O’zDJTU TALABALARI XALQARO MAYDONLARNI ZABT ETMOQDA

20.01.2020

O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan xalqaro hamkorlik va do‘stona aloqalari tobora rivojlanmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2019-yil 15-noyabrdagi “Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingani bunga yanada keng yo‘l ochdi.

Mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida bir kator ishlar amalga oshirilmoqda.

Universitetning xalqaro jurnalistika fakulteti ikkinchi chet tilini intensiv o‘qitish kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan bugungi kunda talabalarga ingliz, indonez, malay, grek, turk, fransuz, fors, lotin tili kabi o‘ndan ortiq tillarni zamonaviy, ilg‘or pedagogik texnologiyalar orqali samarali o‘qitilmoqda.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus doirasida talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga ham e’tibor qaratilayotir.
Yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy elchixonalar, vakolatxonalar hamda madaniy markazlar bilan hamkorlik yanada yaxshilandi. Yaqinda universitetimizda Hindiston madaniyat markazi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston va Hindiston: bugun va kelajak” mavzusida madaniy uchrashuv tashkil etildi. Unda ishtirok etganlar bugungi kunda Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasida madaniy aloqalar bilan bir qatorda, ilm- fan sohasida ham hamkorlik mustahkamlanib borayotganligini ta’kidladi.
Deli universiteti vitse-prezidenti Kamal Kishar Goyanka Hindistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim hamda akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilarni malaka oshirish va stajirovka o‘tash uchun yuborish, xalqaro konferensiya va seminarlar tashkil etish taklifini bildirdi. Hindiston madaniyat markazi direktori Chandra Shekxar 20 nomdagi hind va ingliz tillaridagi kitob va o‘quv adabiyotlarini topshirdi. Uchrashuv so‘nggida talabalar tomonidan hind va o‘zbek tillarida ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar tashrif buyurgan mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Malayziya elchixonasi tomonidan tashkil etilgan Emcee Audition for Malaysia Festival Week nomli tadbirda nutq ravonligi sharti bo‘yicha universitetimizning 4-bosqich talabasi Ozod Qurbonov faol ishtirok etdi. Pendidikan Sultan Idris universitetida o‘tkazilgan tanlovda qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritgan talabamiz 20 ta davlatdan kelgan ishtirokchilar orasida faxrli birinchi o‘rinni egalladi.

Indoneziyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda 1-kurs talabasi Zebo Mamadiyorova ham ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida bo‘lib o‘tgan final bosqichida qatnashib, birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Albatta, bu yutuqlar o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Professor-o‘qituvchilarining sa’y-harakatlari va tinimsiz izlanishlari natijasida talabalarimiz mana shunday e’tiroflarga sazovor bo‘lmoqda, xalqaro maydonlarni zabt etmoqda.

Dilfuza Teshabayeva,
filologiya fanlari doktori, professor

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

nine + ten =