OʻZBEK TILINI OʻRGANISH PLATFORMASI YARATILDI

16.03.2024

«Vatandoshlar» jamoat fondi tashabbusi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi hamkorligida o‘zbek tili onlayn ta’lim platformasi yaratildi.

Xorijiy tillarni o‘rganishga mo‘ljallangan ko‘pgina platformalar mavjud bo‘lib, aynan o‘zbek tilini o‘rganishga mo‘ljallangan bu kabi yaxlit platforma ilk bor ishlab chiqildi.

Loyiha maqsadi:

Til o‘rganayotgan shaxslarning o‘zbek tili doirasidagi topshiriqlar bilan ishlash: tinglab-tushunish, o‘qish, so‘zlash va yozish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan elektron tizim uchun o‘zbek tilini o‘rganish reja va dasturi, o‘quv-metodik jamlanmasi: lug‘at, grammatik material, turli amaliy va interaktiv mashqlar, test topshiriqlari, audio va video mahsulotlarini yaratish va jahon miqyosida keng joriy etish.

Loyiha vazifalari:

1. Xalqaro til o‘rganish uchun yaratilgan elektron tizim uchun o‘zbek tilini chet tili sifatidagi reja va dasturini tuzish.

2. Xalqaro talablarga javob beradigan va keng doiraga mo‘ljallangan A1 darajasini qamrab oluvchi dastur asosida lug‘at, grammatik material, mashqlar to‘plami, testlar to‘plamini yaratish.

3. Elektron tizimga joylashtirish uchun to‘plangan ma‘lumotlar asosida dars ssenariylarini yozish.

4. Yaratilgan ssenariylar asosida audio va video mahsulotlarini tayyorlab, elektron tizimga joylashtirish.

5. Til o‘rganuvchilarning motivatsiyasini oshirish va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun elektron tizimdagi materiallarni qiziqarli rasm va animatsiyalar bilan boyitish. 6. O‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha yaratilgan kontentni jahon miqyosida keng joriy etish.

Oʻzbek tili onlayn ta’lim platformasiga roʻyxatdan oʻtish.