O‘ZBEKISTON-XITOY UNIVERSITETI VA ILMIY-TADQIQOT INSTITUTI TASHKIL ETILADI

05.04.2023

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xitoy Fanlar akademiyasi huzuridagi Sinszyan ekologiya va geografiya institutining bir guruh olimlarini qabul qildi.

Uchrashuv doirasida Prezident huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi va Sinszyan ekologiya va geografiya instituti hamkorligida 2023–2025-yillarda amalga oshiriladigan qiymati 500 ming AQSh dollari bo‘lgan «Orol dengizi havzasining ekologik tiklanishida fotoelektr quyosh energiyasini foydalanish tajribasini qo‘llash va namoyish etish» innovatsion loyihasini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Loyiha doirasida quyosh panellari ostida galofit, cho‘l va sho‘rga chidamli o‘simliklarni o‘stirish, quyosh panellari orqali olingan elektr energiyadan, jumladan, sho‘rlangan suvlarni tozalovchi maxsus texnologiyalarni qo‘llashda foydalanilishi  nazarda tutilgan. Shu yo‘sinda cho‘llangan hududda hosil bo‘ladigan yashil qoplamalar qum bo‘ronlarining hosil bo‘lishini oldini olishga xizmat qiladi.

Ibrohim Abdurahmonov mazkur loyiha hamda Sinszyan ekologiya va geografiya institutining O‘zbekiston ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorligi doirasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Suhbat davomida, shuningdek koronavirus pandemiyasidan keyingi davrda mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama ilmiy-texnikaviy hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha ham fikr almashildi.

Shu bilan birga, Sirdaryo viloyatida ekologiya, qishloq xo‘jaligi, suv muammolari, irrigatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarini tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida Xitoy tomoni vazir I.Abdurahmonovni joriy yil avgust oyida Urumchi shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro forumda ishtirok etish uchun taklif etdi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

4 − 3 =