O’zDJTUNING SUKUBA VA VAKAYAMA UNIVERSITETLARI BILAN HAMKORLIK ALOQALARI YANGI BOSQICHGA KO’TARILMOQDA

22.11.2019

Sukuba universiteti bilan hamkorlikda O’zDJTU bazasida Qo’shma ilmiy konferensiya o’tkaziladi

Sukuba universiteti Yaponiyaning eng yaxshi 10 ta OTMlaridan biri hisoblanadi. Universitetning eng kuchli yo’nalishlari: «San’at va gumanitar fanlar», «Muhandislik va texnologiya», «Hayot haqidagi fanlar va tibbiyot»,»Tabiiy fanlar», «Ijtimoiy fanlar va menejment», «Fizika», «Kimyo». Ta’lim muassasasi ta’lim sifati bo’yicha eng yaxshi universitetlardan biri sifatida tan olingan va ushbu mezon bo’yicha OTMlar jahon reytingida 300-o’rinda turadi.

Sukuba universiteti faoliyatida ijtimoiy-gumanitar fanlar fakulteti alohida o’rin tutadi, uning xodimlari O’zbekistonning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalaridagi o’zgarishlarni faol o’rganmoqda. Shu munosabat bilan 2019-yil 21-noyabr kuni tashkillashtirilgan O’zDJTU rektori professor G’. X. Raximovning O’zbekiston-Yaponiya munosabatlarini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan ma’ruzasi universitet tadqiqotchilari va talabalarida alohida qiziqish uyg’otdi. Ma’ruza davomida Sukuba universiteti talabalari va o’qituvchilari o’zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniga ega bo’ldilar.

Ma’ruzadan so’ng oliy ta’lim muassasalari o’rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko’tarish yuzasidan muhokamalar bo’lib o’tdi. Sukuba universiteti vakillari (Ijtimoiy va gumanitar fanlar fakulteti dekani janob Y.Takenaka, fakultet dekani o’rinbosari janob S. Aoki, Global aloqa markazi direktori janob T. Usuyama, professor M. Ono, professor T. Dadabayev) hamkorlikni rivojlantirishga, xususan, talabalar va o’qituvchilar almashinuviga, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borishga, konferensiyalar va ko’rgazmalarni tashkil etishga katta qiziqish bildirdilar.

Sukuba universiteti rektori janob K. Nagata va xalqaro aloqalar bo’yicha prorektor janob K. Benton bilan uchrashuvda tomonlar 2020-yilda O’zDJTU bazasida Qo’shma ilmiy konferensiya o’tkazishga va tashkil etilayotgan oliy ta’lim muassasalarining O’zbek-Yapon konsorsiumida Sukuba universitetining ishtirok etishiga kelishib oldilar. Ta’kidlash joizki, ushbu tadbirlar 2019-yilda III O’zbekiston-Yaponiya rektorlari forumi doirasida imzolangan oliy ta’lim muassasalari o’rtasidagi hamkorlik shartnomasi doirasida o’tkazildi.

Uchrashuvda tomonlar bundan buyon ham o’zaro manfaatli ilmiy-tadqiqot va ta’lim sohasidagi hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

Vakayama universiteti bilan hamkorlik shartnomasi imzolanadi

Shu kuni O’zDJTU vakillari Vakayama universiteti rektori janob Chihiro Ito, Global strategiya masalalari bo’yicha prorektor janob Lumbidi Kupani va Turizm tadqiqotlari markazi rahbari Katsu Nakamoto xonim bilan uchrashdilar.

Uchrashuv natijasida erishilgan kelishuvlar asosida oliy ta’lim muassasalari rahbarlari birgalikda O’zDJTUda Vakayama universiteti ofisini ochish, yetakchi yapon ekspertlarini rahbar-tarjimonlarni tayyorlash bo’yicha o’quv dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish jarayoniga jalb etish, talabalar va o’qituvchilar almashinuvi bo’yicha shart-sharoitlar yaratish bo’yicha hamkorlik to’g’risidagi shartnoma imzolanadi.

Shartnomani imzolash joriy yilning dekabr oyida Sukuba universitetining Global strategiya bo’yicha prorektori janob Lumbidi Kupanyi va Turizm sohasidagi tadqiqotlar markazi rahbari Katsu Nakamoto xonimning Toshkent shahriga tashrifi davomida amalga oshirilishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun: Vakayama universiteti Yaponiyaning turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash bo’yicha yetakchi oliy o’quv yurtlaridan biri va bu yo’nalishdagi yetakchi ilmiy-tadqiqot markazi sifatida e’tirof etilgan.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

twelve − 7 =