Joriy yilning 14-fevral sanasida xalqimizning nodir va ardoqli siymolari bo’lmish g’azal mulkining sultoni hazrat Alisher Navoiy tavalludining 579 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 537 yilligi O’zbekiston davlat jahon tillari universitetida keng nishonlandi. Talaba-yoshlar tomonidan ,,Buyuklarni yod etib” deb nomlangan bayram dasturi tashkil etildi.
O’zDJTU rektori G’anisher Raximov bu ikki buyuk siymo ijodi haqidagi fikr-mulohazalari bilan tadbirni ochib berdi.
Tadbir davomida ilmiy tadqiqotlar olib boruvchi olim, filologiya fanlari doktori ustoz Uzoq Jo’raqul, filologiya fanlari doktori, dotsent To’raboyeva Bahora Bahriddinovna hamda universitetning “Jahon adabiyoti” kafedrasi mudiri Xalliyeva Gulnoza Iskandarovnalar yig’ilganlarga bu borada o’zlarining bilim va tajribalari bilan o’rtoqlashdilar.
Tarjimonlik fakulteti talabalari tomonidan o’qilgan dilrabo g’azallar, “Roman-german” fakulteti talabalari tomonidan ijro etilgan sahna ko’rinishlari, mohirlik bilan ijro etilgan mumtoz navolar, ayniqsa, “Quyi kurslar” fakulteti talaba-yoshlari tomonidan mahorat bilan ijro etilgan Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti yoritilgan Pirimqul Qodirovning ,,Yulduzli tunlar» asaridan lavhalar hamda Alisher Navoiy qalamiga mansub Shavq dostoni deb nom olgan ,,Farhod va Shirin» dostonidan parchalar ham davra shukuhiga o’zgacha ruh bag’ishladi. Iqtidorli talabalar ijrosidagi bu kabi ajoyib chiqishlar barchaga birdek manzur bo’ldi.
Maftuna SAMINOVA,
Xalqaro jurnalistika fakulteti,
I bosqich talabasi
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.