O‘zDJTU MAGISTRANTLARI ILMIY IZLANISHLARI SARHISOB QILINDI

10.02.2020

Joriy yilning 4–5-fevral kunlari davomida O‘zDJTU ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash bo‘limida Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor filologiya fanlari doktori, professor G.H.Boqiyeva rahbarligi ostida universitet 2-bosqich magistrantlari tayyorlayotgan dissertatsiyalari bo‘yicha qilingan ishlar sarhisobi o‘tkazildi.

Ilmiy izlanishlar olib borish xalqimizda “Igna bilan quduq qazish”ga o‘xshatiladi. Mamlakat taraqqiyoti, millat kamoloti aynan ilm-fanni chuqur o‘rganish, sohalarda ixtirolar va innovatsiyalarni amalga oshirishga ko‘p jihatdan bog‘liq. Shuni e’tiborga olgan holda, respublikamizda so‘nggi vaqtlarda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga, kitob mutolaasiga, umumiy o‘rta ta’lim va oliy ta’lim tizimini tubdan isloh qilish  va rivojlantirish, ilmiy sohani yanada yuksaltirish va bu borada muayyan yutuqlarni qo‘lga kiritayotgan har bir olimni rag‘batlantirish kabi ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur ishlar, hech shubhasiz, o‘zbek ilm-fani nufuzini oshiradi, O‘zbekistonning barcha sohalarda taraqqiy qilishiga o‘ziga xos poydevor bo‘ladi.

Ilm-fanni rivojlantirish yo‘lidagi ana shunday ezgu ishlar O‘zDJTU da ham amalga oshirib kelinmoqda. Magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha tahsil olayotgan talabalarning ilmiy izlanishlariga har tomonlama ko‘mak berish, ularning shu davrgacha amalga oshirgan ishlarini sarhisob qilib, zarur o‘rinlarda maslahat va tavsiyalar berish universitetda o‘ziga xos an’anaga aylanib bormoqda. O‘tgan 2019-yil davomida ana shunday tadbirlar ikki bora o‘tkazildi va bu magistrantlarning o‘z ilmiy mavzularini tadqiq etish uchun yanada jiddiy va chuqurroq yondashishlariga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi.

Ana shu harakatlarning mantiqiy davomi bo‘lgan mazkur magistrantlar hisoboti mazmunli ilmiy munozaralar, savol-javoblar va takliflarga boy bo‘ldi. Bunda universitet magistratura bo‘limining 2-bosqich talabalari O‘zDJTU olimlari, doktorant va tayanch doktorantlaridan iborat shakllantirilgan ishchi guruhlar oldida shu davrgacha dissertatsiya tayyorlash bo‘yicha qilgan ishlarini sarhisob qildilar. Nazoratchi ishchi guruh tomonidan magistrlik dissertatsiyasining bajarilish holati, ilmiy jurnallarda chop etilgan ilmiy maqolalar, turli darajadagi ilmiy-amaliy anjumanlar to‘plamlarida nashrdan chiqargan tezislari hamda ishning ilmiy yutuqlarini amaliyotga joriylanishi va yakunda rejalashtirilgan lug‘at yoki qo‘llanmalar yaratish kabi mezonlar asosida har bir talabaning hisoboti tinglandi, baholab borildi.

Eng quvonarli jihati bir qator magistrantlar ilmiy ish qilish barobarida Scopus, Web of Science kabi tizimlarga kiruvchi nufuzli jurnallarda ham maqola chiqarishga erishishganidir. Bu bugungi kun yoshlarining ilmiy sohada dadil qadam tashlayotgani va xalqaro maydonda ham o‘z so‘ziga ega bo’layotganidan darak beradi.

Hisobot tadbirlari davomida migistrantlar ilmiy mavzularini o‘rganish jarayonida duch kelgan muammo va qiyinchiliklar – ilmiy adabiyotlarni topish va tahlil qilishdan tortib, dissertatsiyani rasmiylashtirishgacha bo‘lgan bosqichlardagi masalalar bo‘yicha kerakli maslahatlar oldilar.

Biz ushbu jarayonda bevosita ishtirok etganlarning fikrlari bilan qiziqdik.

Ermanov Davron (magistrant): “222-guruh sardori sifatida dissertatsiya monitoringi talabalarda e’tiborni mavzuga qayta tiklashga yordam bermoqda. Ochig‘ini aytganda, dissertatsiya tayyorlashda muammolar yetarli. Talabalar dissertatsiya yozish jarayonini o‘zlari tashkil qilolmaydilar. Eksperiment maydonini tashkil qilish  bu – rahbarning ishi. Agar eksperiment bo’lmasa, qaysi voqelikka asoslanib dissertatsiya yoziladi. Bu, o‘z navbatida, ko‘chirmachilikka olib keladi. Ilmiy rahbarlar nafaqat maslahat berish, balki talabalarni nazorat qilishlari kerak. Guruhlarda doktorantlar maslahati sifatida bir marta seminar tashkil qilindi va bu juda foydali bo‘lgan edi. Bu an’ana davom etishi kerak. Monitoringlar haqiqiy dissertatsiya himoyasi uchun zamin yaratmoqda. Talabalar o‘z kamchiliklarini bilib olmoqdalar. Olinayotgan maslahatlar yanada chuqur va individual tahlil qilinishi kerak. Ilmiy rahbarlar magistrant talaba bilan ishlashga ko‘proq vaqt (haftada bir marta 80 minut) ajratishlari lozim. Masalan, xorij tajribalari asosida “Google classroom”da ishni tashkil qilish, magistrant va rahbarni yaxshi bog‘lagan bo‘lardi”.

