yuqori akademik almashinuv va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini kuchaytirish borasida muzokaralar o‘tkazilmoqda.

Forum ochiq deb e’lon qilingach, ikki davlatning oliy ta’lim sohasida o‘zaro hamkorligi to‘g‘risidagi Pekin deklaratsiyasi imzolandi. Mazkur hujjat quyidagi natijalarga erishishni ko‘zda tutadi:

1. O‘zbekiston va Xitoy oliy ta’lim muasassalari o‘rtasida almashinuv mexanizmini yo‘lga qo‘yish.
O‘zbekiston va Xitoy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik va almashinuv uchun institutsional platforma qurish, oliy taʼlim sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish va mustahkamlashga koʻmaklashish, Markaziy Osiyo-Xitoy ta’lim hamkorligi modelini yaratish.

2. “O‘zbekiston-Xitoy universitetlari uyushmasi” ni tuzish.
Uyushmaga a’zo universitetlar o‘rtasida iqtidorlarni tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar, kadrlar almashinuvi, til almashish, yutuqlarni rag‘batlantirish kabilarda yaqin hamkorlikni rivojlantirish, innovatsion hamkorlik mexanizmlarini doimiy ravishda kuchaytirish hamda O‘zbekiston-Xitoy oliy ta’lim taraqqiyoti va rivojlanishiga birgalikda yordam berish.

3. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida yuqori sifatli raqamli ta’lim bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.
Katta ma’lumotlar va sun’iy intellekt kabi yangi texnologiyalarning afzalliklaridan to‘liq foydalanish, birgalikda aqlli ta’lim platformasini yaratish, yuqori sifatli ta’lim resurslarini birgalikda ishlab chiqish, raqamli ta’limning yangi konseptsiyalari, yangi modellari va yangi mexanizmlarini yaratishda birgalikda ishlash; ta’limni raqamlashtirishni qo‘llab-quvvatlagan holda uni modernizatsiya qilishga rahbarlik qilish va jahonda raqamli ta’limni rivojlantirishga birgalikda hissa qo‘shish.

4. O‘zbekiston va Xitoyning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga xizmat qilish.
Hamkorlikdagi innovatsiyalarni kuchaytirish, ikki mamlakat universitetlari va korxonalari oʻrtasida samarali kadrlar, bilimlar, texnologiya va boshqa resurslar oqimini faol ragʻbatlantirish, qoʻshma tadqiqotlar olib borish va sanoatga xizmat koʻrsatish. Ikki mamlakatning yangilanishi va barqarorligini ta’minlash, “Bir makon-bir yoʻl” tashabbusini yuqori sifatli rivojlanishiga hissa qoʻshish.

5. O‘zbekiston va Xitoy mamlakatlari oʻrtasida oʻzaro ta’limni rivojlantirish.
Universitet resurslarining afzalliklaridan toʻliq foydalanish, har ikki mamlakat olimlari tashrif buyurishi hamda tahsil olishi uchun ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash, bir-birlarining rivojlanish modellari, milliy siyosatlari, tarixi-madaniyati va boshqa jihatlarni tushunishni kuchaytirish. Birgalikda xalqaro yozgi maktablar va yozgi lagerlarni tashkil qilish, asosiy organ sifatida yosh talabalar bilan madaniy almashinuvni kuchaytirish va insoniyat uchun umumiy kelajakka ega boʻlgan hamjamiyatni qurish hamda Oʻzbekiston va Xitoy ta’lim taraqqiyotiga hissa qoʻshish asosiy vazifalardan biridir.