PREZIDENT SHAVKAT MIRZIYOEV «YASHIL» BELBOG‘ BARPO ETISH DOIRASIDA DARAXT EKISH TADBIRIDA ISHTIROK ETDI

23.11.2024

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-noyabr kuni “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barpo etilayotgan yangi bog‘ga ko‘chat ekdi.

Bugungi asrga kelib tabiat sofligi eng dolzarb masalaga aylandi. Havo va suvning ifloslanishi, tuproq eroziyasi, cho‘llanish, global isish tabiiy muvozanatga va odamlar sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqda. Yurtimizda bu oldindan anglanib, atrof-muhitni asrash choralari ko‘rilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bundan uch yil avval boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi chinakam xalq harakatiga aylandi. Har yili bahor va kuzda daraxt ko‘chatlari ekish an’anasi jonlandi.

Prezidentimizning o‘zi bunda doimo o‘rnak. Avvalgi yillarda Yangi Toshkent, Sergeli, Chilonzor tumanlarida ko‘chatlar eggan edi. Bu yil poytaxtimizning Bektemir tumanida, Toshkent halqa yo‘li bo‘yida yashil hududga asos solindi.

Buning uchun 100 gektar yer ajratilgan bo‘lib, ikki yilda jami 100 ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekiladi. Ularni parvarishlash uchun 3 ta sun’iy suv xavzasi va 12 ta quduq barpo etildi.

Ma’lumki, “Yashil makon” loyihasida shaharlar yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, xususan, ularning atrofida “yashil belbog‘” yaratish maqsadi belgilangan. Halqa yo‘li bo‘yidagi bu hudud Toshkent “yashil belbog‘”ining bir qismi bo‘ladi. Yana bir e’tiborli tomoni, bu yerda tabiiy o‘rmon shakli hosil qilinadi.

Davlatimiz rahbari jamoatchilik vakillari va chet ellik diplomatlar bilan suhbatlashdi, ushbu xayrli tashabbusga hissa qo‘shayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

– Bu an’ana o‘zi bizda bor. Xalqimiz tabiatni “ona” deydi, yerni, suvni e’zozlaydi. Buning zamiridagi haqiqat hozirgi ekologik muammolar ta’sirida yaqqol namoyon bo‘layapti. Shuning uchun “Yashil makon” loyihasini boshladik. Kelgusi yil nomini ham atrof-muhitni asrash masalasiga bag‘ishladik. Endi bu tashabbuslar keng yoyilishi, ayniqsa, yoshlarimizga chuqur singishi zarur. Har bir xonadon, har bir korxona tabiatni asrashga hissa qo‘shishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tadbirni videoaloqa orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar jamoatchiligi ham kuzatdi. U yerlarda ham ko‘chatlar ekildi. Ushbu kuzgi mavsumda “Yashil makon” loyihasi doirasida 80 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan.

Bahorda 138 million dona ko‘chat ekilgan edi. Vazirlik va hokimliklar 257 ta bog‘ barpo qilgan.  Yirik sanoat korxonalari va chiqindi poligonlari atrofiga ham daraxtlar ekilib, “yashil belbog‘”lar tashkil qilinmoqda.

Avtomobil va temir yo‘llari, daryo va kanallarga tutash yerlar daraxt ekish uchun qariyb 10 ming aholi va tadbirkorga ijara shartnomasi asosida ajratib berildi. “Mening bog‘im” loyihasi doirasida g‘olib deb topilgan 215 ta loyiha bo‘yicha bosqichma-bosqich ekish ishlari boshlandi.

Umuman, oxirgi 3-yilda mamlakatimiz bo‘yicha jami 646 million tup ko‘chat va butalar ekilgan. Orolbo‘yida yashil qoplama 2 million gektardan oshgan.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

nine + ten =