O‘zDJTU 1-kurs tayanch doktoranti Munisa Abdurahmonova (ishchi guruh komissiya a’zosi):

“2006 – 2008-yillarda magistrantlar tayyrolayotgan dissertasiya ishlarini dastlabki himoyalari 2-yilning yakunida bir marotaba bo‘lib o‘tar edi. Universitet ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlarni tayyorlash bo‘limi tashabbusi bilan oxirgi yillarda magistrantlar ushbu bo‘limda o‘z dissertatsiya mavzularini 1-kursning o’zida ikki bor, ikkinchi kursda ham 2 marotaba muhokamaga olib chiqishlari, tayorlangan boblar va o‘tkazilayotgan tajribalar haqida hisobot berishlari juda yaxshi amaliyot bo‘lmoqda. Negaki bu jarayonda ikki tomonlama tajriba almashinuvi amalga oshirilyapti, magistrantlar olim va doktorantlardan zarur maslahatlar olmoqdalar, magistrlik dissertasiyasiga ilmiy jihatdan yondashuvni kuchaytirish lozimligini, himoya jarayonidagi taqdimotni tayyorlashning samarali usullarini, ilmiy maqola yozish va uni chop etish haqidagi ko‘rsatmalar kabi foydali ma’lumotlar olsalar, doktorantlar turli sohalardagi yangi yo‘nalishlar, ijtimoiy so‘rovnomalardan, tajriba-sinovdan olingan yangi natijalar haqida ma’lumotlar bilan tanishmoqdalar. Bu tashabbus  magisrlik dissertatsiyasi yozishda izlanuvchini  tizimli ishlashiga ko‘maklashyapti, vaqtdan unumli foydalanishga qaysidir ma’noda undayapti”.

Ziyoda Teshaboyeva (ishchi guruhdagi komissiya raisi):

“Yil sayin taʼlim sohasining isloh etib borilishi, oliy taʼlim muasassalarida yoshlarni bilim olishi uchun shart-sharoitlar taʼmin etish va kadrlar tayyorlash masalasining jamiyatga oliy darajada xizmat qilishini vujudga keltirish, fan taraqqiyotiga qo‘shadigan eng yaxshi hissa deb bilaman. Universitet maʼmuriyati, ilmiy va innovatsiya ishlari bo‘yicha prorektor, filologiya fanlari doktori, professor G.Boqiyeva tomonidan yo‘lga qo‘yilgan magistratura talabalarining ilmiy ishlari haqidagi olib boriladigan yiliga ikki marta monitoringi har bir bo‘lajak kadr o‘zining tadqiqot ishini sarhisob qilib, amalga oshirilgan tadqiqotlari haqida hisobot berishi, ular oldidagi masʼuliyatni yana chuqurroq his etishini ko‘rsatib berdi. Ilmiy jarayon bilan bog‘liq joriy yilning 4-5 fevral kunlari tashkil qilingan magistratura talabalarining o‘z dissertatsiyalari bo‘yicha navbatdagi hisobot taqdimotini o‘tgan yilgi olib borilgan monitoring natijalariga solishtirganda, ular joriy yilda ancha samarali mehnat qilishgani ko‘rindi. Magistrantlar o‘zlarining tadqiqot mavzusi, obyekti, maqsad vazifalarini aniq qo‘yayotgani buning isbotidir. Ular bilim va tajriba jihatidan ancha shakllanib, ilmiy jarayonga chuqur kirib borish uchun harakat qilmoqdalar. Ular orasida Аsqarova Jamila, Rasulova Gulmira, Ziyaeva Sevara, Baxadirova Laylo, Pazilov Elyor, Rahmonova Sardora, Usmanova Yulduz shu qatoridandir. Lekin shuni qayd etish lozimki, magistrant talaba o‘zining ishida boblar bo‘yicha ilmiy xulosa chiqarishga qiynalayotgani, individual yondashuvlarni ko‘rish hali ham mushkul, OАK rayosatidagi jurnallardan birida maqola chop ettirganlari barmoq bila sanarli darajada turibdi. Аgar monitoring mana shunday turg‘un holatda ishlab tursa, magistr talabalarning taqdimotlari bahs munozara tarzida olib borilsa, universitet oldiga qo‘ygan maqsadiga sekin astalik bilan erishishiga ishonchim komil”.

A.DADAXONOV,
O’zDJTU tayanch doktoranti

1 Comment so far

Jump into a conversation
  1. nastinka93
    #1 nastinka93 6 Avgust, 2021, 22:14

    dissertatsiya un yaxshi sayt ekan

    Reply this comment

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

18 − 5 =